Ayol qizlarning maxramlari oldida kiynishi

Assalomu alaykum! Ustozlar, ayol qizlarni maxramlari ya’ni aka-uka va otalari oldida shim futbolka(keng)da yurishi mumkinmi? Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shim ham futbolka ham avratni rangini berkitsada shakli shamoilini berkitolmaydi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: صِنْفَانِ مِنْ أَهْلِ النَّارِ لَمْ أَرَهُمَا: قَوْمٌ مَعَهُمْ سِيَاطٌ كَأَذْنَابِ الْبَقَرِ يَضْرِبُونَ بِهَا النَّاسَ، وَنِسَاءٌ كَاسِيَاتٌ عَارِيَاتٌ مُمِيلَاتٌ مَائِلَاتٌ رُءُوسُهُنَّ كَأَسْنِمَةِ الْبُخْتِ الْمَائِلَةِ، لَا يَدْخُلْنَ الْجَنَّةَ وَلَا يَجِدْنَ رِيحَهَا، وَإِنَّ رِيحَهَا لَيُوجَدُ مِنْ مَسِيرَةِ كَذَا وَكَذَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ahli do‘zaxdan ikki toifasini ko‘rmadim: Bir qavmiki, qo‘llarida sigirning dumiga o‘xshash qamchilari boru ular ila odamlarni ururlar. Bir ayollariki, ular kiyimli yalang‘ochlar, yo‘ldan ozdiruvchilar, yo‘ldan ozuvchilar. Boshlari xuddi tuyaning qiyshaygan o‘rkachiga o‘xshaydi. Ular jannatga kirmaslar va uning hidini ham topmaslar. Albatta, uning hidi buncha va buncha masofadan kelib turur», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam do‘zax ahlining ikki toifasini va ularning nima uchun shunday baxtsizlikka duchor bo‘lganlarini bayon qilmoqdalar.
«Ahli do‘zaxdan ikki toifasini ko‘rmadim»
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bu gaplaridan ushbu rivoyatda vasf qilinadigan kishilar o‘sha vaqtda voqelikda bo‘lmaganlari, balki kelajakda chiqishlari tushuniladi. O‘sha toifadan birinchisi:
«Bir qavmiki, qo‘llarida sigirning dumiga o‘xshash qamchilari boru ular ila odamlarni ururlar».
Bular zaiflarga, o‘z qo‘l ostidagilarga zulm o‘tkazadigan zolimlardir. Darhaqiqat, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bu gaplari yuzaga chiqdi. Odamlarga zulm o‘tkazadiganlar ko‘paydi. Odamlarni anvoyi azoblarga soladiganlar urchidi. Binobarin, shu zulm sababidan do‘zaxga o‘tin bo‘ladigan zolimlar ham ko‘paydi.
O‘sha do‘zax ahllarining ikkinchi toifasi;
«Bir ayollariki, ular kiyimli yalang‘ochlar»
Ya’ni, o‘zlari kiyim kiyib yuradilar-u, aslida yalang‘ochdan farqi yo‘q. Kiyimi kaltaligidan ko‘kraklari, bilaklari, ba’zida oyoqlari yo‘g‘on sonlarigacha ochilib turadi. Shuningdek, kiyimi yupqaligidan kiyim deb atalgan narsaning ostidagi jamiki narsa boshqalarga ko‘rinib turadi. Ular bu qilmishlari ila,
«yo‘ldan ozdiruvchilar»dir
Ana shunday ishlari bilan boshqa ayollarni ham yo‘ldan ozdiradilar. Ayniqsa, yosh qizlarni o‘zlariga ergashtirib, yo‘ldan ozdiradilar.
Shuningdek, ko‘cha-ko‘yda, jamoatchilik joylarida mazkur sharmandali holatda yurib, erkaklarni ham yo‘ldan ozdiradilar. Shilqimlikka, zinoga chorlaydilar. Ular yana o‘zlari ham
«yo‘ldan ozuvchilar»dir
Yo‘ldan ozmagan bo‘lsalar, kiyimli yalang‘och bo‘lib ko‘cha-ko‘yda tentirab yurarmidilar?! Ularning
«boshlari xuddi tuyaning qiyshaygan o‘rkachiga o‘xshaydi».
Chunki «moda» deb boshlariga turli-tuman narsalarni o‘rnatib olgan bo‘ladilar. Shuningdek, faqat boshi emas, o‘sha boshidagi miyalari ham qiyshayib qolgan bo‘lsa ajab emas. Bo‘lmasa, kiyimli yalang‘och bo‘lib, o‘zi ham yo‘ldan ozib, o‘zgalarni ham yo‘ldan ozdirib yurisharmidi?! Ularning bu qilmishlari jazosiz qolmaydi. Bu dunyoda turli-tuman mashaqqatlarga, balo-ofatlarga uchrashlarini tajriba ko‘rsatib turibdi. Ammo u dunyodagisi ochiq-oydin:
«Ular jannatga kirmaslar va uning hidini ham topmaslar».
Ha, unday sharmanda ayollar jannatga kirish u yoqda tursin, unga yaqin ham kela olmaydilar. Hidini ham topa olmasliklari shunga dalolat qiladi. Vaholanki,
«Albatta, uning hidi buncha va buncha masofadan kelib turur»
Ba’zi rivoyatlarda «Qirq yillik masofadan», deyilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bu aytganlari ham yuzaga chiqdi. Ayollar ichida xuddi shu hadisi sharifdagi tasvirga mos keladiganlari ko‘paydi. O‘zini bilib muhtasham, iboli kiyingan ayollar qoloqlikda, madaniyatsizlikda ayblandilar. Ularning ro‘mollari boshlaridan tortib olindi. O‘zlari odobli kiyinganlari uchun turli-tuman qiyinchiliklarga duchor bo‘ldilar.
Ushbu hadisi sharifni yaxshilab tushunib, unga amalni kuchaytirish kerak. Oramizda kishilarga zulm o‘tkazadiganlar, shu sababli do‘zax ahli bo‘ladiganlar yo‘q bo‘lishi uchun kurashmog‘imiz kerak.
Ayol-qizlarimiz ichida kiyimli yalang‘ochlar umuman bo‘lmasligi uchun harakat qilmog‘imiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 05:02 | Savol-javoblar | 157 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar