Chayon chaqsa

Assalomu alaykum! Agar tunda chayon chaksa biron bir odamni uni ogriki bomdod Azonigacha kolmas ekan.boshidan utkanlar shunaka deydi shu rostmi. Azon aytgandan keyin ogriki kolar ekan.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz aytgandek gap yo‘q. عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قاَلَ: لَدَغَتْ رَجُلًا مِنَّا عَقْرَبٌ وَنَحْنُ مَعَ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم، فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ أَرْقِي؟ قَالَ: مَنِ اسْتَطَاعَ مِنْكُمْ أَنْ يَنْفَعَ أَخَاهُ فَلْيَفْعَلْJobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bizdan bir kishini chayon chaqib oldi. O‘shanda biz Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik. Shunda bir kishi:
«Ey Allohning Rasuli, dam solaymi?» dedi.
«Sizdan kim o‘z birodariga naf berishga qodir bo‘lsa, bersin», dedilar u zot».
Sharh: Bundan chayon chaqqanda dam solish joiz ekanligi kelib chiqadi.وَعَنْهُ قَالَ: كَانَ لِي خَالٌ يَرْقِي مِنَ الْعَقْرَبِ، فَجَاءَ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، نَهَيْتَ عَنِ الرُّقَى وَأَنَا أَرْقِي مِنَ الْعَقْرَبِ، فَقَالَ: مَنِ اسْتَطَاعَ مِنْكُمْ أَنْ يَنْفَعَ أَخَاهُ فَلْيَفْعَلْ. رَوَاهُمَا مُسْلِمٌ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Mening bir tog‘am bor edi. Chayon chaqqanda dam solar edi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keldilar.
«Ey Allohning Rasuli, dam solishdan nahiy qildingiz. Men chayon chaqqanda dam solar edim», dedi u.
«Sizdan kim o‘z birodariga naf berishga qodir bo‘lsa, bersin», dedilar u zot».
Ikkisini Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Bu hadisi sharifda ham oldingi ma’no ta’kidlanmoqda. Xo‘sh, zaharli hayvonlar chaqqanda dam solish bor ekan, nimani o‘qib, dam solinadi? Bu savolga javob topish uchun yana hadisi shariflarga murojaat qilamiz.
Imom Buxoriy va imom Muslimlar Abu Sa’iyd al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir guruhi safarga chiqdilar. Arab mahallalaridan biriga tushdilar. Uning ahlidan o‘zlariga ziyofat berishni so‘radilar. Ular ziyofat berishdan bosh tortdilar. Birdan o‘sha mahallaning boshlig‘ini chayon chaqib oldi. Unga har narsa qilib ko‘rishdi. Hech narsa naf bermadi. Shunda ulardan ba’zilari:
«Anavi kelgan qavmning oldiga borsangiz, ehtimol, ularning ba’zisidan biror narsa chiqar», dedi.
Ularning oldilariga borib:
«Ey qavm, boshlig‘imizni chayon chaqib oldi. Unga har narsa qilib ko‘rdik. Hech narsa foyda bermadi. Sizlarning birortangizda bir narsa bormi?» dedilar.
«Bor. Allohga qasamki, men dam solaman. Lekin sizlardan bizni ziyofat qilishni so‘rasak, ziyofat qilmadingiz. Bizga bir narsa atamaguningizcha, dam solmayman», dedi qavmdan bir kishi.
Bir qancha qo‘yga kelishishdi. U «Alhamdu lillahi robbil olamiyn»ni o‘qib, dam sola boshladi. Bemor xuddi bog‘lovi echilgandek, harakatga tushib ketdi. Hech narsa ko‘rmagandek yurib turib:
«Ularga kelishilgan narsani to‘liq qilib beringlar», dedi u o‘z odamlariga. Ba’zilar:
«Bo‘lishib olinglar», deyishdi. Ammo dam solgan kishi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bo‘lgan narsani aytmagunimizcha hech narsa qilmay turinglar. Ko‘raylik-chi, bizlarni nimaga amr qilar ekanlar», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganlarida o‘sha narsani zikr qildilar. Shunda u zot:
«Uning dam solish ekanligini senga kim bildirdi? To‘g‘ri qilibsizlar. Taqsimlab olaveringlar. Menga ham bir ulush beringlar», dedilar».
Ushbu hadisi sharif juda ham mashhur bo‘lib, hozirgi kunlarda ham tez-tez zikr qilib turiladi. U turli narsalarga dalil qilinadi, turli tortishuvlarga sabab qilinadi. Xususan, dam solish va Qur’on o‘qish uchun haq olish masalasidagi tortishuvlarda ikki taraf ham ayni shu hadisni zikr qiladi.
Dam solish tarafdorlari «Ushbu hadis shariatimizda dam solish borligiga dalildir. Sahobiylardan birlari dam soldi, bemor tuzaldi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqdagi xabarni eshitib, tasdiqladilar», deydilar.
Ularga qarshilar esa «Bu hadisi sharifda zikr qilingan holat favqulodda holat. Sahobalar qiyin vaziyatga tushib qolganlarida Alloh taoloning O‘zi ularga osonlikni muhayyo qilgan. Bundan boshqa holatlarga hadisi sharifni umumlashtirib bo‘lmaydi», deyishadi.
«Qur’onga haq olsa bo‘ladi» deydiganlar «Mana, sahobalar Qur’oni Karimni o‘qib, dam solib, haqqiga bir necha qo‘yni oldilar. Bu ishni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ma’qulladilar. Shundan Qur’onga haq olsa joizligi kelib chiqadi», deydilar.
Ularning qarshilari esa «Bu maxsus zamon, makon va shaxslarga xos narsa. Uni umumlashtirib bo‘lmaydi», deydilar.
Ammo ikki taraf ham o‘zlari tortishayotgan masala bo‘yicha faqatgina ushbu hadisi sharif bor emasligi, boshqa dalillar ham ko‘pligini unutib qo‘yadilar.
Misol uchun aytadigan bo‘lsak, hozirgina, ushbu bobning avvalida chayon chaqqanda dam solishga izn beruvchi hadislarni o‘rganib chiqdik.
Ulamolarimiz «Oddiy odamlarning gap-so‘zi kishilarga, jumladan, bemorlarga foyda berishini hamma ko‘rgan, bilgan haqiqatdir. Bas, shunday bo‘lganidan keyin olamlarning Robbisining kalomi foyda bermasmidi», deydilar.
Jismoniy dardlarga dori berilsa, dori ta’sir qiladi, bemorning jismi undan ta’sirlanadi va ularning o‘zaro bir-biri ila bog‘lanishidan xastalik tuzaladi. Xuddi shuningdek, ruhiy xastalikka uchragan shaxsning ruhiga dam soluvchining ruhining ta’siri o‘tadi. Orada o‘zaro bog‘lanish sodir bo‘ladi va Alloh taoloning izni ila bemor tuzaladi.
Shuning uchun dam soluvchi etuk shaxs bo‘lishi muhimdir. Agar dam soluvchi taqvodor, Alloh taologa etishgan, duosi qabul bo‘lishi mujarrab (tajribada ko‘rilgan) odam bo‘lsa, Alloh taoloning izni ila solgan dami foydali bo‘ladi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu xastalarga Fotiha surasini o‘qib dam solsalar, darhol ta’sir qilar ekan. U kishining vafotlaridan keyin boshqalar bu ishni qilsa, avvalgi natija chiqmabdi. Shunda sirdan xabardor kishilar «Fotiha surasi-ku, o‘rnida turibdi, ammo uni o‘qiydigan Umar qani?» degan ekanlar.
Yuqorida zikr qilingan narsalardan «Zaharli hayvonlar chaqqanda faqat dam solish kerak ekan», degan xulosaga kelib qolmaslik kerak.
Bu haqda Ibn Abu Shayba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifni keltiradi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qib turib, sajda qilgan edilar, u zotning panjalarini chayon chaqib oldi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytdilar-da:
«Alloh chayonni la’natlasin! Payg‘ambarni ham, boshqani ham qo‘ymaydi», dedilar.
So‘ngra bir idishda suv bilan tuz keltirishga buyurdilar. Chayon chaqqan joyni o‘sha suv va tuzga soldilar va bosilguncha «Qul huvallohu ahad» bilan ikki «Qul a’uzu»ni o‘qib turdilar».
E’tibor beradigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam avval chayon chaqqan joyga dori-darmon qilib turib, keyin o‘zlari Qur’oni Karim suralarini o‘qiganlar. Demak, har bir odam o‘ziga-o‘zi dam solishi yaxshidir.
Zaharli hayvonlar chaqqanda ularning zaharining issig‘idan chaqilgan joy isiy boshlaydi. Shuning uchun uni sovutishga sovuq suv zarur ekan. Tuzda esa zaharni so‘rish qobiliyati bor ekan. Buni Ibn Sino ham ta’kidlagan.
Ulamolarimiz «Ruhiy muolajalar dardga yo‘liqqandan keyin uni tuzatishga xizmat qilganidek, dam solish ham dardning oldini olishga, u etganda esa zararni kamaytirishga xizmat qiladi», deydilar. Ular o‘zlarining bu gaplariga dalil sifatida bir necha rivoyatlarni ham keltiradilar.
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi:
«Bir odam Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli, kechasi meni bir chayon chaqib olib, ko‘radiganimni ko‘rdim», dedi. Shunda u zot:
«Kech kirganda «A’uzu bikalimatillahi taammaati min sharri maa xalaq» deganingda, senga zarar qilmas edi», dedilar».
Imom Buxoriy va imom Muslim Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon yotar joylariga kirsalar, «Qul huvallohu ahad»ni va ikki «Qul a’uzu»ni o‘qib, kaftlariga dam solar va yuzlariga, badanlarining qo‘l etadigan joylariga surtar edilar». ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 06:45 | Savol-javoblar | 176 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar