Yajuj va Majujlar

Assalomu alaykum! Ustozlar ilmingiz bundanda ziyoda bo‘lsin. Bugun bir videoga ko‘zim tushdi, unda aytilishicha yajuj majujlar qiyomat yaqinlashganda odamlarga xujum   qilishadi deyishgan. Meni bu savolni berishimga sabab bo‘lgan narsa “yajuj majujlar Qur’on va hadislarda ham yozilgan” deyilgani. Agar bular rostan ham mavjud bo‘lsa to‘liqroq ma’lumot bersangizlar. Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Kahf” surasida marhamat qiladi : حَتَّى إِذَا بَلَغَ بَيْنَ السَّدَّيْنِ وَجَدَ مِن دُونِهِمَا قَوْمًا لَّا يَكَادُونَ يَفْقَهُونَ قَوْلًا۝ 93. Nihoyat, ikki tog‘ orasiga etganida, ularning ortida biron gapni anglamaydigan qavmni ko‘rdi. Zulqarnayn borgan ikki tog‘ orasining aniq nomini aytish qiyin. Zotan, Qur’oni Karimning bunday odati ham yo‘q. Ayrim tayin qilganlar ham taxminga asoslanadilar, xolos. Biz uchun muhimi – Zulqarnaynning yana bir tomonni o‘ziga qaratgani, u erda ham bir qavmni topganidir. U qavm gap tushunmaydi. Ehtimol, juda qoloqdir. Ammo Zulqarnaynning shon-shavkatini, askarlari va imkoniyatlarini ko‘rgan haligi qavm undan foyda olishlariga ko‘zlari etdi va undan o‘zlarining hojatlari uchun yordam so‘rashga shoshildilar. قَالُوا يَا ذَا الْقَرْنَيْنِ إِنَّ يَأْجُوجَ وَمَأْجُوجَ مُفْسِدُونَ فِي الْأَرْضِ فَهَلْ نَجْعَلُ لَكَ خَرْجًا عَلَى أَن تَجْعَلَ بَيْنَنَا وَبَيْنَهُمْ سَدًّا۝ 94. Ular: «Ey Zulqarnayn, albatta, Ya’juj va Ma’juj er yuzida buzg‘unchilik qiluvchilardir. Senga xaroj bersak, biz bilan ularning orasida to‘siq qilib berurmisan?» – dedilar. O‘sha ikki tog‘ orasidagi biron gapni anglamaydigan qavm Zulqarnaynga Ya’juj va Ma’jujdan shikoyat etdilar. Ularning er yuzidagi buzg‘unchiliklaridan arz qildilar. «Ular: «Ey Zulqarnayn, albatta, Ya’juj va Ma’juj er yuzida buzg‘unchilik qiluvchilardir...» Ya’juj va Ma’juj haqida ham juda ko‘p gaplar bor. Bu ham taxminiy gaplardan iboratdir. Biz esa o‘z odatimizcha, Qur’oni Karimdagi ma’lumotlar bilan kifoyalanamiz. Shunisi xayrli. «Senga xaroj bersak, biz bilan ularning orasida to‘siq qilib berurmisan?» – dedilar». Mazkur qavm Zulqarnayndan, «Agar xaroj to‘plab bersak, o‘sha Ya’juj va Ma’jujlar bilan bizning oramizga to‘siq qurib berasanmi?» – deb so‘radilar. Shu bilan ularning hujumlaridan, buzg‘unchiliklaridan qutulmoqchi bo‘ldilar. Zulqarnayn ularning bu savoliga odob bilan javob berdi: قَالَ مَا مَكَّنِّي فِيهِ رَبِّي خَيْرٌ فَأَعِينُونِي بِقُوَّةٍ أَجْعَلْ بَيْنَكُمْ وَبَيْنَهُمْ رَدْمًا۝ 95. U: «Robbim menga bergan imkoniyat yaxshidir. Bas, menga kuch ila ko‘mak bering. Siz bilan ularning orasida bir devor qilajakman. Zulqarnayn qavm taklif etgan xaroj pulini olmaslikka qaror qildi. «Menga sizning xarojingizning keragi yo‘q, «Robbim menga bergan imkoniyat yaxshidir». Ya’ni «Alloh taolo menga etarli mol-dunyoni berib qo‘ygan. «Bas, menga kuch ila ko‘mak bering». Ya’ni «Ishchi kuchi bering. O‘sha qurilishda ishlasin», – dedi. «Siz bilan ularning orasida bir devor qilajakman». Biz «devor» deb tarjima qilgan so‘z Qur’oni Karimda «radm» deb kelgan. Bu so‘z ikki narsaning orasiga quriladigan to‘g‘on – to‘siqdan ko‘ra kuchli va kattaroq alohida bir inshoot ma’nosini anglatadi. So‘ngra Zulqarnayn o‘z so‘zida davom etib: آتُونِي زُبَرَ الْحَدِيدِ حَتَّى إِذَا سَاوَى بَيْنَ الصَّدَفَيْنِ قَالَ انفُخُوا حَتَّى إِذَا جَعَلَهُ نَارًا قَالَ آتُونِي أُفْرِغْ عَلَيْهِ قِطْرًا۝ 96. Menga temir parchalarini keltiring», – dedi. Nihoyat, tog‘ning ikki tomonini barobarlashtirganda: «Dam uringlar!» – dedi. Nihoyat, uni (temir uyumini) o‘t-olovga aylantirgach: «Olib kelinglar, ustidan mis quyaman», – dedi. Zulqarnayn mazkur qavm bilan Ya’juj va Ma’juj orasida radm – ulkan va mustahkam to‘siq qura boshladi. Dastlab: «Menga temir parchalarini keltiring», – dedi». Ya’ni odamlarni temir topib kelishga buyurdi. Ular olib kelgan temir parchalarini o‘sha ikki tog‘ orasiga to‘plata boshladi. «Nihoyat, tog‘ning ikki tomonini barobarlashtirganda: «Dam uringlar!» – dedi». Ya’ni temir parchalarini to‘plab-to‘plab, ikki tog‘ orasini to‘ldirdilar. Undan keyin Zulqarnayn bosqonlar bilan dam urib, temirlarni qizitib, eritishga kirishdi. «Nihoyat, uni (temir uyumini) o‘t-olovga aylantirgach: «Olib kelinglar, ustidan mis quyaman», – dedi». Ya’ni ikki tog‘ orasiga to‘plangan temirni bosqonlar bilan dam urib, alangalatib, eritib, olov holiga keltirdilar. Ana shunda Zulqarnayn odamlariga, «Endi eritilgan mis olib kelinglar, olov bo‘lib turgan temir ustidan quyaman», – dedi. Mis aralashgan temir yanada mustahkam bo‘lishi yaqinda kashf etildi. Demak, o‘sha zamonda ham Zulqarnayn Alloh unga bergan ilm orqali bu sirni yaxshi bilgan va juda mustahkam devor qurib, haligi qavmning Ya’juj va Ma’jujning hujumlaridan saqlanishiga yordam bergan. فَمَا اسْطَاعُوا أَن يَظْهَرُوهُ وَمَا اسْتَطَاعُوا لَهُ نَقْبًا۝ 97. Bas, uning ustiga chiqa olmadilar, uni teshib ham o‘ta olmadilar. Ya’ni Ya’juj va Ma’jujlar Zulqarnayn qurgan radm – devor to‘siq ustiga chiqa olmadilar va ular uni teshib ham o‘ta olmadilar. Zulqarnaynga Ya’juj va Ma’jujdan shikoyat qilib, yordam so‘ragan qavmlar omonlikka erishdilar. Zulqarnayn ishni juda ham puxta amalga oshirgan edi. Lekin mo‘min inson bo‘lmish Zulqarnayn o‘zi qurgan bunday ulkan inshoot ila faxrlanmadi. Maqtanib, odamlarga ko‘z-ko‘z ham qilmadi. Balki odob va kamtarlik bilan: قَالَ هَذَا رَحْمَةٌ مِّن رَّبِّي فَإِذَا جَاء وَعْدُ رَبِّي جَعَلَهُ دَكَّاء وَكَانَ وَعْدُ رَبِّي حَقًّا۝ 98. U: «Bu Robbim tarafidan rahmatdir. Agar Robbimning va’dasi kelsa, buni er barobar qilur. Robbimning va’dasi haqdir», – dedi. Bu haqiqiy mo‘minning gapi edi. Haqiqiy mo‘min etti iqlimning podshohi bo‘lib, tarixda hech kimning qo‘lidan kelmagan ishni qilganda ham: «Bu Robbim tarafidan rahmatdir», – deydi. Hech qachon «Men qildim, mendan boshqa odam qila olmas edi», – demaydi. Shu bilan birga, o‘zi qilgan ishning bebaqoligi, Alloh taolo xohlasa, uni bir zumda barbod etishi mumkinligini doimo tan olib yuradi. Shu joyda Zulqarnayn qissasi tugaydi. Qissaning so‘ngida yo‘llari Saddi Zulqarnayn bilan to‘silgan Ya’juj va Ma’jujlar haqida turli gaplar juda ham ko‘p. Ba’zilar: «Ular mo‘g‘ul-tatarlar», – deydilar. Avval bir necha bor takrorlaganimizdek, bu gaplarning hammasi ulamolarning ijtihodlaridir. Ya’juj va Ma’juj haqida «Anbiyo» surasida ham «Nihoyat, Ya’juj va Ma’juj ochilib, ular har bir tepaliklardan shoshilib kelganlarida», degan oyati karima bor. Shuningdek, imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Sufyoni Savriy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutahharalari ummul mo‘miniyn Zaynab binti Jahsh onamiz quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyqularidan yuzlari qizargan hollarida «Arablarning holiga yaqinlashgan yomonlikdan voy bo‘lsin, bugun Ya’juj va Ma’jujning radmi – saddidan mana shuncha ochildi», – deb turdilar, bosh va ko‘rsatkich barmoqlarini xalqa qilib ko‘rsatdilar. Men: – Ey Allohning Rasuli, ichimizda ahli solihlar bo‘la turib, halok bo‘lamizmi? – dedim. U kishi: – Ha, agar yomonlik ko‘paysa, – dedilar». Shuningdek, imom Muslim, imom Termiziy, imom Ibn Moja, imom Ahmad va imom Abu Dovudlarning rivoyatlarida ham Ya’juj va Ma’juj haqida xabarlar kelgan. Aqoid ilmi ulamolarimiz Ya’juj va Ma’juj haqidagi oyati karima va hadisi shariflarni mukammal o‘rganib, quyidagi xulosani aytadilar: «Ya’juj va Ma’juj juda ham ko‘p sonli bir qavm bo‘lib, ularning chiqishlari qiyomatning alomatlaridan biridir. Ular er yuzini fasodga va xarobga to‘ldiradilar. Ularning qachon chiqishini esa Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi». Ushbu gaplardan boshqasi o‘rinsizdir. Zulqarnayn qissasidan ulamolarimiz ko‘plab hikmat va ibratlarni chiqarganlar. Biz esa ushbu qissada inson bu dunyoda kahf egalariga o‘xshab, siyosiy istibdodga, iymon uchun qiyin-qistov va quvg‘in fitnasiga, ikki bog‘ egasiga o‘xshab, molu dunyo, zebu ziynat fitnasiga, Muso alayhissalomga o‘xshab, ilmu ma’rifat fitnasiga uchrashi mumkin bo‘lganidek, hukm va hukmronlik, turli moddiy va ma’naviy ustunlik imkoniyatlari fitnasiga ham uchrashi mumkinligi ko‘rsatilganiga ishora qilmoqchimiz. Ana shunday sinov davrida mo‘min banda Zulqarnayndan o‘rnak olishi lozimligi Qur’on ta’limotidir. Alloh taolo Zulqarnaynga mag‘ribu mashriq va yana boshqa taraflarning saltanatini bersa ham, hovliqib ketmadi. O‘sha erdagi qavmlar ustidan xohlagan hukmini chiqarish ixtiyorini bersa ham, yaxshilarga yaxshilik qilishga, yomonlarni azoblashga qaror qildi. Xohlaganini azoblab, xohlaganini mukofotlamadi. O‘zining ishlarini Allohning lutfi-marhamati ila bo‘lmoqda, deb, to‘g‘ri tushundi. Yurtidagi kishilarni turli yomonliklardan himoya etishga harakat qildi. Keyingi oyatda Zulqarnayn qissasiga xotima yasaladi: وَتَرَكْنَا بَعْضَهُمْ يَوْمَئِذٍ يَمُوجُ فِي بَعْضٍ وَنُفِخَ فِي الصُّورِ فَجَمَعْنَاهُمْ جَمْعًا۝ 99. O‘sha Kuni ularni bir-birlari ila mavj urgan hollarida tark etdik va dudga puflandi. Bas, ularning hammalarini jamladik. Ya’ni «Qiyomat kuni turli millat, qavm va jamoalarga mansub kishilar hayron hollarida mavj uradilar. Dud chalinganda, hammalarini bir joyga to‘pladik». ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 06:45 | Savol-javoblar | 198 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar