Qanday marosimda qaysi oyatlar tilovat qilinadi

Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu.Ba’zi tolibi ilmlar tomonidan va turli suhbatlarda aytilgan suxanlarga ko‘ra turli ma’raka va mahfellarda ulardagi mavzuga qarab, Qur’on oyatlari tilovati ham turlicha bo‘ladi. Ya’ni, misol uchun, tasalliyat uchun boriladigan joyda ko‘proq Qur’ondagi jannat va unig ahli vasfi, mo‘minlarga bashorat kelgan oyatlar tilovat qilinishi matlubligi haqida bir-ikki gaplarni eshitganmiz. Lekin azob haqida va kofirlarga qilmishiga yarasha jazo to‘g‘risida ham, va yana boshqa (Allohga nisbat berilgan sifatlar, qissalar, hukmlar va hokazo) oyatlar ham bor. Shu bilan birga nikoh va ular bilan bog‘liq marosimlarda, boshqa mahfellarda turli tilovatlarni ham eshitamiz. Oyatlarning barchasi ilohiy ekanligini inobatga olgan holda, mahfel mavzusiga qarab ma’lum mavzuli oyatlar tilovat qilinadimi? Yoki bu narsaga e’tibor qilinmaydimi? Iltimos, bu borada bizlarga saboq bersangiz. Vassalamu alaykum va rohmatulloh.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom. Turli yig‘inlarda va majlislarda Qur’on qiroat qilish haqida so‘z yuritgan olimlar aynan shu masalaga alohida to‘xtaladilar. Ular har bir o‘rinda o‘sha majlisga munosib oyatlarni tanlab o‘qishni tavsiya qiladilar. Bu bir jihatdan Qur’oni Karimning jozibasini oshirsa, ikkinchi jihatdan majlisga alohida bir fayz beradi, ma’no taqdim qiladi, tinglovchilarga o‘zgacha bir shavq baxsh etadi. Aks holda esa, natija noma’qul bo‘lib chiqishi mumkin. Misol uchun, to‘yda ta’ziya ma’nosidagi oyatlarni tinglash ularning ma’nosiga e’tibor berib turgan kishilarda tushkun kayfiyat keltirib chiqarishi tabiiy. Vallohu a’lam.

1 May 2022, 13:02 | Savol-javoblar | 155 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar