Hazrati Ali

Assalomu alaykum! Shiyalar e’tiqodiga ko‘ra hazrati payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrati Alini o‘zlariga davomchi qilib tayinlagan ekanlar. Shundan so‘ng “Moida” surasidagi Islomni mukammal din bo‘lgani haqidagi oyat nozil bo‘lgan emish. Lekin men bu internetdan o‘qiganlarimga emas balki siz aziz ustozlardan olgan ma’lumotlarimga ishonaman. Aslida bu oyat nozil bo‘lishidan avval qanday voqea sodir bo‘lgan? Hazrati Alining xalifa bo‘lishlari sabablari qanday? Savolim noo‘rin bo‘lasa uzr!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! «Bugungi kunda kufr keltirganlar diningizga zarar etkazishdan umid uzdilar». Ushbu oyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vidolashuv hajlari paytida tushgan. Bu vaqtga kelib, Islom atrofga yoyilgan, musulmonlarning shavkati oshgan, hamma ularga havas va hurmat bilan qaraydigan bo‘lgan edi. Payg‘ambarimizning umrlari oxirlashib, vidolashuv hajini ado etar edilar. Bu haj Islom g‘alabasining tantanasiga aylanib ketdi. Endi kofir-mushriklarning, Muhammad va unga ergashgan yalangoyoqlarni er yuzidan yo‘qotib yuboramiz, deyishga tillari bormas edi. Aksincha, ularning ko‘plari musulmonlikni qabul qilgan yoki qabul qilish arafasida turar edilar. Qolganlari esa yangi din ravnaqiga hasad bilan qarab turishsa ham, Islomga zarar etkazishdan batamom umidlari uzilgan edi. Ushbu jumlada Alloh taolo mo‘min bandalariga mana shu holatning xabarini bermoqda va: «Ulardan qo‘rqmanglar, Mendan qo‘rqinglar», – deb amr qilmoqda. Ya’ni, «Kofirlar bizdan ustun kelib qolarmikinlar, dinimizga zarar etkazarmikinlar, deb ulardan xavfsirab yurmanglar. Balki mening amrimga zid ishlar qilishdan qo‘rqinglar. Sizlarga zarar shu tufayli kelishi mumkin». «Bugungi kunda sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim». Bu oyat Qur’oni Karimning oxirgi nozil bo‘lgan oyatlaridan biri hisoblanadi. Avval aytilganidek, oyati karima Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vidolashuv hajlarida nozil bo‘lgan. Ushbu oyati karima nozil bo‘lganda hamma sahobalar, dinimiz mukammal bo‘ldi, Alloh bizga ne’matini batamom qilib berdi, Islomni din deb, rozi bo‘ldi, deb cheksiz quvondilar. Ammo hassos qalbli inson, buyuk idrok va aql sohibi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yig‘lar edilar. Bu holni ko‘rgan sahobalar tashvishga tushdilar va: – Senga nima bo‘ldi, ey Umar, nechun yig‘lamoqdasan? – deb so‘radilar. Shunda Hazrati Umar: – Har bir narsa mukammal bo‘lganidan so‘ng unga nuqson etish boshlanadi. Men bu oyatni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlarining yaqinlashganiga belgi deb bilmoqdaman, – dedilar. Bu andisha haqiqat bo‘lib chiqdi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam shu oyat nozil bo‘lganidan sakson bir kun o‘tganidan so‘ng bu dunyoni tark etdilar. Dinning mukammal qilingani, ne’matning batamom etib berilgani va Islomni din deb rozi bo‘lingani to‘g‘risidagi xabar faqat o‘sha zamon musulmonlari yoki umuman, musulmonlar uchungina emas, balki butun insoniyat uchun katta xursandchilik va bashorat edi. Bu ulkan shodlik xabari insoniyat o‘zining uzoq tarixi davomida saodat izlab qilgan harakat va urinishlariga toj kiydirib, go‘zal natija bergan edi. Insoniyatning yaratgan xoliqi Alloh taolo uni asta-sekin tarbiya qilib keldi. Hamma avlodlarga Islomni din qilib bergan bo‘lsa ham, har zamon va makonga o‘ziga xos shariat berdi. Birinchi payg‘ambar Odam Atoga berilgan shariat o‘sha davrdagi sodda hayotga mos va o‘sha vaqt voqe’ligini hisobga olgan sodda shariat edi. Keyingi davrlarda ham Alloh taolo xuddi shu qoida asosida har zamonning, makonning va jamiyatning o‘ziga xos holatlarini e’tiborga olib, shariatlar yuborib turdi. Tabiiyki, keyin kelgan shariat o‘zidan avvalgisidan ko‘ra mukammalroq bo‘lar edi. Avvalgi payg‘ambarlar o‘z qavmlarigagina yuborilar edilar. Ularning payg‘ambarliklari, shariatlari ma’lum muddatga, ma’lum makonga va ma’lum jamiyat yoki qavmga xos edi. Shu tariqa ko‘plab payg‘ambarlar, shariatlar yuborildi. Nihoyat, insoniyat o‘z kamoliga etgan paytda Alloh taolo payg‘ambarlarning oxirgisi bo‘lmish Muhammad alayhissalomga samoviy kitoblarining so‘nggisi Qur’oni Karimni nozil qildi va u orqali jami insoniyat uchun, har zamon va har makonga salohiyati bor Islom shariatini joriy etdi. Bu esa insoniyatga ulug‘ sharaf edi. Ana shu oxirgi shariatning mukammal ta’limi va tatbiqi yigirma uch yil davom etdi. Boshlanishi Makkai Mukarrama yaqinidagi Hiro g‘orida bo‘lgan bo‘lsa, davomi Madinai Munavvara va uning atroflarida, mukammal bo‘lishi vidolashuv hajida – ushbu biz o‘rganayotgan oyatning nozil qilinishi bilandir. Va, nihoyat, Olamlarning Robbi O‘zining mo‘min-musulmon bandalariga: «Bugungi kunda sizga diningizni mukammal qilib berdim», – deb xitob qildi. Ushbu xitob halol-harom, ba’zi hayvonlarni shar’iy yo‘l bilan so‘yish, halol go‘shtlar qay holatda haromga aylanishi masalalariga oid oyati karima ichida kelishining o‘zi e’tiborga sazovordir. Bu hol din degan tushuncha keng tushuncha ekanini, hozirgi ba’zi bir gumrohlarning fikricha, har bir odamning qalbida saqlashi lozim bo‘lgan o‘yi, xayoli va fikri emas, balki inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi shomil tuzum-nizom ekanini ko‘rsatadi. Din o‘zida e’tiqod masalalarini ham, shu bilan birga, odob-axloq, muomala, ma’naviyatlar, ta’lim-tarbiya, iqtisod, siyosat, ijtimoiy masalalar, ibodatlar, halol-harom va boshqa muammolarni ham o‘z ichiga oladi. Mazkur barcha ishlarda shariat hukmiga amal qilganlar Allohning amriga itoat etgan bo‘ladilar. Amal qilmaganlar esa Allohning amriga isyon qilgan bo‘ladilar. Chunki mukammalligi Alloh taolo tomonidan e’lon etilgan shariatdan boshqa tomonga og‘ish uni e’tirof etmaslik bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida kufrga eltadi. Kimki Islom shariatini hayotiga dastur qilib olsa, ilohiy dasturni, barkamol dasturni olgan bo‘ladi. Uning aqiydasi barkamol bo‘ladi. Ma’naviy hayoti barkamol bo‘ladi. Ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqi, iqtisodi, ijtimoiy hayoti, siyosati, turli aloqalari, tuzumlari barkamol bo‘ladi. Ikki dunyodagi baxt-saodati barkamol bo‘ladi. Borliqni yaratgan qodir Alloh insonni ham shu borliq xalifasi etib O‘zi yaratgan. O‘zi yaratgan borliqda O‘zi yaratgan odam qanday dasturga amal qilib yashasa, ikki dunyo saodatiga erishishini ham O‘zi yaxshi biladi. Buyuk yaratuvchi Alloh mukammal qilib qo‘ygan ushbu dinga yurmay, boshqa dinlarni axtarganlar esa men Xudodan ham yaxshi yo‘l topuvchiman, deb da’vo qilgan bo‘ladi. «Sizga ne’matimni batamom qildim». Demak, dinni mukammal qilib berishning o‘zi ulkan va batamom ne’matdir. Islomning ulug‘ ne’mat ekanini musulmon bo‘lganlar biladi. Ayniqsa, avval turli johiliyatlar va ularning tuzumlarini sinab ko‘rib, keyin musulmonlikka o‘tganlar juda yaxshi biladilar. Alloh taolo mo‘min bandalariga mukammal din qilib bergan Islomning batamom ne’mat ekanini yaratgan Xoliqni inkor etib yurgan xudosizlarning fojiali oqibatlarini ko‘rganda yanada yorqinroq tushunib etiladi. Bu haqiqatni xudosizlar dunyo xalqlari boshiga olib kelgan bitmas-tuganmas musibatlarni idrok etganlar yaxshi biladilar. Alloh taolo bandalariga mukammal din qilib bergan Islomning ulug‘ ne’mat ekani molga, daraxtga, insonning jinsiy a’zosiga sig‘inib, zalolatda yurganlarni ko‘rganda bilinadi. Bu ne’matning qadri inson aqliga or hisoblangan turli buzuq aqiydalarning holini ko‘rganda tushuniladi. Mukammal din Islomning bandalarga ulug‘ ilohiy ne’mat ekani axloq-odobdan bexabar, otasini ham tanimaydigan, dunyodagi hech bir razolatdan qaytmaydigan, bezori va jinoyatkor avlodlar etishib chiqqanda bilinadi. Mukammal din Islomning qadri oilalar buzilib, er-xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasidan, jamiyatdagi kishilar orasidan mehru oqibat ko‘tarilib, odamlar bir-birlariga dushmanlik ruhida, behurmatlik ruhida, mehr-shafqatsizlik ruhida shakllanib, ijtimoiy aloqalari buzilib bo‘lgan jamiyatlarning holini ko‘rganda bilinadi. Mukammal din Islomning bandalarga ulug‘ ilohiy ne’mat ekanini iqtisodiy holatlar og‘irlashib, kishilar o‘z mehnati samarasini ko‘ra olmay, davlat yoki mulkdorlardan zulm chekib, bo‘la-chaqasini boqish u yoqda tursin, hatto qornini ham to‘ydira olmay yurganida tushunib etiladi. Shu bilan birga, bir guruh nobakorlar oddiy insonlarning peshona teri bilan topgan mablag‘larini xoh davlat nomi bilan, xoh ish odami nomi bilan turli uslublar ila tortib olib, ayshu ishrat qilib yurganlarini anglab etganlar mukammal din – Islomning, aynan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning shariatlarining ilohiy ne’mat ekanini tushunadilar. Mukammal din – Islomning haqiqiy ilohiy ne’mat ekanini kuchli kuchsizni eb, hamma yoqda zulm urchib, inson o‘z jonini, bo‘lalarini, molu mulkini va obro‘-nomusini himoya qila olmay qolgan jamiyatlarni ko‘rganda tushunib etiladi. Mukammal din bo‘lmish Islomning Alloh taolo tomonidan bandalarga ulug‘ ne’mat qilib berilganini havoyi nafsiga berilgan siyosatchilar xalqlarni bir-biriga urushtirib, qonini to‘kkanlari etmay, butun dunyoni vayron qilish xavfi ostiga olib kelib qo‘yganlarini haqiqiy tushunib etganlar anglaydilar. Agar insoniyat bu ne’matning qadriga etganida edi, uni qabul qilib, o‘rgangan va hayotiga tatbiq etganida edi, dunyoda hech qanday muammo qolmagan bo‘lar edi. «Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim». Alloh taolo insoniyatga amal qilish uchun faqat bitta dinni – Islomni yuborgan. Bundan boshqa hech bir dinga rozi emas. Shu boisdan ham boshqa dinlar Uning dargohida qabul emas. Alloh taoloning bu xitobi musulmon bandalari uchun ulkan sharafdir. Alloh taoloning katta inoyatidir. Shu bilan birga, bu inoyat musulmonlar zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Avvalo, musulmonlar Islomga to‘liq amal qilishlarini, qolaversa, o‘zlariga nasib etgan ulug‘ ne’matni butun dunyo xalqlariga ham tarqatishlarini vazifa etib yuklaydi. Mukammal din – Islom bandalarga Allohning ulkan ne’mati ekanini insofli g‘ayrimusulmon shaxslar ham har doim anglab kelganlar. Ulamolarimiz o‘z kitoblarida ishonchli manbalardan rivoyat qilishlaricha, yahudiylar hazrati Umari Odil roziyallohu anhuning huzurlariga kelib: – Sizlarning kitobingizda bir oyat bor, agar shu oyat biz yahudiylarga nozil bo‘lganida edi, o‘sha oyat nozil bo‘lgan kunni o‘zimizga bayram qilib olar edik, – degan ekanlar. Hazrati Umar roziyallohu anhu: – Qaysi oyatni aytmoqchisizlar? – deb so‘rabdilar. Yahudiylar: – «Bugungi kunda Men sizga diningizni mukammal qilib berdim» oyatini, – deyishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu: – Biz u kunni bir emas, ikki bayram qilganmiz: ham juma – haftalik bayram, ham qurbon iydi – yillik bayram, – degan ekanlar. Mazkur ulkan haqiqat bayon qilingach, oyatda yana avvalgi mavzuga qaytiladi: «Kimki gunohga moyil bo‘lmagan holida qattiq ochlikda majbur bo‘lib qolsa, albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir». Bu uslub ham Qur’oni Karimning o‘ziga xos ilohiy uslubidir. Qarang, halol-harom masalasini bayon qilish jarayonida, orada qisqa iboralar orqali bir olam ma’noni o‘zida mujassam etuvchi haqiqatlar ifodalanmoqda. Yuqoridagi hukmlarda ayrim holatlardagi go‘shtlarning harom ekani ta’kidlangan edi. Oxirgi jumlada esa istisno tariqasida muztarlik (zaruratlik) holatida hukm nima bo‘lishi o‘rgatilmoqda. Ya’ni, deylik, inson ochlikdan muztar bo‘ldi – qiyin holga tushib qoldi, egani ovqati yo‘q, faqat harom qilingan go‘shtlar bor, xolos. Bular harom, deb ulardan iste’mol qilmasa, halok bo‘ladi. Nima qilish kerak? Mana shunday holda, gunohga moyil bo‘lmagan holda, ya’ni o‘zini halokatdan saqlab qoladigan miqdorda o‘sha harom narsadan iste’mol qilsa bo‘ladi. Nochorlikdan qilingan bu ish uchun Alloh uni iqob qilmaydi. Zotan, Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir. (“Moida” surasi 3-oyat “Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 13:46 | Savol-javoblar | 186 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar