Firavnning ismi

Assalomu alaykum! Bilishimcha, Muso alayhissalom bilan tortishgan fir’avnning ismi Valid ibn Mus’ab bo‘lib, u kofirlardan ekan. Undan keyingi fir’avnlar haqida nima deyish mumkin?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! O‘sha davrlardagi Misr podshohlariga nisbatan fir’avn so‘zi ishlatilgani tarixdan ma’lum.
Muso alayhissalom davrlaridagi fir’avnning ismi ajnabiy kitoblarda Ramses II, otasining ismi Seti I, deyiladi.
Islom ulamolarining ko‘pchiligi uning ismini Valid ibn Mus’ab deb yozadilar.
Sababi, “Ramses” qibtiy so‘z bo‘lib, “Ra” – qadimgi misrliklar sig‘ingan “Quyosh ilohi”ning nomi, “mses” esa “o‘g‘li, bolasi, farzandi” demakdir.
Ulamolarimiz Islom e’tiqodidan kelib chiqib, bu ismni ishlatmay, uni tarjima qilishni ma’qul ko‘rganlar va tarjimada birinchi qismini tark etib, ikkinchi qismini qoldirganlar. Arab tilida “Valid” so‘zi “bola, o‘g‘il, farzand, qul” ma’nolarida ishlatilgani uchun ham aynan mana shu so‘zni tanlaganlar.
Otasining ismi “Seti” ham qibtiy so‘z bo‘lib, qadimgi misrliklarning e’tiqodicha, “Set” yovuzlik ilohining nomi, “i” qo‘shimchasi nisbat harfidir. Shunda, buning ma’nosi “Set ilohiga atalgan” bo‘ladi.
Qadimgi misrliklar “Set” ilohini boshi tuya yoki itning boshiga o‘xshab ketadigan erkak kishining timsolida tasvirlashgan ekan.
Ulamolarimiz bu ismni ham arab tiliga o‘girishib, buning ma’nosiga eng yaqin bo‘lgan “mus’ab” – “minilmagan, ishlatilmagan, yuk ortilmagan, arqonga ham bog‘lanmagan erkak tuya” ma’nosidagi so‘zni ishlatganlar. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 15:14 | Savol-javoblar | 224 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar