Old qator

Assalomu alaykum! Ko‘pchilik jamoatning oldi qatorida namoz o‘qishni xush ko‘radi. Buning kanday hikmati bor? Bu savolni izlash xizmatidan topa olmadim uzr.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: بَيْنَمَا رَجُلٌ يَمْشِي بِطَرِيقٍ وَجَدَ غُصْنَ شَوْكٍ عَلَى الطَّرِيقِ فَأَخَّرَهُ، فَشَكَرَ اللهُ لَهُ فَغَفَرَ لَهُ، ثُمَّ قَالَ: الشُّهَدَاءُ خَمْسٌ: الْمَطْعُونُ، وَالْمَبْطُونُ، وَالْغَرِيقُ، وَصَاحِبُ الْهَدْمِ، وَالشَّهِيدُ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَقَالَ: لَوْ يَعْلَمُ النَّاسُ مَا فِي النِّدَاءِ وَالصَّفِّ الْأَوَّلِ ثُمَّ لَمْ يَجِدُوا إِلَّا أَنْ يَسْتَهِمُوا عَلَيْهِ لَاسْتَهَمُوا، وَلَوْ يَعْلَمُونَ مَا فِي التَّهْجِيرِ لَاسْتَبَقُوا إِلَيْهِ، وَلَوْ يَعْلَمُونَ مَا فِي الْعَتَمَةِ وَالصُّبْحِ لَأَتَوْهُمَا وَلَوْ حَبْوًا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bir odam yo‘lda yurib ketayotib, tikanli shoxni ko‘rib qolibdi va uni yo‘ldan olib tashlabdi. Bas, Alloh unga shukr aytibdi va uni mag‘firat qilibdi», dedilar. So‘ngra u zot: «Shahidlar beshtadir: vaboda o‘lgan, qorin kasalligi bilan o‘lgan, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan, qulagan narsaning ostida qolib o‘lgan va Allohning yo‘lida shahid bo‘lganlar», dedilar. Yana: «Agar odamlar azonda va birinchi safda nima borligini bilganlarida, so‘ngra unga qur’a tashlashdan boshqa iloj topa olmaganlarida, albatta, qur’a tashlagan bo‘lar edilar. Agar issiq vaqtda namozga borishda nima borligini bilganlarida, kimo‘zarga borar edilar. Agar Xufton va Bomdod namozlarida nima borligini bilganlarida, ularga emaklab bo‘lsa ham kelar edilar», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan. Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlarni bir necha fazilatli, savobli ishlarga targ‘ib qilmoqdalar: 1. Yo‘ldagi ko‘pchilikka ozor beradigan narsani olib tashlash. Bu masalani iymonning sho‘’balarini o‘rganish faslida batafsil ko‘rib chiqqanmiz. Hadisi sharif o‘tgan ummatlardan bir kishi yo‘lda yotgan tikanli shoxni olib tashlab, yo‘lovchilarni ozordan saqlaganligi uchun Alloh unga O‘z rahmatini yuborib, gunohlarini mag‘firat qilganligi haqidagi rivoyat bilan boshlanmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu bilan, agar siz ham shu narsani qilsangiz, o‘sha darajaga erishasiz, demoqchilar. 2. «Shahidlar beshtadir»: a) «Vaboda o‘lgan». Bir yurtga vabo tarqalsa-yu, u erdagi odam Islomda vabo tarqalgan joydan boshqa joyga chiqib bo‘lmaydi, deb o‘sha erda sabr qilib turib, o‘lsa, shahid bo‘ladi. Chunki u odam dinimiz hukmiga amal qildi va vaboning boshqa tomonlarga tarqalmasligi uchun hissa qo‘shdi. b) «Qorin kasalligi bilan o‘lgan». Bu ham o‘limning kishi afsus qiladigan darajadagi bir turidir. Xususan, o‘sha vaqtlarda bu dardga nisbatan alohida e’tibor bilan qaralgan bo‘lishi mumkin. v) «Suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan». Bu ham to‘satdan va fojiali ravishda keladigan o‘lim ekanligi hammaga ma’lum. Shuning uchun ham bunday o‘lim topgan odam shahid hukmida bo‘ladi. g) «Qulagan narsaning ostida qolib o‘lgan». O‘sha vaqtlarda yiqilgan devorning ostida qolib o‘lish holatlari ko‘p bo‘lgan. Bu o‘lim ham cho‘kib o‘lish kabi to‘satdan va fojiali bo‘lganligi uchun bunday o‘lim topgan odamga ham shahidlik hukmi berilgan. d) «Allohning yo‘lida shahid bo‘lganlar». Bular dushmanlarga qarshi Islom yo‘lidagi jangda halok bo‘lgan kishilardir. Haqiqiy shahidlar shular ekanligi hammaga ma’lum. 3. Azonga javob berish va jamoat namozida birinchi safda turish o‘ta fazilatli ish ekanligi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu va bundan keyin keladigan ishlarga beriladigan savobning miqdori yoki hajmi haqida raqam yoki ba’zi bir o‘xshatishlarni ishlatmayaptilar. Ularning qanchalik ekanligini Alloh taoloning O‘zi biladi. Lekin hadisda agar o‘sha narsalarga beriladigan savobning haqiqatini bandalar bilib qolsalar, nima qilishlari vasf etilmoqda. «Agar odamlar azonda va birinchi safda nima borligini bilganlarida, so‘ngra qur’a tashlashdan boshqa iloj topa olmaganlarida, albatta, qur’a tashlagan bo‘lar edilar». Odatda odamlar ichida biror narsaga nihoyatda katta qiziqish bo‘lganda, o‘sha narsaga erishishni hamma barobar istaganda ish qur’a tashlash yo‘li bilan hal qilinadi. Azon va jamoat namozida birinchi safda turish ana shunday katta qiziqish bilan talpinishimiz lozim bo‘lgan ishlardan ekan. Har bir musulmon bor imkonini ishga solib, hatto qur’a tashlab bo‘lsa ham bu narsaga erishishga harakat qilmog‘i lozim. 4. «Agar issiq vaqtda namozga borishda nima borligini bilganlarida, kimo‘zarga borar edilar». Bu namozdan maqsad Peshin namozidir. Chunki u eng issiq paytda o‘qiladi. Demak, bu namozni jamoat bilan o‘qish ham ulug‘ savobga sabab bo‘lar ekan. Agar odamlar bu namozni jamoat bilan o‘qigan odam uchun beriladigan savobning haqiqatini anglab etsalar, unga boshqalardan oldinroq borib, o‘sha savobga erishishga intilar ekanlar. 5. «Agar Xufton va Bomdod namozlarida nima borligini bilganlarida, ularga emaklab bo‘lsa ham kelar edilar». Bu vasf ham mazkur ikki namozni jamoat bilan o‘qigan kishilarga beriladigan savobning naqadar ulkan ekanligini ko‘rsatib turibdi. Demak, har birimiz namozlarni jamoat bilan o‘qishga, jamoat namozida birinchi safda turishga harakat qilishimiz lozim. وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: خَيْرُ صُفُوفِ الرِّجَالِ أَوَّلُهَا وَشَرُّهَا آخِرُهَا، وَخَيْرُ صُفُوفِ النِّسَاءِ آخِرُهَا وَشَرُّهَا أَوَّلُهَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Erkaklar safining eng yaxshisi birinchisidir, eng yomoni oxirgisidir. Ayollarning eng yaxshi safi oxirgisidir, eng yomoni avvalgisidir», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Sharh: Erkaklarning birinchi safining afzal bo‘lishi imomga yaqinligi uchundir. Birinchi safdagi odam imomning holini aniq ko‘rib, ovozini tiniq eshitib turadi. Ilohiy rahmatga ham boshqalarga nisbatan oldinroq erishadi. Chunki mazkur rahmat avval imomga, so‘ngra birinchi safga nozil bo‘ladi. Alloh taolo va farishtalar ham oldin birinchi safdagi namozxonlarga salovot aytadilar. Erkaklar safining oxirgisi saflarning eng yomoni bo‘lishi uning imomdan uzoq bo‘lganligi uchundir. Ayollar safining eng yomoni avvalgisi bo‘lishi esa erkaklarga yaqin bo‘lganligi uchundir. Ayollarning eng yaxshi safi eng oxirgisi bo‘lishi bu saf erkaklardan uzoq bo‘lganligi uchundir. Shuning uchun erkaklar birinchi safdan joy olishga harakat qilishlari lozim. عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: فُضِّلْنَا عَلَى النَّاسِ بِثَلَاثٍ؛ جُعِلَتْ صُفُوفُنَا كَصُفُوفِ الْمَلَائِكَةِ، وَجُعِلَتْ لَنَا الْأَرْضُ كُلُّهَا مَسْجِدًا، وَجُعِلَتْ تُرْبَتُهَا لَنَا طَهُورًا إِذَا لَمْ نَجِدِ الْمَاءَ، وَذَكَرَ خَصْلَةً أُخْرَى. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Biz odamlardan uch narsada afzal qilindik: saflarimiz farishtalarning safidek qilindi. Erning hammasi bizga masjid qilindi va suv topa olmaganimizda uning tuprog‘i biz uchun poklovchi qilindi», dedilar va yana bir xislatni aytdilar». Muslim va Nasaiy rivoyat qilganlar. Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hadisi sharifda Alloh taolo Islom ummatini uch narsa bilan boshqa ummatlardan afzal qilganining xabarini bermoqdalar: 1. «Saflarimiz farishtalarning safidek qilindi». Ya’ni, jamoat namozlaridagi saflarimiz darajada va sharafda farishtalarning saflaridek qilindi. Boshqa dinlarda bunday imkoniyat yo‘q. Saflarning birinchisi yana ham afzal bo‘ladi. 2. «Erning hammasi bizga masjid qilindi va suv topa olmaganimizda uning tuprog‘i biz uchun poklovchi qilindi». Bu masala «Tayammum» bobida batafsil o‘rganilgan. 3. Rivoyat egasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zikr qilgan uchinchi xislatni esidan chiqarib qo‘ygan ekan. Ammo imom Nasaiy keltirgan boshqa bir rivoyatda: «Baqara» surasining oxiridagi ushbu oyatlar menga Arshning ostidagi xazinadan berildi. Ular mendan oldin hech kimga berilmagan, mendan keyin ham hech kimga berilmaydi», deyiladi. عَنِ الْبَرَاءِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِنَّ اللهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى الَّذِينَ يَصِلُونَ الصُّفُوفَ الْأُوَلَ، وَمَا مِنْ خَطْوَةٍ أَحَبَّ إِلَى اللهِ مِنْ خُطْوَةٍ يَمْشِيهَا الْعَبْدُ يَصِلُ بِهَا صَفًّا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh taolo va Uning farishtalari birinchi saflarni to‘ldiruvchilarga salovot aytadilar. Alloh taolo uchun bandaning safni to‘ldirish uchun bosgan qadamidan ko‘ra mahbubroq qadam yo‘qdir», dedilar». Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar. Sharh: Salovot Alloh taolo tomonidan bo‘lsa rahmatdir, farishtalar tomonidan bo‘lsa, istig‘fordir. Ya’ni Alloh taolo bir bandasiga salovot aytsa, unga rahmat ato etgan bo‘ladi. Farishtalarning salovoti esa bu bandaning haqqiga istig‘for aytish bo‘ladi. Jamoat namozining birinchi safida namoz o‘qishga bundan ortiq targ‘ib bo‘lmasa kerak. Har bir musulmon bu fazlga erishishga harakat qilmog‘i lozim. عَنِ الْعِرْبَاضِ بْنِ سَارِيَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم كَانَ يُصَلِّي عَلَى الصَّفِّ الْأَوَّلِ ثَلَاثًا وَعَلَى الثَّانِي وَاحِدَةً. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَالْحاَكِمُ وَصَحَّحَهُ Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam birinchi safga uch marta, ikkinchi safga bir marta salovot aytar edilar». Nasaiy rivoyat qilgan. Hokim sahih, degan. Sharh: Salovot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bo‘lsa, duodir. Demak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam birinchi va ikkinchi safda namoz o‘qiganlar haqqiga duo qilganlar. Keyingi safda qolganlar esa u zotning duolariga musharraf bo‘la olmaganlar. Shuning uchun ham doimo birinchi yoki ikkinchi safda bo‘lishga harakat qilaverish zarur. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 15:25 | Savol-javoblar | 178 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar