1827-savol yuzasidan

Assalomu alaykum! 1827-savol ya’ni makruh va irmlar haqidagi savolga bergan javobingizda qon olgan va oldirgan kishining ham ro‘zasi ochilishi haqida yozilgan. Men tibbiyot xodimasiman va ro‘zador bo‘lgan vaqtimda ham ish yuzasidan qon olishimga to‘g‘ri kelgan. Demak shuncha vaqt tutgan ro‘zam hisobga o‘tmaganmi?  Agar noto‘g‘ri tushingan bo‘lsam uzr so‘rayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! U hadisdagi qon oluvchi hijoma uslubida qon oluvchidir. Qon oldirish uchun kelgan odamga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: أفطر الحاجم والمحجوم “Qon olguvchining ham, qon oldirganning ham ro‘zasi ochiladi”, degan ekanlar. Buni Imom Ahmad va to‘rtta sunan sohiblari (Termiziy, Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Mojja) rivoyat qilganlar. Imom Abu Dovud va Ibn Abi Laylo rivoyat qilgan hadisi sharifdan Payg‘ambarimiz alayhissalom ro‘zada qon oldirishdan qaytargan ekanlar. Bu erdagi qon olganning ro‘zasi buzilishiga sabab, bir paytlar qon oluvchi kishi qon olish uchun qonni maxsus asbob yordamida og‘zi bilan so‘rib olar edi. Qon ichga kirib ketish xavfi bo‘lganidan bu hadisi sharifda uning ham ro‘zasi buzilishi aytilmoqda. Aslida, bu hadisi shariflar mansux bo‘lgan! Uni nasx qilgan hadisi sharifni Imom Buxoriy hazratlari Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar: احتجم النبى صلى الله عليه وسلم وهو صائم “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ro‘zador hollarida qon oldirdilar”. Doraqutniy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, eng birinchi ro‘zada qon oldirishni karih ko‘rgan zot Ja’far ibn Abi Tolib roziyallohu anhu bo‘lgan ekanlar. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ralganda, ul zoti sharif ro‘zador uchun qon oldirishga ruxsat berganlar. Shunga binoan Anas roziyallohu anhu ro‘zador bo‘lsalar-da, qon oldiraverar ekanlar. Imom Doraqutniyning bu hadislarining roviylarining barchasi ishonchli kishilar bo‘lgan. Shuning uchun bizning mazhabimizda ro‘zador odam qon oldirishi mumkin bo‘ladi. Bu bilan uning ro‘zasi ochilmaydi. Qon oldirish xoh teri ostidan bo‘lsin, xoh tomirdan qon olgan bo‘lsin, farqi yo‘q. Demak, zuluk yordamida bo‘lsin, igna yordamida bo‘lsin, qon oldirish mumkin. Biroq, boshqa mazhablarning ham rioyasini qilib, iloji boricha, kechda qon oldirgan ma’qul. Chunki, “Fatovoyi Tatorxoniya”da agar zaiflik yuz beradigan bo‘lsa, qon oldirishni makruh deyilgan, yaxshisi, shomdan so‘ng oldirsin, deb buyurilgan. Shuni ta’kiblash lozimki, bu erdagi qon olishdan maqsad maxsus qon oldirish orqali bo‘ladigan muolajadir. Hozirgi paytdagi tahlil uchun olinadigan qonlar mutlaqo joizdir. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 19:27 | Savol-javoblar | 170 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar