Qiyomat kuni hayvonlarning holi niima bo‘ladi?

Assalomu alaykum! Qiyomat kunida hayvonlar, qurt qumursqalar ham savol javob qilinadimi, hayvonlarning haqlarini ham olib beriladimi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadislarda kelishicha, qiyomat kuni hammaning hisob-kitobi bo‘lar ekan. Bu dunyoda zulm o‘tkazgan hayvonlardan mazlum hayvonlarga o‘ch olib berilganidan so‘ng, ularning barchasi tuproqqa aylantirilar ekan. Buni ko‘rib, do‘zax azobidan xoru zor bo‘lib turgan do‘zaxiylar «Koshki edi, hayvonlarga o‘xshab, tuproq bo‘lib ketsam», deb orzu qilar ekanlar. Lekin bu orzu hech qachon ushalmaydi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَتُؤَدَّنَّ الْحُقُوقُ إِلَى أَهْلِهَا يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُقَادَ لِلشَّاةِ الْجَلْحَاءِ مِنَ الشَّاةِ الْقَرْنَاءِ. رَوَاهُمَا مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, qiyomat kuni haqlarni o‘z ahliga ado qilursiz. Hattoki, shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yga o‘ch olib beriladi», dedilar».
Ikkisini Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu dunyoda ba’zi bir yomonlar o‘z yomonligining ba’zisining jazosidan qutulib qolishi mumkin. Ammo qiyomat kuni hech bir haq zoe bo‘lmaydi. Har bir narsa o‘z o‘rnini topishi muqarrar. Bunda faqat odamlar orasidagi haq-huquqlargina emas, balki barcha maxluqotlar orasidagi haq-huquqlar ham o‘z egasini topadilar.
Hattoki, bu dunyoda o‘zining shoxi borligidan foydalanib, shoxsiz qo‘yni suzgan qo‘ydan ham o‘ch olinadi. Bas, shunday ekan, odam bolalari ham o‘zlarining «shox»larini ishga solib, o‘zgalarning haqqini poymol qilishga urina ko‘rmasinlar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

2 May 2022, 07:25 | Savol-javoblar | 165 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar