Homiladorlikda qilinadigan marosimlar

Assalomu alaykum! Odatda ayollar homilador vaqtlarida 3-5-7-oyida qaynona yoki onalarimiz tomonlaridan MOMA IS degan marosim qiladilar. Homilador ayolda homila tushish ehtimoli bo‘lsa o‘sha moma ayolga etaklarini orqa tomonidan ip bilan tiktirib oladilar. Bu ikki amalni man o‘zim fikrimda shirk amal deb hisoblab bu ish noto‘g‘ri qilish mumkin emas desam onam to‘g‘ri qilish kerak deydilar. Shu masalada to‘g‘ri yo‘lni sizlardan so‘rashni maqul ko‘rdim. Shu ikki xolatda qilganlari to‘g‘rimi? Shirk amalga kiradimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bularning hammasi dinimizda yo‘q va qoralangan ishlar. Aqiydada har bir yaxshilik va yomonlikni Allohdan deb bilish buyurilgan. Bo‘ladigan yoki bo‘lgan ishlarni Allohdan emas, boshqadan deb bilish shirk amal hisoblanadi.  Uyizdagilarga quyidagi oyatni tushuntirib qo‘ying. Alloh taolo "Yunus" surasida marhamat qiladi:  وَإِن يَمْسَسْكَ اللّهُ بِضُرٍّ فَلاَ كَاشِفَ لَهُ إِلاَّ هُوَ وَإِن يُرِدْكَ بِخَيْرٍ فَلاَ رَآدَّ لِفَضْلِهِ يُصَيبُ بِهِ مَن يَشَاء مِنْ عِبَادِهِ وَهُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ۝ 107. Agar Alloh seni zarar ila tutsa, Undan o‘zga o‘shanga kushoyish beruvchi yo‘qdir. Agar U senga yaxshilikni iroda qilsa, Uning fazlini rad qiluvchi ham yo‘qdir. Uni bandalaridan xohlaganiga etkazur. U o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.
Bandaga foyda yoki zarar etishi Allohning irodasi bilangina bo‘ladi. Ha,
«Agar Alloh seni zarar ila tutsa, Undan o‘zga o‘shanga kushoyish beruvchi yo‘qdir».
Borliqning yagona Xoliqi, Qodiru Molik Zot bir bandani zarar ila tutsa, u ojiz bandaga kim ham yordam berib, mushkuliga kushoyish ato qila olar edi?! Shuningdek,
«Agar U senga yaxshilikni iroda qilsa, Uning fazlini rad qiluvchi ham yo‘qdir».
Alloh yaxshilik keltiradigan ishlarni qilganlarga yaxshilik, yomonlik keltiradigan ishlarni qilganlarga yomonlik etkazishni iroda etgandir. Alloh bandalari ichidan O‘zi xohlaganlarini fazliga erishtiradi. Bu orada bandalardan ba’zi gunohlar sodir bo‘lsa-yu, tavba qilsalar, Alloh ularni mag‘firat etadi. Ularga rahm ko‘rsatadi.
«U o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
U mag‘firat qiluvchi va rahmli Zotdir.
Ey oxirzamon Payg‘ambari!  قُلْ يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءكُمُ الْحَقُّ مِن رَّبِّكُمْ فَمَنِ اهْتَدَى فَإِنَّمَا يَهْتَدِي لِنَفْسِهِ وَمَن ضَلَّ فَإِنَّمَا يَضِلُّ عَلَيْهَا وَمَا أَنَاْ عَلَيْكُم بِوَكِيلٍ۝ 108. Sen: «Ey odamlar! Batahqiq, sizga Robbingizdan haq keldi. Bas, kim hidoyatga yursa, o‘zi uchun hidoyat topadir. Kim zalolatga ketsa, o‘z zarariga zalolat topadir. Men sizlarning ustingizdan qo‘riqchi emasman», – deb ayt. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).  Vallohu a’lam!

2 May 2022, 08:39 | Savol-javoblar | 148 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar