Qon chiqsa tahorat ketmaydi deyuvchilar

Assalomu alaykum! Hozirgi soxta salafiylar “Umar roziyallohu anhuga ohirida pichoq tiqishganda u zot namozda davom etavergan” deb qon chiqsa ham tahorat sinmaydi deyishmoqda. Qon tahoratni sinishi borasida bizning mazhabda nimalar deyilgan? Umar roziyallohu anhu nega namozni davom ettirgani haqida ham ma’lumot bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bekorlarni aytibdi. Hazrati Umar roziyallohu anhu namozlarini o‘sha vaqtni o‘zida to‘xtatganlar. Ikki sahobiylardan birlari g‘azotda qo‘riqchilik qilayotib navbatdan-navbatdan uyg‘oq bo‘lishgan. Uyg‘oq bo‘lgani vaqtni g‘animat bilib namozni boshlagan. Shunda musulmonlardan alamzada bo‘lgan bir mushrik poylab kelib o‘sha sahobiyga o‘q otgan. U kishi namozni to‘xtatmay davom ettirgan. Yana ikkinchi o‘qni ham otgan, shunda ham namozini to‘xtatmadi. Uchinchi o‘qni ham otganidan so‘ng qon oqib, vazifasini ado qilolmaslikdan qo‘rqqach namozini tugatib sherigini uyg‘otdi. Qon chiqsa tahoratni sindirmasligiga boshqa mazhabdagilar shu hadisni dalil qilishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu voqe’ani bilganliklari yoki eshitganliklari haqida birorta joyda hadislar kelmagan. Qon chiqsa tahorat sinmaydi degan zotlar badan yoki kiyimga dirhamchalik(piyolani ketichalik) qon tegsa namoz o‘qish joiz emas deb aytganlar. Uchta o‘q sanchilib badani yoki kiyimiga o‘shancha qonni tegmasligi muhol ish hisoblanadi. Vaholanki hadisning davomida esa yonidagi sherigi ustidagi qonni ko‘rib “Nega birinchi bor otganida meni uyg‘otmading” deb aytganlar. O‘sha qon chiqsa tahorat ketmaydigan deganlardan “Namoz o‘qiganda burni qonab ketsa ham tahorat sinmaydimi” deb so‘rab ko‘ring. Salafiy birodarlarimizning ishlariga ham xayron qolasiz. Chet elda o‘qib yurgan paytlarimizda shofe’iy, molik mazhabdagi talabalardan ularning yurtlarida salafiy nima fitna chiqarishlarini so‘rasak u erlarda hanafiylarning masalalarini bayon qilishar ekan. Ularda ominni jahriy aytganligi, rofi’yadaynlar qilingani uchun hanafiylarni ziddiga o‘sha ishlarni qiladigan salafiylar u erdagilarni ziddiga hanafiy mazhabining amallarini bajarishar ekan. Tahoratni qon chiqishi sindirish yoki sindirmaslik to‘g‘risidagi masala hadislarni o‘rganib chiqish, qaysi biri rojih va qaysi biri marjuhligini bilish bizgacha qolgan masala emas. Hozirgi davrdagilarni qo‘lidan ham kelmaydi. Bir ikki shayxlar qilib ko‘rishgan edi orqasidan tanoquzotlari yozilgan kitoblar ko‘payib ketdi. Bunday paytda eng to‘g‘ri yo‘l ummatni ijtihodiy masalalarda zalolatga chiqarmasdan kim qaysi mazhabni ushlagan bo‘lsa o‘z holicha qo‘yib berishdir. U birodarlarmiz ham avvaldan shofe’iy mazhabini ushlaganlarida biz ham hech narsa demagan bo‘lar edik. Vallohu a’lam!

2 May 2022, 14:55 | Savol-javoblar | 265 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar