Kitob o‘g‘risi

Assalomu alaykum! Savolim quyidagicha: men sovg‘a qilish uchun Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining "Din - nasihatdir" kitoblarini sotib oldim va sovg‘ani berish kuniga qadar o‘zim ishlaydigan tashkilotga, ko‘pchilik ko‘radigan joydagi kitoblarim orasiga qo‘ydim(kitoblarni yashirib qo‘yishga imkoniyat yo‘q). Biroq, kitobni sovg‘a qilgunimga qadar mazkur kitob mendan so‘roqsiz kimningdir tomonidan olib ketilibdi. Topishning imkoni bo‘lmadi. To‘g‘risini aytsam, juda jahlim chiqdi, aslini olganda, shu kitobni sovg‘a qilishni va’da qilgandim. Qidirgan do‘konlarimda kitobni boshqa topa olmadim. Shunda bir tanishim: kitob o‘g‘risi o‘g‘ri emas deb aytdi. Men bu fikr bilan kelishmadim. Aytingchi, bu fikr to‘g‘rimi? Kitob o‘g‘risining hukmi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! “Kitob o‘g‘risi o‘g‘ri emas” degan gap shariatimizda kufr so‘z hisoblanadi. Chunki kitob ham birovning mulki so‘ramasdan olish o‘g‘irlik, o‘g‘irlikni esa Alloh taolo Qur’oni karimda harom qilgan. Qur’oni karimda harom qilingan narsani halol deyish kufr hisoblanadi. Shuning uchun “Bug‘doy o‘g‘risi kofir emas, somon o‘g‘risi kofir” deyilgan. Chunki bug‘doy o‘g‘risi o‘g‘irlik qilayotganida “Allohim men o‘g‘irlik qilayapman O‘zing kechir” deb o‘g‘irlik qiladi. Somon o‘g‘risi esa “Bu arzimas narsa o‘g‘irlikka  kirmaydi” deb o‘ziga o‘shani halol sanab o‘g‘irlaydi. O‘sha tanishingiz qattiq tavba qilsin. Vallohu a’lam!

2 May 2022, 21:39 | Savol-javoblar | 179 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar