Er-xotin munosabati

Assalomu alaykum! Avvalom bor sizlarga katta rahmat, juda ko‘p savollarimizga javob olyapmiz. Savolim shuki, ayol o‘z eriga yolg‘on gapirsa, gap qaytarsa, barchasi yuzakidek tuyulsa qanday yo‘l tutish kerak? Oldindan katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Zamonamizning mujaddidlaridan bo‘lgan Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh “Oiladagi kelishmovchiliklarni bartaraf qilish” nomli kitobida “Er-xotinning o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sunnatlarga amal qilmaganlikdan kelib chiqadi. Erkak ishdan qaytganda eshikdan kirayotib, اللهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ خَيْرَ الْمَوْلِجِ وَخَيْرَ الْمَخْرَجِ بِاسْمِ اللهِ وَلَجْنَا وَبِاسْمِ اللهِ خَرَجْنَا وَعَلَى اللهِ رَبِّنَا تَوَكَّلْنَا «Allohumma inniy as`aluka xoyral mavlaji va xoyral maxraji, bismillahi valajna va bismillahi xorojna va ’alallohi robbina tavakkalna» (Ey Rabbim, Sendan kirishning ham, chiqishning ham yaxshisini so‘rayman. Allohning ismi bilan kirdik. Allohning ismi bilan chiqdik. Rabbimiz Allohga tavakkal qildik), deb aytib, so‘ngra ahliga salom bersin», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari. وروينا في "كتاب الترمذي" عن أنس رضي الله عنه قال: قال لي رسول الله صلى الله عليه وسلم: "يا بني إذا دخلت على أهلك، فسلم يكن بركة عليك وعلى أهل بيتك" قال الترمذي: حديث حسن صحيح Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey o‘g‘ilcham, uyingga kirsang, salom berib kir. Bu ishing o‘zingga va ahli ayolingga baraka keltiradi», dedilar». Imom Termiziy rivoyatlari. عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا دَخَلَ الرَّجُلُ بَيْتَهُ فَذَكَرَ اللهَ عِنْدَ دُخُولِهِ وَعِنْدَ طَعَامِهِ، قَالَ الشَّيْطَانُ: لَا مَبِيتَ لَكُمْ وَلَا عَشَاءَ. وَإِذَا دَخَلَ فَلَمْ يَذْكُرِ اللهَ عِنْدَ دُخُولِهِ، قَالَ الشَّيْطَانُ: أَدْرَكْتُمُ الْمَبِيتَ. وَإِذَا لَمْ يَذْكُرِ اللهَ عِنْدَ طَعَامِهِ، قَالَ: أَدْرَكْتُمُ الْمَبِيتَ وَالْعَشَاءَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘z uyiga kirayotgan kishi kirish paytida va taomi paytida Allohni zikr qilsa, shayton (o‘z askarlariga) «Sizlarga yotoq ham, kechki taom ham yo‘q», deydi. U uyiga kirsa-yu, kirish paytida Allohni zikr qilmasa, shayton «Yotoqqa etishdingiz», deydi. Agar taomi paytida Allohni zikr qilmasa, «Yotoqqa ham, kechki taomga ham etishdingiz», deydi», dedilar». Muslim, Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar. Ushbu amal sunnat bo‘lib, shu zikrning o‘zi bilan janjalning asosiy sababchisi bo‘lgan shayton o‘rtaga tusholmay qoladi. Erkak ishdan kelganida ayol har qanday ishini qo‘yib istiqboliga chiqishi, tabassum ila kutib olishi mo‘mina onalarimizning sunnatlari bo‘lgan. Erkak uyga kirib eshikni yopganida ko‘cha va ishxonadagi hamma muammoni tashqarida qoldirishi shart. O‘zi charchab eri bilan ko‘nglini yozmoqchi bo‘lgan ayolga muammolarni izhor qilmasligi, yukini yuklamasligi shart. Hadisda “Er kishi ayoliga tabassum bilan qarasa ayol ham eriga tabassum bilan qarasa Alloh taolo ham ularga tabassum ila nazar qiladi” deyilgan. Allohning tabassum ila nazar qilishidan murod ularga O‘z rahmatini yog‘dirishidir. Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 07:28 | Savol-javoblar | 162 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar