Agar mezon engil kelsa

Assalomu alaykum Hurmatli Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Hazratlari. Quyidagicha savolim bor edi.Alloh Taolo Furqon surasida: Kimning mezonlari og‘ir kelsa, bas, ana o‘shalar, o‘zlar najot topguvchilardir.Kimning mezoni engil kelsa, bas, ana o‘shalar, o‘zlariga ziyon qilibdilar. Jahannamda abadiy qolguvchi bo‘libdilar, degan.(102,103 oyat mazmuni) O‘zi iymon keltirgan bo‘lsayu, lekin hayotida itoatsiz, fosiq holida o‘tgan insonlarning mezon tarozilari birgina " shahodat kalimasi" bilan og‘ir kelishi mumkinmi? Alloh rozi bo‘lsin.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Avvalo, siz keltirgan oyati karimalar “Furqon” surasida emas, “Mo‘minuun” surasida.Siz so‘ragan savol mavzuni to‘g‘ri tushunmaganlik yuzasidan chiqadi. E’tibor berish kerak, bu kabi nozik gaplarda har bir so‘z va harf o‘z o‘rnida tushunilishi kerak.Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: «Kim, «Laa ilaha illallohu», desa-yu, qalbida arpa donasi vaznicha iymoni bo‘lsa, do‘zaxdan chiqadi. Kim, «Laa ilaha illallohu» desa-yu, qalbida bug‘doy doni vaznicha iymoni bo‘lsa, do‘zaxdan chiqadi. Kim «Laa ilaha illallohu» desa-yu, qalbida zarra vaznicha iymon bo‘lsa, do‘zaxdan chiqadi», dedilar. Abu Sa’id:«Kim shak qilsa «Albatta, Alloh zarra misqolicha zulm qilmas», oyatini tilovat qilsin», dedi».Hadisda «do‘zaxdan chiqadi» deyilmoqda, «torozusi og‘ir keladi», deyilgani yo‘q.«Aqiydatut Tohaviya» talxiysi sharhida quyidagilar aytiladi:«Bas, qalbida zarracha iymoni bor odam do‘zaxda qolmaydi. Balki, kim «Laa ilaha illallohu»ni aytsa, do‘zaxda boqiy qolmaydi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shu ma’no aytilgan». Mazkur kitobda yana quyidagilar aytiladi:“Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlaridan bo‘lgan gunohi kabira ahllari, agar muvahhid-tavhidga ishongan holda o‘lsalar garchi tavba qiluvchi bo‘lmasalar ham, Allohga U zotni tanigan hollarida ro‘baru bo‘lganlaridan keyin do‘zaxda bardavom qolmaslar. Ular Allohning xohishi va hukmidadirlar. Agar xohlasa, ularni mag‘firat qiladi va o‘z fazli ila afv etadi. Alloh ¤z kitobida: «Va undan boshqani xohlagan kimsa uchun mag‘firat qiladi», (Niso: 48) degan. Agar xohlasa, ularni o‘z adli ila azoblaydi. So‘ngra ularni o‘z rahmati, ahli toatning shafoati ila u erdan chiqaradi. Keyin esa, jannatiga yuboradi. Bu, Alloh taolo ¤z ahli ma’rifatini do‘st tutgani uchundir. Ularni ikki dunyoda ¤zini inkor qiluvchilar Uning hidoyatidan noumid bo‘lganlar va do‘stligiga sazovar bo‘lmaganlarga o‘xshatmagani uchundir. Ey bor Xudoyo, ey Islom va Uning ahli do‘sti, bizni Islomda sobit qil, toki senga u bilan ro‘baro‘ bo‘laylik. Sharh: Agar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatidan bo‘lgan gunohi kabira qilgan odam tavhidga e’tiqod qilgan holida o‘lsa, do‘zaxda bardavom qolmas. Ya’ni, do‘zaxda abadiy azoblanmas. Garchi o‘limidan oldin qilgan gunohi kabirasiga tavba qilmagan bo‘lsa ham. Ammo, Robbisiga ro‘baro‘ bo‘lganda iymonli bo‘lgan odamlar, Alloh taoloning xohishi va hukmi ostidadirlar. Agar U zot xohlasa ularni mag‘firat qilib, O‘z fazli ila afv etadi. Agar xohlasa ularni do‘zaxda azoblaydi. Bu esa, Uning adlidandir. So‘ngra ularni o‘z rahmati ila shafoatsiz yoki ahli toatining shafoatlari ila do‘zaxdan chiqardi. Gunohkorlar birovni shafoat qila olmaydilar. Mag‘firat va shafoatdan keyin esa, ularni jannatga yuboradi. Buning sababi Alloh taolo iymon ahlini yaxshi ko‘rganidandir. Ularni ikki dunyoda kofirlarga o‘xshatmaganidandir. Chunki, kofirlar Allohning hidoyatidan noumid bo‘lgan. U zotning muhabbatiga sazovor bo‘lmaganlardir. Muallifning «Do‘zaxda bardavom bo‘lmaslar» deganidan, xavorijlarning, gunohi kabira qilganlar do‘zaxda bardavom qolurlar, degan gaplari botil ekani bilinadi».

3 May 2022, 03:13 | Savol-javoblar | 154 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar