Chil Qof

Assalomu alaykum! Anchadan beri betobman va shifokorlar bunday kasallik miyadan ekanligi va uni faqat ishonch va iroda bilan engish mumkinligini aytishdi. Bir tanishim “Chil qof” o‘qitsa yaxshi deb maslahat berdi. Shu narsaga Islomda ruxsat berilganmi? Nima maslahat berasizlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! To‘rt narsadan g‘aflatda qolmang! Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rohimahulloh aytadi: «To‘rt narsadan g‘aflatda qolgan to‘rt kishiga hayronman: Birinchisi g‘am-g‘ussaga botgan odam. U qanday qilib Yunus alayhissalomning Qur’onda kelgan, «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, innii kuntu minaz-zolimiyn» (Sendan o‘zga iloh yo‘q, Seni poklab yod etaman! Men o‘zimga zulm qilib qo‘ydim) degan duosidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Biz uning duosini ijobat qildik va g‘am-g‘ussadan najot berdik» demoqda-ku! (Anbiyo surasi, 87, 88-oyatlar) Ikkinchisi katta zarar etgan odam. U qanday qilib Ayyub alayhissalomning Qur’onda kelgan, «Innii, massaniyad-durru, va anta arhamur-rohimiyn» (Menga og‘ir zarar etdi. Ammo Sen rahm qiluvchilarning eng rahmlisisan) degan duosidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Biz uning duosini ijobat qildik va unga etgan zararni ketkazdik» demoqda-ku! (Anbiyo surasi, 83, 84-oyatlar) Uchinchisi dahshatga tushgan odam. U qanday qilib Nabiy sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlarning «Hasbunalloh va ni’mal-vakil!» (Bizga Allohning O‘zi kifoya, U Zot qanday yaxshi vakil!) degan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Ular Allohning ne’mati va fazli ila qaytdilar, ularga aslo zarar etmadi» demoqda-ku! (Oli Imron surasi, 173, 174-oyatlar) To‘rtinchisi odamlarning makriga aldangan kishi. U qanday qilib Muso alayhissalomning Qur’ondagi «Va ufavvidu amrii ilalloh. Innalloha basiyrun bil’ibaad» (Ishimni Allohga topshirdim. Albatta, Alloh bandalarni ko‘rib turuvchidir) degan so‘zidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Alloh uni ularning yomon makridan saqladi» demoqda-ku? (G‘ofir surasi, 44, 45-oyatlar). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 07:28 | Savol-javoblar | 182 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar