(Nahl surasi 35-oyati:) Shirk keltirganlar: << Agar Alloh xohlaganida,biz

Savol: (Nahl surasi 35-oyati:) Shirk keltirganlar: << Agar Alloh xohlaganida,biz ham ,ota-bobolarimiz ham Undan o‘zga hech narsaga ibodat qilmas edik hamda Uning hukmisiz biron narsani harom qilmagan bo‘lar edik >>, dedilar.Ulardan oldingilar ham shunday qilganlar. Payg‘ambarlar zimmasida faqat ochiq-oydin etkazish bor, xolos.___ bu oyatni sharhlab bersangiz?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- «Shirk keltirganlar: «Agar Alloh xohlaganida, biz ham, ota-bobolarimiz ham undan o‘zga hech narsaga ibodat qilmas edik hamda uning hukmisiz biron narsani harom qilmagan bo‘lar edik», dedilar. Ulardan oldingilar ham shunday qilganlar. Payg‘ambarlar zimmasida faqat ochiq-oydin etkazish bor, xolos».Mushriklar gunoh ishni qilib qo‘yib, «Hammasi Allohning irodasi bilan bo‘lyapti» degan bahona, da’vo bilan qutulmoqchi bo‘ladilar. Da’volariga ko‘ra, agar ular ham, ularning ota-bobolari ham shirk keltirgan bo‘lsalar, Allohning xohishi ila shirk keltirganlar. Alloh halol qilgan ba’zi bir narsalarni harom degan bo‘lsalar, Allohning irodasi bilan deganlar. Uning xohish-irodasi bo‘lmaganida, ular shirk ham keltirmas, halol narsalarni harom ham qilmas edilar:«Shirk keltirganlar: «Agar Alloh xohlaganida, biz ham, ota-bobolarimiz ham undan o‘zga hech narsaga ibodat qilmas edik hamda uning hukmisiz biron narsani harom qilmagan bo‘lar edik», dedilar». Bu noma’qul ishni faqatgina Makka mushriklari qilayotganlari yo‘q:«Ulardan oldingilar ham shunday qilganlar».Bu kabi tushunish Allohning xohishi va irodasini noto‘g‘ri talqin qilishdir. Agar ularning da’volari to‘g‘ri bo‘lsa, Alloh insonga bergan eng muhim xususiyat, ya’ni aqlni ishlatib yaxshi narsani ixtiyor qilish xususiyati behudaga chiqar edi. Alloh taolo hech qachon bandalariga shirkni ham, halolni haromga chiqarishni ham ravo ko‘rmaydi. Bu ma’no Qur’onda qayta-qayta ta’kidlangan.Alloh taolo insonni hidoyatga ham, zalolatga ham qobiliyatli qilib yaratdi. So‘ngra, xohlagan yo‘lini tanlashni ixtiyoriga havola etdi. Shunga yarasha ularga aql va sezgi a’zolarini berdi. Shuning-dek, Payg‘ambarlar yubordi, kitoblar nozil qildi va shariatlar joriy etdi.«Payg‘ambarlar zimmasida faqat ochiq-oydin etkazish bor, xolos.»Ular hech kimni majburlamaydi, urmaydi, so‘kmaydi. Ularning vazifasi shirinsuxanlik bilan Allohning ta’limotlarini bandalariga ochiq-oydin etkazish, xolos. Ular Allohga sig‘inishga va unga shirk keltirmaslikka targ‘ib qiladilar. Agar mushriklar da’vo etganidek, shirk ham, halolni harom qilish ham Allohning xohish-irodasi ila bo‘ladigan bo‘lsa, Payg‘ambar yuborishning nima foydasi bor?

3 May 2022, 05:24 | Savol-javoblar | 153 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar