Saxarlik hamda iftorlikdagi duolar

Assalomu alaykum! Hurmatli ahli ilm, qimmatli vaqtingizni olganim uchun ma’zur tuting iltimos. Bir erdan o‘qib qoldim hozirda barcha musulmonlar saxarlik va iftorlikdagi Navaytu va Allohumma laka sumtu kabi duolarni o‘qishga ko‘rsatma yo‘q ekan. Aslida xam shundaymi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Aslida ibodatni dildan niyat qilinadi. Hozirgi kunda odamlarning xayoli parishon bo‘lgani uchun ulamolar tilida ham biroz eslab qo‘ysa deyishgan. Chunki ko‘rishidan tuppa tuzuk odamlarning ko‘pchiligi ham vasvasaga chalinishgan. Shunga bir muolaja sifatida aytilgan. Aslida sunnat ro‘za tutishni qalbdan niyat qilish, boshqa amallarda ham shunday. Masalan namozda ham. Iftorlikka kelsa bizdagi kishilar og‘izni ochmasdan turib “Laka sumtu” deb duo qilishadi. Aslida esa “Bismillah” deb og‘iz ochilib, iftorlik qilinadi. Nafsi orom olgach xuddi namozni o‘qib bo‘lganidan keyin qilinadigan duo kabi o‘sha duoni qilinadi. Shunda o‘sha duodagi “Sen uchun ro‘za tutdim va bergan rizqinga iftorlik qildim”ning ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa duolar ham sobit bo‘lgan. Ushbularni o‘qish sunnat. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا أَفْطَرَ قَالَ: ذَهَبَ الظَّمَأُ وَابْتَلَّتِ الْعُرُوقُ وَثَبَتَ الْأَجْرُ إِنْ شَاءَ اللهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon iftor qilsalar:
«Zahabaz zomau va batallatil uruqu va sabatal ajru, inshaalloh»
(«Gunoh ketdi, tomirlar ho‘llandi va inshaalloh, ajr sobit bo‘ldi»), der edilar».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Iftor paytida qilingan duo to‘siqsiz qabul bo‘lishi ma’lum va mashhur. Ushbu va undan keyin keladigan rivoyatlardagi duolar og‘iz ochishda o‘qiladigan duolaridir. Ulardan birini yodlab olib, og‘iz ochish paytida o‘qishga odatlanilsa, juda ham yaxshi bo‘ladi. وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا أَفْطَرَ قَالَ: اللَّهُمَّ لَكَ صُمْتُ وَعَلَى رِزْقِكَ أَفْطَرْتُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالطَّبَرَانِيُّ وَلَفْظُهُ: بِسْمِ اللهِ اللَّهُمَّ لَكَ صُمْتُ وَعَلَى رِزْقِكَ أَفْطَرْتُ «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon iftor qilsalar:
«Allohumma! Laka sumtu va ’alaa rizqika aftortu» («Allohim, Sen uchun ro‘za tutdim va Sen bergan rizq ila iftor qildim»), der edilar».
Abu Dovud va Tobaroniy rivoyat qilganlar.
Tobaroniyning lafzida:
«Bismillah. Allohumma! Laka sumtu va ’alaa rizqika aftortu» («Bismillah. Allohim, Sen uchun ro‘za tutdim va Sen bergan rizq ila iftor qildim»), deyilgan. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Og‘iz ochishdan oldin kutib o‘tirganda inson xohlagan narsasini duo qilib so‘rashi mumkin. Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:14 | Савол-жавоблар | 218 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar