Muxri nubuvvat haqida

Assalomu alaykum! Men bir inson bilan tortishib qoldim. U bir yosh bolada payg‘ambarlik muxrini ko‘rdim dedi. Men unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dan keyin payg‘ambar bo‘lmaydi, bunga iymon keltirmaslik shirk dedim. U esa u Allohni mujizasi uni shirk demang dedi. Muxri nubuvat payg‘ambarlarda buladiku shundaymi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! To‘g‘ri. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin qaytib payg‘ambarlik yo‘q. U ko‘rgan hol bo‘lishi mumkin, lekin payg‘ambarlik muhri bo‘lishi mumkin emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni eng oxirgi payg‘ambar deb e’tiqod qilishimiz shart. Aks holda iymondan chiqiladi. Alloh taolo “Ahzob” surasida marhamat qiladi:  مَّا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَا أَحَدٍ مِّن رِّجَالِكُمْ وَلَكِن رَّسُولَ اللَّهِ وَخَاتَمَ النَّبِيِّينَ وَكَانَ اللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمًا۝ 40. Muhammad sizlardan bironta erkakning otasi bo‘lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va nabiylarning so‘nggisidir. Alloh har bir narsani o‘ta biluvchidir.
Ey odamlar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Zaynabga uylangani uchun, «Muhammad o‘z o‘g‘lining xotiniga uylandi», deb bo‘hton qilmanglar. Chunki
«Muhammad sizlardan bironta erkakning otasi bo‘lgan emas».
Jumladan, Zaynabni taloq qilgan Zayd ibn Horisaning ham otasi bo‘lgan emas. Zaydning otasi Horisa ibn Shurhabiyldir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Zayd taloq qilgan Zaynabga Allohning amri ila, johiliyat hukmini botil qilish uchun uylandilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning johiliyat hukmi bo‘yicha Zaydni asrab olishlari ham Alloh iroda etgan hikmat ila shu odatni yo‘q qilish uchun bo‘lgan edi. Hech qachon u zotga Zayd o‘g‘il bo‘lgan emas. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga hech kim o‘g‘il bo‘lgan emas. Ul zot esa hech kimingizga ota bo‘lgan emas.
«Lekin Allohning Rasuli va nabiylarning so‘nggisidir».
Lekin Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning hamma uchun yuborgan Rasulidir. Ul zot payg‘ambarlarning so‘nggisidir, undan keyin hech bir payg‘ambar kelmas.
«Alloh har bir narsani o‘ta biluvchidir».
Ana o‘sha o‘ta bilishi asosida tasarruf qiladi. Ushbu masalada ham ana o‘sha bilimi ila tasarruf qildi. Ehtimol, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘il farzandlari turmagani ham hikmatlidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadiyja onamizdan Qosim, Toyyib, Tohir ismli o‘g‘illar ko‘rganlar, ammo ularning hammasi kichiklik paytlarida vafot etgan. Maryam Qibtiyadan Ibrohim ismli farzand ko‘rganlar, u emizikli paytida vafot etgan. Xadiyja onamizdan to‘rtta qizlari bo‘lgan: Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum va Fotima onamiz. Ulardan uchtasi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan oldin dunyodan o‘tganlar. Faqat Fotima onamizgina u zot sollallohu alayhi vasallamdan olti oy keyin vafot etganlar.
Payg‘ambarlarning so‘nggisi bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallamga farzand bobida mazkur holatning joriy qilinishi Alloh taoloning hikmatidandir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng Rasul ham, Nabiy ham kelmasligi aniq. Kim bunga xilof e’tiqod qilsa, kofir bo‘ladi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanliklarining xabarini bergan ushbu oyati karimani tasdiqlovchi ko‘plab hadisi shariflar ham vorid bo‘lgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Ubay ibn Ka’bdan, u kishi o‘z otalaridan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytadilar:
«Mening misolim shuki, xuddi bir odam go‘zal va mukammal hovli-joy qurib, undan birgina g‘ishtni qo‘ymay, o‘rnini ochiq qoldirgan, odamlar binoni aylanib ko‘rib, undan ajablanib, so‘ngra: «Agar mana shu erga ham g‘isht qo‘yilganda edi», – deydilar, men nabiylar ichida o‘sha joyga qo‘yilgan g‘ishtman».
Imom Ahmad ibn Hanbal Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, men Allohning nazdida nabiylarning so‘nggisidirman», – deganlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 09:56 | Савол-жавоблар | 192 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar