Jumadul avval oyida qaysi kunlarida ro‘za tutish

Alloh sabr toqat bersa ro‘za tutmoqchiman. Jumadul avval oyida qaysi kunlarida ro‘za tutish joiz. Har yangi oyning birinchi 3 kuni tutish joizmi? Iltimos sizdan qaysi oyda , qaysi kuni ro‘za tutishni tushintirib bersangiz?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ixtiyoriy tutiladigan nafl ro‘zalarga birma-bir targ‘ib qilganlar. 1. Muharram oyida Ashura kuni ro‘zasi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘raldi: “Ramazondan keyin eng afzal ro‘za qaysi?”. Ul zoti sharif dedilar: “Allohning oyidurki, uni sizlar Muharram deysizlar”. Imom Ahmad, Muslim va Abu Dovud rivoyati. Muharram oyining ushbu o‘ninchi kunida ro‘za tutish bir yillik sag‘ira gunohlarga kafforat bo‘lishi bashorat qilingan. Payg‘ambarimiz va sahobalarda mazkur kunga bir kun qo‘shish, xususan, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutish sunnat bo‘lib qolgan. 2. Zulhijja oyining o‘n kunlik ro‘zasi. Bu haqda Imom Buxoriy va Termiziydan boshqa muhaddislar rivoyat qilgan sahih hadisi sharifda Payg‘ambarimiz mana bundoq degan ekanlar: عن قتادة رضى الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "صوم يوم عرفة يكفر سنتين، ماضية ومستقبلة، وصوم يوم عاشوراء يكفر سنة ماضية “Arafa kunining ro‘zasi ikki yillik (sag‘ira gunohlarga) kafforat bo‘ladi: o‘tgan va kelasi yilga. Ashura kunining ro‘zasi esa o‘tgan yilga kafforat bo‘ladi”. Zulhijja oyining bu kunlarida ro‘za tutish jihoddan ham afzal ekanligi sahih hadisi shariflarda bayon etilgan. Molikiylar tomonidan Tarviya kuni, ya’ni Zulhijjaning sakkizinchi kuni bir yillik sag‘ira gunohlarga kafforatligi aytilgan. Ammo, Arafot maydonida turgan hojilarga zaiflashib qolish ehtimoli bo‘lgani uchun ro‘za tutish tavsiya qilinmagan. Ibn Umar raziyallohu anhuning aytishiga qaraganda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham, chahoriyori kirom ham haj qilgan vaqtlarida o‘sha kunlari ro‘za tutmagan ekanlar. 3. Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish. Imom Muslim, Termiziy, Abu Dovud, Ibn Mojjalar Abu Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida hayit ertasidan tutish boshlanadigan ushb olti kunlik ro‘za haqida Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qilganlar: من صام رمضان ثمّ أتبعه ستا من شوال فكانما صام الدهر “Kimki Ramazon ro‘zasini tutsa, so‘ng unga Shavvoldan olti kunni ergashtirib ro‘za tutsa, xuddi yil bo‘yi ro‘za tutgandek savob bo‘lur”. Yil bo‘yi ro‘za tutganlikning hikmati shuki, har bir amalga o‘ntadan savob berilishi ma’lum. Ramazonning o‘ttiz kuni uch yuz kunga teng, Shavvolning olti kuni oltmish kunga teng bo‘ladi. Qolgan besh kun esa ro‘za tutish makruh bo‘lgan kunlar – hayit va tashriq kunlari hisobiga chiqib ketadi. 4. Sha’bon oyida ro‘za tutish. Janobi Rasulullohning odati shariflaridan biri shu ediki, Sha’bon oyining ko‘prog‘ida ro‘za tutar edilar. Bu haqda ul zoti sharifdan Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu so‘ragan ekan. Shunda Onhazrat sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday bir oyki, odamlar undan g‘ofildirlar. Rajab va Ramazonning o‘rtasida keladi. U oyda olamlar rabbisi huzuriga amallar ko‘tariladi. Shunday ekan, men ro‘za holimda amallarim ko‘tarilishini yaxshi ko‘raman-da!”. Abu Dovud va Nasoiylar rivoyat qilgan. Muhaddis Ibn Xuzayma uni sahih degan. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Imron raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech bo‘lmaganda Sha’bonda ikki kun ro‘za tutish kerakligini ta’kidlaganlar. 5. Dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutish. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari shu ikki kunda ko‘p ro‘za tutib o‘rnak ko‘rsatganlar. Shu haqda so‘ralganda ul zoti sharif: “Albatta amallar har dushanba va payshanba kunlari arz qilinadi. Bas, (shu kunlarda ro‘za tutsa), Alloh taolo har bir musulmonni mag‘firat qiladi. Faqat bir-biridan qochib yuradigan qarindoshlarni mag‘firat qilmagay”. Boshqa o‘rinda esa ul zoti sharif dushanba kuni tug‘ilganlari va dushanba kuni Payg‘ambarlik vahiysi ilk bora kelgani, shuning uchun shukronasiga o‘sha kuni ro‘za tutishini yaxshi ko‘rishlarini aytganlar. 6. Har oyning o‘rtasida ro‘za tutish. Bu kunlar “ayyom al-biyz” deb ataladi. Ya’ni, “oppoq kunlar” degani. Chunki, bu vaqtda oyning yog‘dusi eng kuchli bo‘ladigan kunlardir. Abu Zar al-G‘iforiy raziyallohu anhu bizga buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari buyurganlarini aytganlar. Imom Nasoiy rivoyati. Muhaddis Ibn Hibbon buni sahih degan. Bu kunlar o‘n uchinchi, o‘n to‘rtinchi, o‘n beshinchi kunlar bo‘lib, Qatoda ibn Malhon raziyallohu anhuning rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mazkur kunlarda ro‘za tutishga odatlanish bir yillik ro‘za bilan tengligini va’da qilganlar. Chunki, har bir amalga o‘ntadan savob berishini Alloh taolo va’da qilgan: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay”. (An’om surasi, 160-oyat). Faqat yuqoridagi kunlar tartibi Zulhijja oyida o‘zgaradi. O‘n uchunchi Zulhijjada ro‘za tutish makruh bo‘lgani uchun, uning o‘rniga o‘n oltinchi kuni ro‘za tutadi. 7. Bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmaslik. Buni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhuga tavsiya qilganlar. Imom Ahmad va boshqa muhaddislar rivoyat qilgan. Bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmay yurishni Dovud alayhissalomning ro‘zasi deb madh qilingan: أحبّ الصيام الى الله صيام داود وأحبّ الصلاة الى الله صلاة داود، كان ينام نصفه ويقوم ثلثه وينام سدسه وكان يصوم يوما ويفطر يوما “Alloh taologa ro‘zalarning eng sevimlisi Dovud alayhissalomning ro‘zasidir. Alloh taologa namozlarning eng yaxshisi Dovud alayhissalomning namozidir. Ul zot kechaning yarmida uxlar edilar-da, uchdan biri qolganda namozga turar edilar va yana oltidan biri qolganda uxlab olar edilar. Ul zot bir kuni ro‘za tutar edilar va bir kuni ro‘za tutmasdan yurar edilar”. www.islom.uz

21 Апрел 2022, 10:05 | Савол-жавоблар | 344 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar