Sunnat namozi haqida

Assalamu alaykum va rahmatulloh muhtaram Shayh hazratlari! Avvalo Islom dini rivoji yolida qilayotgan hayril ishlaringizda Alloh madadkor bolishligini tilab qolaman. Alloh sizni oz panohida asrasin, umringizni ziyoda qilsin.Hurmatli ustoz, hozirda G‘arbiy Ovrupada istiqomat qilaman va turli mazhab va turli diyorlardan kelgan musulmon birodarlarimizni koraman. Jumaladan, turkiyalik birodarlarimizni (ular ham Hanfiy mazhabidan) Asr va Hufton namozlarida 4 rakatdan sunnat namozlarini qo‘shib oqishlarini kordim. Meni Asr namozida sunnat oqimasligim va Hufton namozida faqat 2 rakat sunnat namozi oqishligimi bilishib hayron qolishdi va tarki sunnat bu deb ham aytishdi. Men bu haqda biror narsa deyishdan oldin Siz Shayh hazratlaridan bu haqda aniq bilib olishga qaror qildim. Iltimos, shu masalaga oydinlik kiritib bersangiz.Oldindan tashakkur, muhlisingiz Sardor Muhammad.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
SUNNAT NAMOZLARBomdoddan oldin va Peshin, Shom hamda Xuftondan keyin ikki rak’at, shuningdek, Peshindan oldin va Jumadan oldinu keyin bir salom bilan to‘rt rak’at sunnat o‘qiladi. Asrdan oldin to‘rt rak’at, Xuftondan oldin va keyin to‘rt rak’at mahbubdir.Bu matnda besh vaqt va juma farz namozlari oldidan va keyinidan o‘qiladigan ta’kidlangan sunnat namozlari hamda ba’zi namozlardan oldin va keyin o‘qiladigan ta’kidlanmagan mandub namozlar haqida so‘z bormoqda.Besh vaqt namozning sunnatlari haqidagi dalillar.Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan Peshindan oldin ikki sajda, undan keyin ikki sajda, Shomdan keyin ikki sajda, Xuftondan keyin ikki sajda, Jumadan keyin ikki sajda o‘qidim. Shom, Xufton va Juma(sunnati)ni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga uylarida o‘qidim». Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Peshindan oldingi to‘rt rak’atni va Bomdoddagi ikki rak’atni hech qo‘ymas edilar». Ushbu ikki hadisni beshovlari rivoyat qilishgan.Ushbu zikr qilingan namozlar ta’kidlangan sunnat namozlardir. Faqat Peshindan oldingi sunnatning soni ikki xil. Ikkovini ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘qiganlar. To‘rt rak’atlisini Hanafiylar, ikki rak’atlisini boshqalar olganlar.Juma namozining farzidan oldin ham, keyin ham to‘rt rak’at sunnat borligiga dalil.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qachon Jumadan keyin namoz o‘qiydigan bo‘lsangiz to‘rt rak’at o‘qing», dedilar».Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. .Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u kishi jumadan oldin to‘rt rak’at, jumadan keyin to‘rt rak’at namoz o‘qir edilar.Termiziy rivoyat qilgan.Bu namozlarni, nafl, tatovvu’, mandub, rotib namozlari ham deyiladi. Bizda farz namozlarga tobe’ bo‘lganlarini sunnat, boshqalarini nafl namoz, deyish urf bo‘lgan.Ummu Habiyba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Qaysi bir musulmon banda har kuni farzdan tashqari o‘n ikki rak’at ixtiyoriy namoz o‘qisa, albatta, Alloh unga jannatda uy qurib beradi», dedilar. Ummu Habiyba: «Shundan keyin ularni doimo o‘qib kelmoqdaman», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Termiziy: «Peshindan oldin to‘rt va keyin ikki rak’at. Shomdan keyin ikki rak’at, Xuftondan keyin ikki rak’at. Bomdoddan oldin ikki rak’at»ni ziyoda qilgan».Hanafiy mazhabi ushbu rivoyatni mahkam ushlab, hayotga yaxshilab tatbiq qilgan mazhabdir. Ushbu hadisida farz namozlariga tobe’ sunnatlarni qo‘ymay o‘qib borishga qattiq targ‘ib va ulkan va’da bordir.Bu va’da, jannatda ushbu namozlar uchun mukofot tariyqa sida Alloh taolo tomonidan qurib beriladigan alohida uydan iboratdir. Farz namozlarga tobe’ sunnat namozlarining qo‘ymay o‘qib borishga bundan ortiq targ‘ib bo‘lmasa kerak. Shuning uchun ham, Ummu Habiyba onamiz ushbu hadisni eshitganlaridan boshlab, u namozlarni aslo qo‘ymaganlar. Biz ham xuddi shundoq qilishimiz kerak.Farz namozlaridan oldin o‘qiladigan sunnat namozi o‘ziga xos ravishda farz namozdan oldin, mashq - tayyorlanish vazifasini ham o‘taydi. U namozni o‘qib, ancha tayyorlanib olgan namozxon uchun farz namozining xushu’-xuzu’ini joyiga qo‘yish oson bo‘ladi.Farz namozlaridan keyin o‘qiladigan sunnat namozlari esa, farz namozda ba’zi qusur va kamchiliklar sodir bo‘lsa o‘rnini to‘ldirish vazifasini o‘taydi.Shuning uchun ham, shariatda bu namozlarni «mukammilot» - to‘ldiruvchi namozlar deb ataladi.Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ta’kidlangan sunnat namozlariga hanafiy mazhabi alohida e’tibor bilan qaragan. Bunga Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlaridan hujjatlar keltirganlar. U zot ba’zi vaqtlarda sunnat namozni qazosini o‘qiganlari haqida rivoyatlar ham bor. Shuningdek, safarda ham yurib keta turib o‘qish imkoni bo‘lmasa o‘qimasa, mayli. Ammo to‘xtab turganda o‘qiladi, deganlar.Asrdan oldin to‘rt rak’at, Xuftondan oldin va keyin to‘rt rak’at mahbubdir..Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Asrdan oldin to‘rt rak’at namoz o‘qigan odamni Alloh rahim qilsin», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.Imom Abu Dovud qilgan rivoyatda Oisha onamiz quyidagilarni aytadilar:«Rasululloh sallollohu alayhi vasallam qachon Xuftonni o‘qiganlaridan keyin mening oldimga kirsalar, albatta, to‘rt yoki olti rak’at o‘qir edilar».Sizning turkiyalik tanishlaringiz «mahbub» deyilgan namozni sunnat deb olishibdi, xolos.

21 Апрел 2022, 10:49 | Савол-жавоблар | 223 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar