Nikox xususida

Assalamu alaykum va roxmatulloxi va barokatux, xurmatli shayx xazratlari. Sizdan iltimos menga nikox tuzilishi xakida tugri kursatma bersangiz. Bir birodarimizdan nikox ikki yosh urtasida bir-biriga kalban xech kanday nomakbul niyatlarsiz chin mexr muxabbat uygonishi bilan sha’riy udumlarsiz xam nikox tugridan - tugri boglanadi, ammo bu kabi nikox odobsizlik sanalmasligi uchun sha’riy koidalarga amal kilinishi lozim deb aytgandi. Shu masalaga kanday maslaxat berasiz!? Kalblarning bir-biriga mexr-muxabbat uygonishi bilan nikox tuziladimi? Javobingiz uchun oldindan katta raxmat, Allox sizdan rozi bulsin. Assalamu alaykum va roxmatulloxi va barokatux!!!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
«Nikoh» lug‘atda qo‘shilish, jamlanish, yaqinlashish ma’nolarini anglatadi. Shariatda esa, nikoh bir bog‘lanish bo‘lib, u tufayli ikki bog‘lanuvchiga bir biridan shar’iy asosda qasddan huzurlanishni halol qilishdir.Hanafiy mazhabining ta’rifida esa, nikoh bir bog‘lanish bo‘lib, u tufayli qasddan huzurlanish, ya’ni, er kishining nikohida shar’iy mone’ bo‘lmagan ayol kishidan huzur olishini halol qilishdir.Ta’rifdagi «ayol» so‘zi ila ayol kishidan boshqa bilan nikoh bog‘lanishi mumkin emasligi, ya’ni, nikoh bog‘lanishi faqat bir erkak va bir ayol orasida bo‘lishi mumkinligi kelib chiqadi.«Nikohida shar’iy mone’ bo‘lmagan» deganidan shariat nikohini harom qilgan ayolni nikohlab bo‘lmasligi chiqadi. Misol uchun, butparast ayolga, mahram – yaqin qarindosh ayolga uylanib bo‘lmaydi.Nikohning shariatga kiritilishiga dalil Qur’on, Sunnat va Ijmo’ orqali sobit bo‘lgan.Nikoh tuguni iyjob va qabul ila bog‘lanadi. «Iyjob» aqdi nikohda ishtirok etadigan ikki tomonning biridan shu masalada avval sodir bo‘ladigan narsa, «qabul» esa ikkinchi o‘rinda sodir bo‘lgan narsadir. Misol uchun, bir erkak, ayol kishiga, menga xotin bo‘lishga rozimisan? desa «iyjob» bo‘ladi. Ayol unga, roziman, deb javob bersa «qabul» bo‘ladi. Yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Valiylar yoki vakillar orqali ham «iyjob qabul» bo‘lishi mumkin.Hanafiy mazhabida faqat iyjob va qabulgina nikohning rukni hisoblanadi.Iyjob va qabulda ishlatilgan iboralar abadiylikni ifoda qilishi shart. Vaqtinchalikni ifoda qilsa bo‘lmaydi. Vaqtini ta’yin qilib, falon oyga, falon yilga nikohlandik, deyilsa, nikoh botil bo‘ladi. Shuning uchun ham, muvaqqat nikoh va mut’a nikohi harom bo‘ladi.Ularning lafzi «zavvajtu-nikohlanishga rozi bo‘ldim va tazavvajtu-nikohlandim» kabi o‘tgan zamon fe’li yoki «zavvijnii - menga nikohlanishga rozi bo‘l» deganda «nikohladim» deyish kabi buyuruq va o‘tgan zamon fe’li ila ifoda etiladi. Yoki bir taraf nikoh rag‘batini bildirganda ikkinchi taraf, qabul qildim, desa ham bo‘ladi.Ikki taraf buning ma’nosini bilmasalar ham bari bir. Umuman arabchani bilmaydigan odamlar iyjob va qabul lafzlarini o‘z tillarida ifoda qilishlari mumkin.Nikoh aqdi nikoh, uylanish va bir narsani o‘sha vaqtning o‘zida mulk qilib berishni anglatish uchun ishlatiladigan lafzlar ila to‘g‘ri bo‘ladi.Nikoh va uylanish ma’nolari Qur’onda kelgani uchun mazkur ikki lafzni ishlatish afzaldir. Ammo mulk, hiba, sadaqa kabi o‘sha vaqtning o‘zida mulk qilib berishni anglatuvchi so‘zlar turli sabablarga ko‘ra ishlatilib qolsa ham nikoh durust bo‘laveradi. Odatda nikoh va uylanish lafzlari ishlatilishi hammaga ma’lum va mashhur.Aqd paytida mulk qilib berishni anglatmaydigan ijara, huzurlanish, garov kabi so‘zlar bilan aqdi nikoh sobit bo‘lmasligiga barcha fuqaholar ittifoq qilganlar.Ikkovlari bir birining lafzini eshitmoqlari va ikki mukallaf musulmon hur erkak yoki bir hur erkak va ikki hur ayol hozir bo‘lib birgalikda ikkisining lafzlarini eshitmoqlari shartdir.Kelin kuyov bir birlarining iyjob va qabul haqidagi lafzlarini eshitmoqlari shart. Chunki ovozi eshitilmagan shaxs g‘oyib shaxs bilan barobardir.Shuningdek, kuyov kelinning iyjob va qabul haqidagi lafzlarini hozir bo‘lgan guvohlar ham eshitmoqlari shart.Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Valiysiz va ikki odil guvohsiz nikoh yo‘qdir»,Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilgan.Valiyni Hanafiy mazhabi nikohning shartlaridan biri desa ham, boshqa mazhablar nikohning ruknlaridan biri, deganlar. Shunga binoan, valiy nikohning to‘g‘ri bo‘lishi unga bog‘liq shaxs bo‘ladi.Odatda ota yoki uning o‘rniga qolgan shaxs valiy bo‘ladi. Valiylar tartibi, ota yo‘q bo‘lsa, bobo, tug‘ishgan aka-uka, ota bir aka-uka, ona bir aka-uka, amaki bo‘lib ketaveradi.Hanafiy mazhabida, odam tanlashni bilmaydigan, aldanib qoladigan kishi ham valiy bo‘lmaydi, deyilgan.Valiy nikohda o‘zining o‘rniga vakil ta’yin qilishi joizdir.Ushbu hadisda zikr qilingan narsalardan biri, ikki adolatli shohidsiz nikoh bo‘lmasligidir.Shohidsiz nikoh bo‘lmaydi. Ana o‘sha guvohlar ikki shaxsning halol-pok yo‘l, nikoh yo‘li bilan oilaviy turmush qurishganiga shohid bo‘ladilar. Boshqa kishilarga ham buni etkazadilar. Shuningdek, eru xotin orasida nikoh malasida da’volashuv bo‘lib qolsa, qozining oldida guvohlik ham beradilar. Ushbu e’tiborlardan nikoh guvohsiz bo‘lishi mumkin emas.Nikohda guvohlar ikki er kishi, Hanafiy mazhabida ikki er kishi bo‘lmasa, bir er kishi, ikki ayol kishi bo‘lsa ham bo‘laveradi. Faqat ayol kishilarning yolg‘iz o‘zlarining guvohligi kifoya qilmaydi.Guvohlarda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim:1. Aql. Majnun kishi guvoh hisoblanmaydi.2. Balog‘atga etganlik. Yosh bola guvoh hisoblanmaydi.3. Hur. Qul guvoh bo‘lmagan.4. Musulmonlik. Musulmon emas kishi guvoh bo‘lmaydi.5. Ikki guvoh ham nikohlanuvchi ikki tomonning gaplarini eshitishi kerak.6. Guvoh adolatli – diniy jihatdan to‘liq, odam bo‘lsa yaxshi bo‘ladi. Bo‘lmasa, adolati surishtirilmagan, yolg‘onchiligi, fosiqligi ma’lum bo‘lmagan kishi ham bo‘laveradi. Hanafiy mazhabida bu masala boshqa mazhablarga qaraganda bir oz kengroq olingan.«Mahr» aqdi nikoh yoki eru xotin bo‘lish bilan er zimmasiga yuklanadigan xotinga berish lozim bo‘lgan moldir.Alloh taolo «Niso» surasida: «Ayollarga mahrlarini chin dildan chiqarib beringlar. Agar ular undan biror narsani o‘z roziliklari ila bersalar. Bas, uni englar, osh bo‘lsin», degan (4-oyat).Ushbu oyati karima erga mahr berish vojib ekanini anglatuvchi to‘rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo‘lishi bilan mahr berish vojib bo‘ladi. Agar qovushmay turib ajrashadigan bo‘lsalar ham. Lekin, mahrni berish nikohning shart yoki ruknlaridan emas. Usiz ham nikoh bo‘laveradi, ammo oldi berdisi qachon bo‘lsa bo‘laveradi.Ushbu oyatdan er o‘ziga xotin bo‘lishga rozi bo‘lgan ayolga mahrni og‘rinib emas, chin ko‘ngildan chiqarib berishi lozimligi uqtirilmoqda. Mahr kelinning o‘z mulkiga aylanishiga ham ishora qilinmoqda. Ayol mahrni olganidan keyin nima qilsa, o‘zi biladi. Jumladan, ushbu oyatda zikr qilinganidek, eriga qaytarib bersa ham o‘zining ishi. Agar kelin o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lib, bergan mahrining hammasini yoki bir qismini qaytarib bersa, er uni bemalol olib, tasarruf qilsa bo‘laveradi.Imom Buxoriy, Muslim va Ahmadlar Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanmoqchi bo‘lgan kishiga «Agar bir temir uzuk bo‘lsa ham top», deganlar. U zot biror nikohni mahrsiz qo‘ymaganlari sobitdir.Musulmonlarning barchasi nikoh mahrsiz bo‘lmasligiga ijmo’ qilganlar.

20 Апрел 2022, 19:27 | Савол-жавоблар | 263 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar