Jannat va do‘zax haqida

Assalomu alaykum! Hurmatli xalq xizmatidagi Ustozlar, savolim noo‘rin bo‘lsa oldindan uzr so‘rayman. Alloh xammamizni kechirsin! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqqanlarida jannat va do‘zax ahlini ko‘rganlari hamda avvalgi Payg‘ambarlar bilan ham uchrashganlari hammamizga ma’lum. Inson o‘limidan so‘ng to qiyomatgacha qabrida amaliga qarab rohat yoki azobda bo‘ladi deb bilardim, yoki ba’zi insonlar o‘limlaridan so‘ng jannat yoki do‘zax kiritilganlarmi? Javobingiz uchun rahmat! Buyuk Alloh hammamizni Jannat ahlidan qilsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنِ ابْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: كَتَبَ اللهُ مَقَادِيرَ الْخَلَائِقِ قَبْلَ أَنْ يَخْلُقَ السَّمَوَاتِ وَالْأَرْضَ بِخَمْسِينَ أَلْفَ سَنَةٍ. رَوَاهُمَا مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ Ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh xaloyiqning taqdirini osmonlaru erni xalq qilishidan ellik ming yil oldin yozdi», dedilar». Ikki hadisni Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan. Sharh: Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo xaloyiqning taqdiri qanday bo‘lishini azaldan, ular vujudga kelishidan oldin bilishini bayon qilmoqdalar. Hadisi sharifda bayon qilingan yozish Lavhul Mahfuzga bo‘lgan. Ellik ming yil qancha ekanligini Allohning O‘zi biladi. Chunki bizning tasavvurimizdagi yil o‘lchovi osmonlaru er yaratilganidan keyin, erning harakatiga asoslanib paydo bo‘lgan. Bu ellik ming yil esa osmonlaru er yaratilishidan oldin bo‘lganligi hadisda ochiq-oydin aytib turilibdi. Allohning ilmiga chegara yo‘q bo‘lganidan keyin U Zotning hamma narsani bilishida shubha yo‘q. Agar U Zot ma’lum vaqtgacha bilib, undan narisini bilmaydigan bo‘lganida, Uning kamolot sifatlariga nuqson etar edi. Bu esa Alloh taoloning Oliy Zotiga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Bu hadisdan oladigan foydamiz Alloh xaloyiqning taqdirini osmonlaru erni yaratishidan ellik ming yil avval yozganligidir. Shunga iymon keltiramiz, shuni tasdiqlaymiz! عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قِيلَ يَا رَسُولَ اللهِ أَعُلِمَ أَهْلُ الْجَنَّةِ مِنْ أَهْلِ النَّارِ؟ قَالَ: نَعَمْ. قِيلَ: فَفِيمَ يَعْمَلُ الْعَامِلُونَ؟ قَالَ: كُلٌّ مُيَسَّرٌ لِمَا خُلِقَ لَهُ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ey Allohning Rasuli, jannat ahli va do‘zax ahli ma’lummi?» deyildi. «Ha», dedilar. «Unda amal qiluvchilar nima uchun amal qiladilar?» deyildi. «Hamma uning uchun xalq qilingan narsaga muyassardir», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilishgan. Sharh: Bu hadisni Imron ibn Husoyn roziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Oldin u kishi bilan tanishib olaylik. Imron ibn Husoyn ibn Abd ibn Xalaf Xuzoiy al-Basriy, kunyalari Abu Najd. Hijratning 7-yili, Xaybar jangi yilida Islomni qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bir nechta jangda ishtirok etgan, Makka fath etilgan kuni Xuzo’a ismli sahoba bilan birga bayroq ko‘targan. Umar ibn Xattob xalifalik davrlarida Basra ahliga din ilmlarini o‘rgatish uchun yuborilgan, Ali bilan Muoviya o‘rtalaridagi «Siffiyn» urushida ishtirok etmagan, ya’ni bu ko‘ngilsiz ishga qo‘shilmagan ulamo sahobalardan edilar. Hasan Basriy «Basra shahrida Imron ibn Husoyndan ko‘ra fazilatli sahobani ko‘rmadim», deganlar. U zot taqvodor, zohid, rostgo‘y, Allohning ishqida ko‘p yig‘lovchi sahobalardan edilar. Imron ibn Husoyn Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 180ta hadis rivoyat qilganlar. U kishidan Abu Rajo Attoriy, Matrof ibn Abdulloh, Ziror ibn Abdulloh, Abdulloh ibn Burayda, Ibn Siyriyn, Abu Asvad Dualiy va boshqa tobe’iynlar rivoyat qilishdi. Bu zot hijratning 52-yili Basra shahrida vafot etdilar. Ushbu hadisda sahobai kiromlar Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamdan qadar to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlarni eshitgan odamda paydo bo‘ladigan savollarni so‘ramoqdalar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qadar to‘g‘risidagi gaplarni ilk bor eshitganlaridan so‘ng ularda ham bu savol tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Sahobai kiromlar tomonidan: «Ey Allohning Rasuli, jannat ahli va do‘zax ahli ma’lummi?» deyildi. Ya’ni kim jannat ahli, kim do‘zax ahli bo‘lishi oldindan ma’lummi, deb co‘rashdi. Biluvchi ma’lum va mashhur bo‘lganidan «Ma’lummi» lafzi qazoi qadar Allohning ilmdan ekanligiga yana bir dalildir. «Belgilanganmi», «tayin qilinganmi», «hukm qilinganmi» kabi so‘zlar ishlatilmagan, balki «ma’lummi» so‘zi ishlatilgan. Bu savolga Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: «Ha», dedilar. Ya’ni «Ha, jannat ahli va do‘zax ahli ma’lum», deganlar. «Unda amal qiluvchilar nima uchun amal qiladilar?», deyildi». Ya’ni jannat ahlining kimligi ham, do‘zax ahlining kimligi ham ma’lum bo‘lsa, unda ovora bo‘lib, amal qilishning nima keragi bor? Ana shu ma’nodagi savolga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Hamma uning uchun xalq qilingan narsaga muyassardir», deb javob berdilar. Bu jumlaga ulamolarimiz «Har bir inson o‘zi uchun xalq qilingan amalga muyassar bo‘ladi: saodatmand inson saodat ahlining amaliga, badbaxt inson esa shaqovat ahlining amaliga muyassar bo‘ladi. Shuning uchun Alloh amr qilgan amallarni qilish har bir insondan matlubdir», degan ma’noni berganlar. Ha, Alloh taolo barcha bandalarini amal qilishga amr etgan. Shariatning hammasi ham, Qur’oni Karim ham, Sunnat ham Allohning bandalariga qilgan amrlaridan iboratdir. Ushbu amrlarga amal qilish bandadan talab qilingan. O‘sha amrlarga amal qilgan bandaga saodat va’da qilingan. Shuningdek, bandalarga qazoi qadarga iymon keltirish amr qilingan. Qazoi qadarga iymon keltirgan bandaga saodat, iymon keltirmagan bandaga badbaxtlik va’da qilingan. Ammo bandalarga qazoi qadar to‘g‘risida tortishish, chuqur ketish buyurilmagan. Allohning bu haqdagi ilmini bilish ham, qazoi qadarni bahona qilib, amalni tark etish ham amr qilinmagan. Ushbu hadisi sharifda musulmon insonning kelgusi ishlarda qazoi qadarni qanday tushunishi lozimligi bayon etilgan. Musulmon inson bo‘lajak ishlarda «Barchaga o‘zi uchun xalq qilingan amal muyassardir» jumlasini shior qilib olib, o‘zini amalga urishi kerak. O‘zi uchun yaxshi amallar muyassar ekanligini isbotlashga harakat qilishi lozim. Bunday yaxshi ishlarga muyassar bo‘lganda esa xursand bo‘lishi darkor. Ba’zi ko‘ngilsiz ishlar bo‘lib qolganda, ularni xato, ojizlik hisoblab, darhol tavba qilishi, yomon amallar o‘zi uchun muyassar emasligini isbot qilishga urinishi kerak. Bo‘lajak ishlar qarshisida musulmon inson o‘zini qazoi qadarga nisbatan qanday tutishi lozimligi to‘g‘risidagi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bayonlari ana shundan iborat. Sahobai kiromlarning hamda salafi solihlarimizning tushunchalari va amallari ana shundan iborat. Ular doimo o‘zlarini yaxshi ishga muyassar kishilar deb hisoblab yashaganlar. Musulmon bo‘lishlarini katta baxt alomati deb bilishgan. Hayotlari davomida o‘zlarini doimo yaxshi ishga urib yashaganlar. Taqvo bilan betavfiqlikka birdaniga duch kelsalar, yaxshi amalga muyassar bo‘lish niyatida o‘zlarini taqvoga urganlar. Saxiylik bilan baxillikka duch kelsalar, o‘zlarini saxiylikka urganlar. Ishchanlik va dangasalikka duch kelsalar, o‘zlarini ishchanlikka urganlar. Butun umrlarini qanday qilib ko‘proq savobli amal qilar ekanman, degan fikr va harakat bilan o‘tkazganlar. Shuning uchun ham ular charchoq, mashaqqat, qiyinchilik va o‘limdan zarracha qo‘rqmaganlar. Shuning uchun ham barcha to‘siqlarni osonlik bilan engganlar. Shuning uchun ham ularga doimo muvaffaqiyat yor bo‘lgan. Qazoi qadarga bo‘lgan shu shakldagi iymon zaiflashganda esa hamma ishlar orqaga ketdi. Amal qilish o‘rniga qazoi qadarni teskari ta’vil qilib, «amalning foydasi bo‘larmikan yoki yo‘qmi» deya quruq safsata sotilganda ishlar rasvo bo‘ldi. Buning natijasida behuda janjallar ko‘paydi. Islomiy fazilatlar o‘rnini ikkilanish, qo‘rqoqlik, dangasalik va boshqa razolatlar oldi. Natijada salafi solihlar o‘rniga Qur’oni Karimda aytilganidek: «Ularning ortidan namozni zoe qiladigan va shahvatlarga beriladigan o‘rinbosarlar keldilar». Musulmonlar o‘z shaxsiyatlarini, munosib o‘rinlarini tiklamoqchi bo‘lsalar, qazoi qadarga bo‘lgan iymonni avvalgi, sof holiga keltirish ham eng zarur ishlardan biri ekanligini unutmasliklari kerak. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 13:32 | Савол-жавоблар | 169 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar