Kelin va qayni ukaning muomalasi

Assalomu alaykum! Ota-onam, akam, men va kelnoyim bir uyda yashaymiz.
Akamning xotini ya’ni kelnoyimning onamga ya’ni qaynonasiga meni huzurimda qilgan ko‘polligi va qo‘rs munosabati uchun bu haqda akamga kelnoyimni tartibga chaqirib qo‘yishlarini aytdim. Shundan so‘ng kelnoyim men bilan bir necha oy gaplashmay yurdi. Men ham indamay yuraverdim buni onam ko‘rib “unaqa qilma bolam sendan katta va kelnoying hisoblanadi salom berib gaplash” dedilar. Onnam aytganligi uchun men rozi bo‘lib salom-alik qilishni boshladim. Bir necha oydan o‘tgandan so‘ng huddi shunday holat yana takrorlandi, kelnoyim onamga bexurmatsizlik va qo‘pollik qildi. Bunday vaziyatda men o‘zimni ushlab turolmay kelnoyimga qattiq gapirdim va qattiq tortishib qoldik. Shundan so‘ng mana 2 oydan buyon gaplashmay yuribmiz. Onam yana “kelnoying bilan gaplash salomlash” deyaptilar, lekin ayb kelnoyimda bo‘lgani va onamga bexurmatsizlik qilgani uchun men kelnoyim bilan gaplashishni xattoki salomlashishgim ham kelmayapti. Men bu vaziyatda qanday yo‘l tutay?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz kelinoyngizga mutlaqo nomahram hisoblanasiz. Bizning diyorda diniy tushunchalar o‘ta darajada pastlashib ketgani uchun din asta sekinlik bilan o‘rgatilinadi – degan gapga asosan Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh aka-ukalar bir birlarining xotinlariga shar’an begona erkaklar kabi nomahram ekanliklarini aytsalarda, xalqimiz qabul qilishini e’tiborga olib urg‘u bilan gapirmas edilar. Aslida Qur’on oyatlari va hadislar asosiga ko‘ra kelinoyingiz sizni oldingizda satr avratsiz bo‘lishi va siz unga bemalol qarab, bemalol gapirishingiz shar’an joiz emas. Balki harom sanaladi. Xo‘jayinlik qilish tarzida muomala qilish esa umuman nojoizdir. Nari borsa akangizni ogohlantirishingiz mumkin. U ham oilani buzishga olib bormasa. Shuningdek sizning taomingizni tayyorlash, kirlaringizni yuvish va xizmatingizni qilish uning hech qanday vazifasi emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini unutmaylik. عَنْ عُقْبَةَ بْنِ عَامِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِيَّاكُمْ وَالدُّخُولَ عَلَى النِّسَاءِ. فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَفَرَأَيْتَ الْحَمْوَ؟ قَالَ: الْحَمْوُ الْمَوْتُ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ayollarning oldiga kirishdan ehtiyot bo‘ling!» dedilar. Shunda bir odam: «Ey Allohning Rasuli, erning qarindoshiga nima deysiz?» dedi. «Erning qarindoshi o‘limdir!» dedilar u zot». Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Bu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nomahram erkaklarni ayollar oldiga kirishdan man qilmoqdalar. Chunki bu juda ham xatarli ishdir. Hech kim yo‘q joyda bir ayol bilan bir erkakning xoli qolishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida noshar’iy, harom ishga, hech bo‘lmaganda shubhaga, yomon fikr tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Faraz qilaylik, bir ayol o‘z uyida yolg‘iz o‘tiribdi. Eshikdan bir nomahram erkak chaqirib keldi. Ichkariga kirdi. Uyda mazkur ayoldan boshqa hech kim yo‘qligini bildi. Shu payt ikkisini ham shayton vasvasa qilishi, zinoga boshlashi hech gap emas. Bunday holatlar tez-tez bo‘lib turishini hamma yaxshi biladi. Zinoning ko‘pchilik holatlari ayni begona erkak va ayolning bir joyda xoli qolishlaridan boshlanishi hech kimga sir emas. Ba’zi birlar da’vo qilganlaridek, xoli qolgan erkak va ayol ochiq ko‘ngillik bilan, «do‘stona» gaplashib o‘tirishdi ham deylik. Nimani gaplashishadi? Shu payt xotinning eri yoxud erkakning xotini kelib qolsa, ular do‘stona gaplashib o‘tirishibdi, deb o‘ylaydimi? Umuman, boshqa bir odam, qo‘ni-qo‘shni ko‘rib qolsa-chi? Ba’zi bir kishilar «Uyga erning qarindoshlari kelib-ketib turishadi. Zarurat yuzasidan hech kim yo‘g‘ida xotinning oldiga kirsa nima bo‘ldi?» deyishadi. Sahobai kiromlar ham xuddi shu savolni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashgan ekan. U zot bu ish o‘lim bilan barobar ekanligi haqida xabar beribdilar. Ya’ni, bu ihoyatda xatarli ish, debdilar. Chunki bu narsa beparvolikka sabab bo‘ladi. Mazkur e’tiborsizlik oqibatida esa harom ish sodir bo‘lishi hech gap emas. Akasining xotini bilan zinoda qo‘lga tushgan ukalar oz emas. Shunga o‘xshash, boshqa nomahram qarindoshlar ham. Shuning uchun zinhor va zinhor ushbu hadisi sharifga xilof qilmaslik kerak. Buning uchun kimdir bu shar’iy amrni tark etgani tufayli zino qilib qo‘ygan yoki shubhaga qolib, bir oila buzilgan bo‘lishi shart emas. Shariatda bir hukm joriy bo‘lganmi, mo‘min-musulmon kishi unga qat’iy amal qilaverishi lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan).  Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 16:37 | Савол-жавоблар | 174 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar