Shukur sajdasi haqida hadis sahihmi?

Assalomu alaykum! Shukr sajdasining fazilati...!!! Shukr sajdasi, dunyo va oxirat xazinalariga tengdir. Diqqatlik bilan o‘qing. Shukr sajdasining fazilatini ko‘pchiligimiz bilmaganligimiz tufayli, qanchadan qancha savoblardan mahrum qolayapmiz. Darhaqiqat, agar banda namoz o‘qib bo‘lib so‘ngra shukr sajdasini ado qilsa, Alloh taolo banda bilan farishtalar orasidagi xijobni (ya’ni týsiqni) ochar ekan. Alloh taolo aytadi: Ey farishtalarim, mana bu bandamga e’tibor qiling. Farzimni ado etib, ibodatimni maromiga etkazib qildi. Unga bergan ne’matimga shukr qilib, menga sajda qildi. Ey farishtalarim, unga nimani tortiq qilay? Farishtalar aytadi: Ey Robbim, raxmatingni. Alloh taolo: yana nimani? Farishtalar: ey Robbim, jannatingni. Alloh: undan keyinchi? Farishtalar: g‘am qayg‘ularini kifoya etishingni. Alloh: undan keyinchi? Farishtalar aytib bo‘lgan yaxshiliklardan xech narsa qolmadi. Alloh: ey farishtalarim,yana nima? Farishtalar: ey Alloh, bundan ortiq bilishga bizning ilmimiz etarlicha emas. Alloh taolo: menga shukr aytganidek men ham unga shukr aytaman. Fazlim bilan undan qabul qilib, raxmatimni ko‘rsataman. Har kuni shukr sajdasini ado etaylik. Bu namoz emas, sizdan ko‘p vaqtingizni ham olmaydi, bu - sajda... Eng afzali, tahoratli xolingizda qiblaga yuzlanib sajda qilishingizdir. Allox taolo sizni ne’mati bilan siylasa yoki ofatlarni sizdan ketqazsa, tahoratlimisiz yo‘qmi, qiblaga qarab turibsizmi yuqmi, darrov Allohga shukr sajdasini qilishingiz darkor. ★ NASIHAT.. Har bir namozingizdan so‘ng shukr sajdasini ado eting va sajdangizda shunday deb ayting: «Subhana Robbiyal a’la Subhana Robbiyal a’la Subhana Robbiyal a’la Robbim, senga cheksiz hamdlar bo‘lsin, meni bu dunyodagi hayotimda turli xil ne’matlaring bilan siylading va rizqlantirding.. senga beadad shukrlar bulsin Tangrim». (3 marta). Bunga ishonib bu ishni kilishdan oldin sizlardan sorab bilmokchi edim, bu yozilgan narsalar xakikatmi, Shukur sajdasi xakida brorta xadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Biz mo‘minlar Allohning bandalarimiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummatmiz. Alloh va rasuli nimalarga buyursalar shuni qilamiz, nimadan qaytargan bo‘lsalar shundan qaytamiz. Dinda o‘z ixtiyorimiz bilan savob bo‘ladi degan umidda biror narsani qo‘shib olishga ham borini kamaytirishga ham haqqimiz yo‘q. Shuning uchun bir kishi asr namozini o‘qiganidan keyin mukammal tahorat qilib, riyo bo‘lmasligi uchun uyning eng ichkarisiga kirib, xushu’-xuzu’ bilan yig‘lagan holatda nafl namozini o‘qisa shariatimiz bu kishi haqida “U Alloh va rasuliga osiy bo‘ldi” deb hukm qiladi. Chunki u namoz kabi ibodatni ado qilsada shariat ko‘rsatmasiga zid ishni qildi. Sababi asrdan keyin nafl namoz o‘qish yo‘q. Xuddi shu kabi sajda ulug‘ amal hisoblansada uni ham qilishni o‘z vaqti va sababi bo‘lishi kerak. Ka’b ibn Molikning tavbasi qabul bo‘lganda shukronasiga sajda qilgan. Buni imom Buxoriy va imom Muslimlar rivoyat qilishgan. عن عبد الرحمن بن عوف رضي الله عنه قال: "سجد النبي صلى الله عليه وسلم فأطال السجود ثم رفع رأسه، فقال: إن جبريل أتاني فبشرني؛ فسجدت لله شكراً" رواه أحمد والحاكم وصححه Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uzoq sajda qildilar so‘ng boshlarini ko‘tarib “Huzurimga Jabroil kelib menga bashorat berdi, shukur qilib Allohga sajda qildim” dedilar. Ahmad va Hokim rivoyati.
“Sahihul Buxoriy”da kelgan yana bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliy roziyallohu anhuni Yamanga yuboradilar, u erdan turib Aliy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Yamanliklarni Islomni qabul qilganlari haqida maktub yuboradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maktubni o‘qigach Allohga shukur qilib sajdaga yiqiladilar.
Bu kabi ne’mat etganida yoki musibat ariganida shukur qilish joiz. Ammo har namozdan keyin qo‘shimcha bitta sajda qilib qo‘yish shariatimizda yo‘q. Bu bid’atdir. Ulamolar “omma xalq namozni qo‘shimchalaridan ekan deb tushunib olmaslari uchun uni tark qilish lozim” deganlar. Siz keltirgan hadis sahih emasligi barchaga ma’lum. Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:43 | Савол-жавоблар | 224 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar