psixologik testlar

Assalomu alaykum! Hozirda ko‘pchilik o‘zida ruxiy zo‘riqish sezsa psixologga murojaat qiladi va psixolog xar xil psixologik testlar o‘tkazadi. Masalan qandaydir shakl chizdirib ichki kechinmalarini aytib beradi. Yoki bo‘lmasam biror rasmga qarab o‘sha inson xaqida ma’lumot beradi. Bu xaqida islomda qanday qarashlar mavjud? Javob uchun oldindan rahmat. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Siz aytgan psixologiya fani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ruhiy tarbiya qilish vazifalarining bir qismi bo‘lib, musulmonlar bu fanni azalda mukammal egasi hisoblanishgan. Musulmonlar o‘z din va ta’limotlaridan uzoqlashgach g‘arb uni fan sifatida o‘zi tushungan darajada qaytadan bizga olib keldi. Insonning tashqi ko‘rishi bo‘ladi va ichki ko‘rinishi bo‘ladi. Hozirgi kunda hamma o‘zining tashqi ko‘rinishini chiroyli qilishga qattiq kirishgan. Hatto buni deb jarrohlik amaliyotlaridan ham foydalanishmoqda. Ichki ko‘rinishga esa ahamiyat berish hech kimni esiga kelmay qoldi. Musulmonlar e’tiqodi bo‘yicha tashqi ko‘rinish omma uchun ichki ko‘rinish esa Alloh uchundir. Musulmonlar ichki shaklni go‘zal qilishga qattiq ahamiyat berishgan va berishi ham kerak. Insonning ichki shakli qanday ekanligi uning so‘zlayotgan so‘zidan, qilayotgan amalidan namoyon bo‘lib turadi. Hayvonlar uch turga bo‘linadi. Biri yirtqichlar bo‘lib, ular hamma vaqt o‘z foydalarini o‘ylashadi, xohish istagini deb hammani nimtalash harakatida bo‘ladi. Och qolsa o‘z hamjinslarini ham eb qo‘yaveradi. Bu sher, bo‘ri, tulki kabilardir. Ikkinchisi musibat va qiyinchiliklarga sabr qiladi, o‘z xohishini deb hamjinslarini nimtalamaydi. Ular o‘txo‘r hayvonlardir, har qancha och qolsalar ham o‘z hamjinslariga xujum qilmaydi. birorta molni bir necha kun bog‘lab qo‘yib yuborsangiz har qancha och bo‘lsa ham yonidagi mol-qo‘ylarga tashlanmaydi. Uchinchisi ilon-chayon kabi faqat zararkunanda bo‘lgan jonvorlardir. Ular jonzodlarni eng gazandasi hisoblanib, zarar etkazishi ularni qornini to‘yg‘azmasada, chanqog‘ini bosmasada hamma vaqt zarar etkazishga harakat qilaverishadi. O‘ziga foyda etkazib taomi va suvini bergan kishini ham rioyasini qilmaydi. Hatto hadislarda payg‘ambarlarni chaqqani ham rivoyat qilingan. Ular uchun solih yoki fosiqni hech qanday farqi yo‘q. Chaqsa bo‘ldi. Inson ham tashqi ko‘rinishiga qanchalik ahamiyat bermasin uni qilayotgan ishlari ichki shakli qanday ekanligini ko‘rsatib qo‘yadi. Buni bilish aslo qiyin ish emas. Masalan it o‘ta ochko‘z-xaris bo‘ladi. Birorta o‘lik tuyani topib olsa bir oy esa ham tugamasligini bilaturib boshqa itlar ham undan emoqchi bo‘lishsa ularga tashlanib, ularni sherik qilmaslikka harakat qiladi. Qornini deb suyakni ham eydi, yosh bolalarni axlati to‘g‘ri kelsa uni ham eb ketaveradi. Suv ham ichadi, biror qonni ko‘rsa uni ham ichib ketaveradi. Ba’zi bir odamlar ham shu it kabi mol to‘plashga o‘ta och bo‘lishadi. Joiz va nojoizni farqlamaydi, halol-haromni ham farqlamaydi, pok va nopokni ham ajratmaydi. Hatto uni sohasidagi raqobatchilar chiqsa ularni yo‘q qilish payiga tushadi. To‘plagani umrining oxirigacha etadigan bo‘lsa ham har qanday yo‘l bilan yana ko‘paytirishga harakat qiladi. Muhtojlar so‘rasa ularga bermaydi. Bunday insonlarning tashqarisi qanchalik go‘zal bo‘lmasin ichi it shaklida ekanligi ma’lum bo‘ladi. Yana biri eshak, unga har qancha narsani ta’limini bermang, yaxshi yo‘l ko‘rsatmang hech qachon unga amal qilmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda ilm o‘rganib unga amal qilmagan kishilarni ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xshatgan. “Juma” surasida  مَثَلُ الَّذِينَ حُمِّلُوا التَّوْرَاةَ ثُمَّ لَمْ يَحْمِلُوهَا كَمَثَلِ الْحِمَارِ يَحْمِلُ أَسْفَارًا بِئْسَ مَثَلُ الْقَوْمِ الَّذِينَ كَذَّبُوا بِآيَاتِ اللَّهِ وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الظَّالِمِينَ۝ 5. Ustilariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar. Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqargan qavmning misoli qanday ham yomon! Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas – deb marhamat qilgan.
Eshak uchun xashak va emi bo‘lsa bo‘ldi. Kimga xizmat qilishining ahamiyati yo‘q.
Yana biri cho‘chqa bo‘lib u hayvonlar ichida o‘ta behayo hayvon hisoblanadi. Ayolini qizg‘anmaslik hamda nopoklik borasida yagona hisoblanadi. Kim ayolini qizg‘anmasa, eydigan taomini ajratmasa, uning ichki shakli cho‘chqa bo‘ladi.
Yana biri maymun bo‘lib, u o‘ta makkor hayvon hisoblanadi. O‘z maqsadiga erishish uchun har qanday usuldan foydalanaveradi. Banu Isroil qavmidan ba’zilari Allohning “Shanba kunida ov qilmanglar” degan amriga makr qilib, juma kuni baliqlar keladigan joyga qaytib chiqolmaydigan hovuzchalar qilishdi, shanba kuni baliqlar u erga kelib qaytib chiqolmagach yakshanba kuni ovlaydigan bo‘lishdi. Bir muddat shunday qilsalar ham azob nozir bo‘lavermagach shanba kuni ham ov qilishni boshlab yuborishdi. Alloh taolo ularni asliy shaklini ko‘rsatib qo‘yish uchun “Baqara” surasida  وَلَقَدْ عَلِمْتُمُ الَّذِينَ اعْتَدَواْ مِنكُمْ فِي السَّبْتِ فَقُلْنَا لَهُمْ كُونُواْ قِرَدَةً خَاسِئِينَ۝ 65. Batahqiq, sizlardan shanba kuni tajovuzkorlik qilganlarni bildingiz. Biz ularga: «Quvilgan, xorlangan maymunlarga aylaning!» – dedik” degan. Ular Allohning hukmini o‘zgartirishgan edi Alloh ham ularni o‘zgartirib qo‘ydi.
Ba’zi birlar odamlarning molini qo‘lga kiritish uchun turli makr chuqurlarni qazishadi. Jirkanch ishga qo‘l uradi. Ularning asli shakli maymundir.
Shu o‘rinda har birimizga bilishimiz zarur bo‘lgan narsa o‘zimizning ichki shaklimiz nima ekanligidir. Barchamiz dinimizni o‘rganib, ta’limotlariga amal qilsak hech birimizda ruhiy zo‘riqish va yomon xulqlar bo‘lmaydi. Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 16:23 | Савол-жавоблар | 187 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar