Qizlar tarbiyasi

Assalomu alaykum! 3 qiz boqib voyaga etkazib egalariga nomusi bilan topshirgan ota va ona jannati bo‘ladi deb bilamiz bu gap to‘g‘rimi yoki ayollarga zulm zamonasidan ayollarga zulm holatini to‘xtatish uchun chiqarilgan hukmmi ?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Islom ayol va qizlarning sha’nini ko‘targani o‘sha davrdagi mavjud bo‘lgan ayol va qizlarga qilingan zulmni ko‘tarish nafaqat o‘sha davrda hatto to qiyomatgacha ayol va qizlarning nomus va qadrini ko‘tarish ma’nosida shunday muomala qilgan. Hech qaysi dinda ayollar Islomdagidek ehtirom qilinmagan.وَلِمُسْلِمٍ وَالتِّرْمِذِيِّ: مَنْ عَالَ جَارِيَتَيْنِ حَتَّى يُدْرِكَا دَخَلْتُ أَنَا وَهُوَ الْجَنَّةَ كَهَاتَيْنِMuslim va Termiziyning rivoyatida:«Kim ikki qizning og‘irini to ular voyaga etgunlaricha ko‘tarsa, men u bilan birga xuddi mana bu ikkisiga o‘xshab, jannatga kiraman», dedilar».Sharh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini bir-biriga juftlab turib, shu so‘zni aytganlar. Albatta, bittami-ikkitami, qizni tarbiyalab, voyaga etkazib, joylarini topib, joylash oson ish emas. Odatda, kishilarning tabiatida o‘g‘il farzandga nisbatan moyillik bo‘lib turadi. Qizlarga esa islomiy tarbiya ko‘rmagan kishilarda bir oz e’tiborsizlik bo‘ladi. Shuning uchun ham shariatimiz ta’limotlarida qizlar tarbiyasi uchun qilingan va’dalarga alohida urg‘u berilgan. Ushbu hadisi sharifda ham ikki qizni tarbiyalab, voyaga etkazgan kishiga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birgalikda jannatga kirish va’da qilinmoqda. Alloh taolo o‘shalardan bo‘lishni nasib etsin.عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ كَانَ لَهُ ثَلَاثُ بَنَاتٍ أَوْ ثَلَاثُ أَخَوَاتٍ أَوِ ابْنَتَانِ أَوْ أُخْتَانِ فَأَحْسَنَ صُحْبَتَهُنَّ وَاتَّقَى اللهَ فِيهِنَّ فَلَهُ الْجَنَّةُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَAbu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kimning uchta qizi bo‘lsa yoki uchta singlisi bo‘lsa, yoxud ikki qizi, yoki ikki singlisi bo‘lsa, u ularning suhbatini yaxshi qilgan bo‘lsa va ularning haqqida Allohga taqvo qilgan bo‘lsa, unga jannat berilur», dedilar».Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar.Sharh: Bu hadisi sharifdan kishi o‘z qiz farzandlari tarbiyasi uchun qanchalik savob olgan bo‘lsa, singillarining tarbiyasi uchun ham shunchalik savob olishini bilib olamiz.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ كَانَتْ لَهُ أُنْثَى فَلَمْ يَئِدْهَا وَلَمْ يُهِنْهَا وَلَمْ يُؤْثِرْ وَلَدَهُ عَلَيْهَا أَدْخَلَهُ اللهُ الْجَنَّةَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kimning huzurida bir qiz bola bo‘lsa-yu, uni tiriklay ko‘mib yubormagan, tahqirlamagan va o‘g‘lini undan ustun qo‘ymagan bo‘lsa, Alloh uni jannatga kiritadi», dedilar».Abu Dovud rivoyat qilgan.Sharh: Islomdan oldingi johiliyatning odatiga binoan, qizlar or keltiradi, degan o‘y bilan ularni tiriklay ko‘mib yuboradiganlar ham bo‘lar edi. Islom bu vahshiyona odatni botil qildi va qizlarning tarbiyasiga katta e’tibor berdi. Shuningdek, avvallari qiz bolani xorlash odat tusiga kirib qolgan edi. Islom bu yomon ishni ham botil qildi va qizlarni alohida e’zozlashni yo‘lga qo‘ydi. Johiliyat jamiyatida o‘g‘il bola qiz boladan ustun qo‘yilar edi. Islom hamma bolalarga birdek qarashni yo‘lga qo‘ydi. Islomda qizlarga e’tibor bilan qarash – jannatga eltuvchi amal, deb baholandi. (“Hadis va hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 03:20 | Савол-жавоблар | 161 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar