Bir insonning savoliga javob

Assalomu alaykum! Meni chet ellik, agnostik tanishim bor. U mavjud bo‘lmagan narsaga ishonmayman dedi. Sizlardan iltimos, shunday ajoyib va mukammal javob topib beringki, toki Islomning mukammalligini tan olib zora muslimalar qatoriga qo‘shilsin…
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! U inson nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmdan ham babahra ekan. Agar ish ajoyib va mukammal javob berishga bog‘liq bo‘lganida, hamma musulmon bo‘lib ketgan bo‘lar edi. Shu qatorda Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning amakilari Abu Tolib ham. Iymon bu, Alloh taolo beradigan ulug‘ ne’mat bo‘lib, U Zot xohlagan bandasiga beradi. Bir o‘quvchi bola ustozidan, “Allohni, jannatni va do‘zax kabi narsalarni inson ko‘rmay turib qanday borligiga ishonadi” deb so‘radi. Ustozi, “Sen qaysi fandan yaxshi o‘qiysan” desa, “Kimyo fanidan” dedi. Shunda ustoz savol berib, “Hozir atrofingda azot, kislorod, magnit maydonlar, nur, zulmat kabi narsalarni borligini bilasanmi” dedi. Bola “Albatta bilaman”. Ustoz : “Qaerdan bilasan”? o‘quvchi “Kitoblardan o‘qib bilganman”. Ustoz : “Bu narsalarni ham kitoblardan o‘qib bilamiz. Shuning uchun bu narsalarni bilish uchun ko‘p kitob o‘qish kerak bo‘ladi” degan ekanlar. Alloh taolo «Qosos» surasining 56-oyatida marhamat qiladi: إِنَّكَ لَا تَهْدِي مَنْ أَحْبَبْتَ وَلَكِنَّ اللَّهَ يَهْدِي مَن يَشَاء وَهُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ۝ Albatta, sen o‘zing sevgan kishingni hidoyat qila olmassan. Lekin Alloh kimni xohlasa, o‘shani hidoyat qiladir. U hidoyatga yuruvchilarni yaxshi bilguvchi Zotdir. Demak, odamlarni hidoyat qilish faqat Alloh taoloning izmidadir. Allohdan boshqa hech kimning, hatto oxirzamon Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamning ham bu ishga qurblari etmaydi. Agar u zot sollallohu alayhi vasallam biror kishini hidoyat qilish imkoniga ega bo‘lganlarida, amakilari Abu Tolibni hidoyat qilgan bo‘lar edilar. Ammo buning imkoni bo‘lmadi. Abu Tolib hidoyatga muyassar bo‘lmay dunyodan o‘tdi. Bunga Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam qattiq afsus chekdilar. Alloh taolo esa, bu haqda Payg‘ambariga ushbu oyatdagi bayonotni berdi: «Albatta, sen o‘zing sevgan kishingni hidoyat qila olmassan». Sening ishing Allohning da’vatini bandalarga etkazish, xolos. Hidoyat qilish sening haqqing ham, vazifang ham emas. Shuning uchun, hidoyatga kirishi orzu qilingan ba’zi kishilarning hidoyat topmaganlaridan xafa bo‘lma. «Lekin Alloh kimni xohlasa, o‘shani hidoyat qiladir.» Hidoyat qilish faqat Allohning ishi. Chunki: «U hidoyatga yuruvchilarni yaxshi bilguvchi Zotdir». O‘sha ilmi asosida kishilarni O‘zi bilib hidoyatga boshlaydi. Hidoyatga yurishdan bosh tortishlarini Alloh taolo bilgan kishilar esa, turli bahonalar to‘qib, hidoyatga yurmay turaveradilar. Buning misolini ba’zi qurayshliklar tutgan mavqifda ko‘ramiz. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 Май 2022, 13:13 | Савол-жавоблар | 180 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar