O‘g‘il ko‘rmoqchi

Assalomu alaykum! Oilada 1 o‘g‘il, 3 qizmiz. Akamda bir o‘g‘il, bir qiz. Menda ham bir o‘g‘il, bir qiz farzandlarim bor. Qolgan ikkala opamda esa, birida ikkita, birida uchta qizi bor. Bilaman, farzand Allohning ne’mati va ularning yaxshi yomoni bo‘lmaydi. Ammo pochchalarim buni tushunishmaydi. Katta opam ikki qizini kesar-kesish yo‘li bilan dunyoga keltirgan. Unda tug‘ish uchun yana bir imkoniyat bor, chunki operatsiya bilan tug‘adi. Hali homilador emas, ammo shuni rejalashtirayapti. Aytingchi, o‘g‘il ko‘rish uchun maxsus duolar yoki namozlar yoki niyatlar bormi? Bor bo‘lsa, qaysi manbaadan topsa yoki o‘qisa bo‘ladi? Opam qay biridan foydalangani ma’qul. Opam e’tiqodli va namoz o‘qiydiganlardan, iltimos maslahatingiz bilan yordam bersangizlar va opalarim uchun duo qilib qo‘ysangiz. Alloh xayrli ishlaringizning barokatini bersin. Javobingizni kutaman. Katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Soffaat” surasida marhamat qiladi: رَبِّ هَبْ لِي مِنَ الصَّالِحِينَ۝ فَبَشَّرْنَاهُ بِغُلَامٍ حَلِيمٍ ۝ 100. Robbim, menga solihlardan hadya et», – dedi. 101. Bas, unga bir halim o‘g‘ilning xushxabarini berdik. Yoshi bir joyga borib qolgan, begona yurtlarda muhojir bo‘lib yurgan befarzand odam uchun juda buyuk bir xushxabar edi bu. Uzoq davom etgan farzandsizlikdan keyin farzandli bo‘lish qanchalik baxt! Uzoq davom etgan farzandsizlikdan so‘ng, ayniqsa, o‘g‘illik bo‘lish qanchalik baxt! U o‘g‘ilning halim bo‘lishi esa yanada ulug‘ baxt edi! Bu farzand Ismoil edi!(“Tafsiri Hilol” kitobidan). Tibbiyot mutaxassislari: ayol kishi oylik qonini ko‘rib, poklanganidan keyin 5-kungacha yaqinlik qilsa, tajriba bo‘yicha o‘g‘il farzand, 5-kundan 8-kungacha farzand bo‘lsa, qiz bo‘lishini aytishgan. Shuningdek, erkakning suvi rahnga tushganidan keyin, ayol o‘ng tarafga yonboshlab olsa, farzand o‘g‘il bo‘lishini aytishgan. Bu albatta sabab, natija esa Allohdandir.  Vallohu a’lam!

26 Май 2022, 14:26 | Савол-жавоблар | 144 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar