Go‘sht masalasi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar bundan bir necha oy avval arxivdan go‘sht masalasi bo‘yicha bir maqolani o‘qigandim. Hozir esa topa olmayabman. Unda Allohni zikr qilmasdan so‘yilgan jonliq go‘shti xarom ekanligi haqida bir necha oyatlar va dalillari ham keltirilgan edi. Agar iloji bo‘lsa shu maqolani topishimga yordam bersangizlar. Jazakallohu xoyro
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Tazkiya qilinmay so‘yilgan hayvon haromdir.
Tazkiya – hayvonni so‘yishdan oldin Allohni zikr qilishdir.
«Bismillahi Allohu akbar» lafzini aytish sunnatdir.
So‘yish vaqtida Allohni zikr qilish so‘yishning ikki shartidan birinchisi hisoblanadi. Bunga bir necha dalillar bor:
Alloh taolo "Haj" surasida quyidagilarni aytadi:
«Va badanalarni (tuya va qoramol) siz uchun Allohning shiorlaridan qildik. Ularda sizga yaxshilik bor. Ularga old oyoqlaridan biri bog‘log‘liq turgan holida Allohning nomini zikr qiling. Yonlari erga tekkanida esa, bas, ulardan eng, qanoatli va tilangan kambag‘allarni ham taomlantiring. Shunday qilib, ularni sizga beminnat xizmatkor qilib qo‘ydik. Shoyadki, shukr qilsangiz» (36-oyat).
Alloh taolo "An’om" surasida bunday deydi:
«Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar. Shubhasiz, u fisqdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar» (121-oyat).
Ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirida: «Agar musulmon kishi hayvonni so‘yayotib, Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, so‘ygan go‘shti halol», deganlar. Ammo bilib turib, qasddan zikr qilmasa, unday go‘sht harom bo‘ladi.
Alloh taolo "An’om" surasida aytadi:
«Agar Uning oyatlariga iymon keltiruvchilardan bo‘lsangiz, ustida Allohning ismi zikr qilingan narsadan eng!» (118-oyat)
Ya’ni haqiqiy mo‘min bo‘lsangiz, Allohning nomi bilan so‘yilgan hayvonlarning go‘shtidan oziqlaning. Kishining hayotida oziq-ovqat muhim o‘rin tutgani, xususan, tanovul qilinadigan taomning halol bo‘lishi nihoyatda muhim bo‘lgani uchun, oyatda iymonni o‘rtaga qo‘yib, Allohning nomini zikr qilib so‘yilgan hayvonning go‘shtini eyishga amr qilinmoqda.(“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:16 | Савол-жавоблар | 144 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar