Jinlar to‘g‘risida

Assalamu alaykum! Hazratimiz(Alloh ulardan rozi bo‘lsin)ning  "Sunniy aqidalar" kitoblaridan o‘qib o‘rganganlarim asosida jinlar va iblis bir xil maxluqot ekan deb xulosaga keldim. Shu fikrim to‘g‘rimi? Agar shunday bulsa, Iblisning qavmi insoniyatdan oldin yo‘q bo‘lib ketmaganmidi? Alloh faqatgina uni omon qoldirib, farishtalarga muallim qilmaganmidi? Yana bildimki, jinlarning ham erkagu ayoli bo‘lar ekan. Agar Odam yaritilishidan oldin faqatgina iblis(alayhilla’na) omon qolgan bo‘lsa, xozirgi jinlar qanday ko‘paygan? 

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Fikringiz to‘g‘ri. Alloh taolo “Hijr” surasi 27-oyatida marhamat qiladi :   وَالْجَآنَّ خَلَقْنَاهُ مِن قَبْلُ مِن نَّارِ السَّمُومِ 27. Va jinlarni bundan oldin samum o‘tidan yaratdik.
«Jinlar»dan murod ularning asli bo‘lgan iblisdir. Odam alayhissalom insonlarning asli bo‘lgani kabi, iblis alayhi la’na ham jin va shaytonlarning aslidir.
«Samum» so‘zi lug‘atda olov kabi issiq shamolni bildiradi. Shuningdek, «samum» jahannam issig‘ini ham anglatadi. Iblisning asli ana shunday narsadandir. Iblis farishtalarga muallim emas, balki muallam ya’ni ulardan ta’lim oluvchi bo‘lgan.
“Kahf” surasi 50-oyatida :  وَإِذْ قُلْنَا لِلْمَلَائِكَةِ اسْجُدُوا لِآدَمَ فَسَجَدُوا إِلَّا إِبْلِيسَ كَانَ مِنَ الْجِنِّ فَفَسَقَ عَنْ أَمْرِ رَبِّهِ أَفَتَتَّخِذُونَهُ وَذُرِّيَّتَهُ أَوْلِيَاء مِن دُونِي وَهُمْ لَكُمْ عَدُوٌّ بِئْسَ لِلظَّالِمِينَ بَدَلًا 50. Farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar», – deganimizni esla. Bas, sajda qildilar. Iblis mustasno. U jindan bo‘lgan edi. U o‘z Robbining amridan chiqdi. Endi sizlar Meni qo‘yib, uni va uning zurriyotlarini do‘st qilib olasizlarmi?! Holbuki, ular sizlarga dushman-ku! U zolimlar uchun naqadar yomon badaldir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).
“Endi sizlar Meni qo‘yib, uni va uning zurriyotlarini do‘st qilib olasizlarmi?!” degan oyatdan, Iblisning zurriyodlari bor ekanligi sobit bo‘ladi. Lekin ularning qanday suratda ko‘payishi biror oyat yoki hadisda kelmagan. وقال القرطبي في تفسير هذه الآية: قلت: الذي ثبت في هذا الباب من الصحيح ما ذكره الحميري في الجمع بين الصحيحين عن الإمام أبي بكر البرقاني: أنه خرج في كتابه مسندا عن أبي محمد عبد الغني بن سعيد الحافظ، من رواية عاصم، عن أبي عثمان، عن سلمان قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: لا تكن أول من يدخل السوق ولا آخر من يخرج منها ، فيها باض الشيطان وفرخ، وهذا يدل على أن للشيطان ذرية من صلبه Yuqoridagi oyatning tafsirida imom Qurtubiy : “Humaydiy “Sahihayn”ni jamlagan kitobida Salmon roziyallohu anhudan qilingan rivoyatni keltiradi. Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : Bozorga birinchi kiruvchi ham, undan oxirgi chiqquvchi ham bo‘lmagin. Shayton bozorga tuxum qo‘yib bola ochgan” deganlar. Ba’zilar ushbu rivoyatdan shayton tuxum qo‘yib bola ochishini aytishgan. Ba’zilar esa “bu hadisni zarbul masal tariqasida aytilgan” deyishgan. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:25 | Савол-жавоблар | 181 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar