Namozda jarohatdan qon chiqishi

Assalomu alaykum! Namoz o‘qiyotgan holda jarohatdan qon chiqib yoyilsa namoz buziladimi? Ba’zi hadislarda bir sahobaga o‘q tegadi ammo namozini buzmaydi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Qay qilish va qon chiqqandan tahorat qilish masalasi bir usuliy qoidaning mazhablar orasidagi ixtilofiga bino qilingan. Hanafiylar nazdida badanning qaysi bo‘lagidan oqadigan darajadagi najosat tashqariga chiqsa u tahoratni sindiruvchi hisoblanadi. O‘sha chiqqan najosat bavl va orqadan keladigan najosat kabi odatiy najosat bo‘lsin, yoki biror bir jarohat, bemorlikdagi chiqadigan bo‘lsin farqi yo‘q. Hanbaliylarning mazhabi ham shu kabidir. Bunga xilof o‘laroq imom Molik mazhabida najosat chiqadigan odatiy joydan odatdagi najosatning chiqishi tahoratni sindiradi. Shuning uchun qay qilish, burundan qon ketishi yoki badanning qaysi bir joyidan qon chiqishi, u kishining nazdida tahoratni sindirmaydi. Chunki u joylar oldi-orqa kabi odatiy najosat chiqib turadigant joylar emas. Shuningdek old-orqadan ham odatdagi bavl, maniy, maziy, vadiy va el kabi odatda chiqadigan narsalar chiqsa, tahorat sinadi. Lekin odatda najosat chiqadigan joydan qurt, tosh kabi odatiy bo‘lmgan narsalar chiqsa u kishining nazdlarida tahorat sinmaydi. Chunki joy odatda najosat chiqadigan joy bo‘lsada, lekin chiquvchi narsa odatiy chiqadigan narsa emas. Imom Shofi’iy rohimahulloh mazhablarida odatda najosat chiqadigan joydan biror narsa chiqsa, tahorat sinadi. Lekin molikiy mazhabidan farqli o‘laroq odatiy najosatdan boshqa narsa chiqsa ham tahorat sinadi. Shunga binoan molikiy va shofi’iy mazhablarida old-orqadan boshqa joydan chiqqan qon va yiring kabi najosatlar tahoratni sindirmaydi. Hanafiylar nazdida esa najosat odatiy joydan bo‘ladimi, yoki noodatiy joydan chiqadimi, chiqqan narsa najosat bo‘lsa tahorat sinadi. Bunga dalil qilib “Sunan Termiziy”dagi Abu Dardo roziyallohu anhuning : “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam qay qildilar va qay qilganlari tufayli tahorat qildilar”. “Men Dimashq masjidida Savbon roziyallohu anhuga yo‘liqib Abu Dardoning so‘zini aytgan edim, u : “Abu Dardo to‘g‘ri aytibdi. Men o‘shanda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning tahoratlariga suv quyib turgan edim” dedi”. Hanafiy mazhabini qo‘llab quvvatlovchi bu hadisdan boshqa yana bir necha hadislar bor. Siz aytgan hadisga kelsak, hanafiylar unga javoban : “Bu voqeada sahobiyning qon oqsada namozini davom ettiraverishi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam taqrir qilganlari, ya’ni “bo‘laveradi” deb isbot qilgan joylari yo‘qligidir. Bir sahobiyning qilgan ishini Rosululloh sollallohu alayhi vasallam isbot qilmasliklari bilan birgalikda bu hadisning qarshisida tahoratni sinishi to‘g‘risidagi hadislar borligi hamdir. Agar shu hadisga binoan qon chiqsada tahorat sinmaydi desak, chiqqan qon kiyim yoki badaniga tekkan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Chunki u zotga uch bor o‘q otilgan edi. Undan shofi’iylar nazdida ham qonni najosat emasligi kelib chiqadi. Holbuki ular ham qonni najosat deyishadi. Shofi’iylarga asl javob shuki hadisdagi sahobiy Ubbod roziyallohu anhuning namoz va tiloqati Qur’onga ishtiyoqi o‘ta baland bo‘lgan. Hatto ular berilib ketganlaridan qon chiqqanini ham sezmaganlar. Sezgan taqdirda ham ibodatning lazzati tufayli namozni to‘xtata olmagan. Bunday holatni “g‘olabatul hol” va “Istig‘roq”. Fuqaholar nazdlarida bunday holatda fiqhiy hukm olinmaydi”. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:15 | Савол-жавоблар | 219 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar