Muhtojlik emasmi?

Qozog‘istondagi ko‘plab tariqat egalari robita yopishadi. Ularning shubhali narsalari shulardan iborat: 1. Robita yopishning asosiy o‘zagi sifatida o‘z shayhlari “Transfarmator” ya’ni Alloh robita yopishning evaziga muridga ilohiy nur beradi. Bu nurni Alloh to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki shayx orqali beradi. Agar nur bizga shayx orqali berilmasa, biz bu nurni ko‘tara olmas ekanmiz. Bu e’tiqod kufr emasmi? 2. Shu turk ustozlar: “Biz Imom G‘azzoliyning aqidasini ushlaganmiz” deyishadi. Bu to‘g‘rimi? 3. Sulaymon Tunaxon ustozlari olamdan o‘tgan bo‘lsa ham, “u kishing hozirda ruhlari hayot bizga materialniy(moddiy) jihatdan yordam beradi” deyishadi va shuni isbotlash uchun har xil voqealar aytadilar. Bu-chi? 4. Robita haqligini tushundik, ammo biz nima sababdan Abu Bakr (r.a)ga yoki Umar (r.a)ga robita bog‘lamaymiz? 5. Biz hozirda shunday e’tiqoddagi ustozlardan ta’lim olib, yotib o‘qiymiz. Biz nima qilaylik? Biz ham gunohkor emasmizmi?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
ROBITA To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, robita haqidagi maqolani bu kitobga kiritish yoki kiritmaslik haqida uzoq bosh qotirdik. Tasavvufga oid ixtiloflar ichida bugungi kunda eng ko‘p tortishilayotgan masalalardan biri bo‘lgan robita masalasi bizning diyorlarimizda deyarli zikr qilinmas edi. Ba’zi bir soliklardan so‘ralganda, ularning robita haqida aniq tasavvurga ega emasligi ham buning dalili edi. Ammo bugungi kunda diyorimizga chetdan kelgan tasavvuf o‘zi bilan bu masalani ham olib keldi. Chetdan kelgan shayxlarga qo‘l bergan muridlar ayni shu masalani alohida ehtimom bilan so‘zlayotganlari ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi. Shu bilan birga, chetdan kelgan tasavvuf kitoblari tarjimalari orqali ham robita masalasi kishilar orasida ozmi-ko‘pmi tarqaldi. Shu bois, robita xususida ham imkon qadar ma’lumot berishga intildik. «Robita» arabcha so‘z bo‘lib, «bog‘lanish» ma’nosini anglatadi. Tasavvuf istilohidagi robita muridning zikr avvalida xayolan o‘z shayxiga bog‘lanib, uning siymosini ko‘z o‘ngiga keltirib, undan ma’naviy-ruhiy madad olishidir. Amalda bu robitaning oldida ham bir robita, ortida ham bir robita bo‘ladi. Zikr qilmoqchi bo‘lgan solik oldin o‘limni ko‘z oldiga keltirib, o‘lim robitasi – robitai mavt qiladi. Bu robita o‘z me’yoriga etganda shayxining siymosini ko‘z oldiga keltirib, robitai shayx qiladi. Bu ham bir me’yoriga etganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘z oldiga keltiradi va shundan so‘ng o‘zini Alloh taolo ko‘rib turgandek his qilib, robitai huzur qiladi. Robitai mavt bilan robitai huzur haqida so‘fiylar bilan birov tortishmaydi. Ammo, robitai shayxda so‘fiylar bilan boshqalarning hammasi tortishadi. Hatto, ba’zi so‘fiylar ham qarshi tarafda bo‘lishadi. Robitai shayxni tan olmaydiganlar ham har xil bo‘ladilar. Ularning ichida: «Bu narsani aqlimga sig‘dira olmayapman», deganlaridan tortib, «Robitai shayx shirkdan boshqa narsa emas», deganlarigacha bor. Dastlabki so‘fiylarda robitai shayxning zikrini uchratmadim. Ammo tariyqat rivoj topgan paytdagi so‘fiylarning hammasi robitani asosiy omillardan biri sanaydilar. Ular: «Fano fishshayx» bo‘lmaguncha «fano firrasul» va «fano fillah» bo‘lmaydi, ya’ni, shayxga foniy bo‘lmaguncha, Rasulga va Allohga foniy bo‘lmaydi», deydilar. Robita haqida bahs yuritgan tasavvuf kitoblarining barchasida robitai shayx tasavvufdagi eng zarur ishlardan biri sifatida zikr qilinadi. Ba’zi kitoblarda nafaqat tirik shayxlarga, balki vafot etib ketgan shayxlarga ham robita qilish haqida so‘z boradi. Doktor Saljuq Eroydin o‘zining «Tasavvuf va tariyqatlar» degan kitobida «Robita haqidagi risola» kitobidan foydalanib quyidagilarni aytadi: «Mavlono Xolid vafot etgan murshiddan ham robita orqali fayz olish mumkinligini aytadi. Bu kabi hollarda murshidning qabriga yaqinlashib salom beriladi va qabrning oyoq tarafida turib bir marta «Fotiha» surasini, o‘n bir marta «Ixlos» surasini va bir marta «Oyatul Kursiy»ni o‘qib savobini mayyitning ruhoniyatiga hadya etiladi. So‘ngra uning ma’naviyatiga tavajjuh qilinib, robita qilinadi, deganlar». Shu erda biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilganda ham bu kabi narsa yo‘q ekanligi, balki sahobai kiromdan boshlab bugungi mo‘min-musulmonlargacha hamma-hamma faqat salom berish bilan kifoyalanishini eslatib o‘tmoqchimiz. Robitai shayx shariat hukmlariga to‘g‘riligini isbot qilish so‘ralganda, so‘fiylar «Moida» surasidagi «Va Unga vasiyla izlang» oyatini dalil qiladilar va: «Robitai shayx qilish ayni Allohga etishish uchun vasiyla izlashdir», deydilar. Albatta, bu iqtibos bir oyatning ichidan olingandir. Oyati karimani to‘laligicha olinsa, quyidagicha bo‘ladi: «Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasiyla axtaringiz hamda Uning yo‘lida jihod qilingiz. Shoyadki, yutuqqa erishsangiz» («Moida» surasi, 35-oyat). Agar tafsirlarni varaqlaydigan bo‘lsak, ularning birortasida ham ushbu oyatdagi «vasiyla» so‘zi robitai shayx ma’nosida tafsir qilinmaganini ko‘ramiz. Boshqa tafsirlarni qo‘yib turib, so‘fiylarning tafsirlarini olaylik. Eng katta so‘fiylardan bo‘lmish, tasavvuf haqida birinchilardan bo‘lib kitob yozgan imom Abdulkarim Qushayriy rahmatullohi alayhi o‘zlarining «Latoiful ishorot» nomli tafsirlarida mazkur oyatning tafsirida «vasiyla»ga etti xil ma’no berganlar. Ammo bu ma’nolar ichida robitai shayx ma’nosi yo‘q. Shuningdek, tasavvuf uslubidagi eng mashhur tafsirlardan biri bo‘lmish «Ruhul ma’oniy»ning sohibi imom Olusiy rahmatullohi alayhi ham bu oyatni uzundan-uzoq tafsir qilganlar, ammo bu tafsirda «vasiyla»ning ma’nosi robitai shayx ekanligi mutlaqo zikr etilmagan. Robitai shayx masalasida katta jonbozlik ko‘rsatgan naqshbandiylar mazkur oyatning ma’nosidan robitai shayxni anglash mumkinligiga xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhining gaplarini misol keltiradilar. U kishi bu gapni so‘fiylar robitai shayxning haqq ekaniga dalil sifatida keltiradigan «Tavba» surasidagi «Va sodiqlar bilan birga bo‘ling» oyatining ma’nosini tushuntirish borasida aytgan ekanlar. Ammo, «Rashahot»da bu borada xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhidan naql qilingan matnda sodiqlar bilan birga bo‘lish ikkiga bo‘linishi: birinchisi, ularning suhbatini lozim tutish bo‘lsa, ikkinchisi, ular ila doimiy ravishda ma’naviy bog‘lanish bardavom bo‘lishi lozimligi aytilgan. Shayxning suvratini ko‘z oldiga keltirib zikr qilish aytilmagan. Hozirgi kunimizda tasavvufga da’vat qilib kelayotgan mashhur ulamolarimiz robitai shayx masalasini chetlab o‘tadilar. Tasavvuf tarafdorlari bo‘lgan ko‘pgina odamlar o‘zaro suhbatlarda bu masalani hech fikrlariga joylay olmayotganlarini aytadilar. Bu borada o‘rtacha echim topilishi mumkinmi, degan savol meni ko‘p o‘ylantirib kelardi. Savolga javobni Naqshbandiya tariyqatining mashhur shayxlaridan bo‘lgan Imomi Robboniy va Mavlono Xolid rahmatullohi alayhimoning robita haqidagi bayonotlaridan topdim. Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi robitai shayx komil murshidga bo‘lishini ta’kidlaydilar va bu ishga loyiq shayxni quyidagicha ta’riflaydilar: «Komil murshidning bir nazari qalb xastaliklarining shifosidir. Uning bir tavajjuhi ma’naviy xastaliklarni daf’ etadi. Bu kamolotning sohibi bo‘lgan zot vaqtning imomi va zamonning xaliyfasidir. Qutblar uning maqomi soyasidan panoh topadilar. Mamlakatlarning murshidi bo‘lgan buyuklar uning ummonlar kabi muazzam kamolotidan tasalli olurlar». Mavlono Xolid rahmatullohi alayhi: «Robita muridning murshidi komilning suvratini xayolga olib uning ruhoniyatidan foydalanishidan iboratdir», deydilar. O‘sha murshidi komil «shuhud maqomi»ga etishgan bo‘lishi shartligi ham ta’kidlangan haqiyqatdir. Bu haqda shayx Muhammad As’ad Irbiliy rahmatullohi alayhi: «O‘ziga robita qilinadigan shayxning holi va axloqi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hollari va axloqiga tobe’ bo‘lmagunicha, robitadan kutilgan fayz yuzaga chiqmaydi. Robita qiladigan solik esa, shayxining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlari ila axloqlanganligini shariat va tariyqat o‘lchovi ila tahqiq etishi farzdir. Aks holda, robita qiluvchi ham, qilinuvchi ham parishon bo‘ladi», deydilar. Agar bu ma’nolarni bugungi kunga tatbiq qilmoqchi bo‘lsak, yuqoridagi satrlarda vasfi zikr qilingan, bir nazari qalb xastaliklarining shifosi bo‘lgan, bir tavajjuhi ma’naviy xastaliklarni daf’ etadigan, vaqtning imomi va zamonning xaliyfasi bo‘lgan, qutblar uning maqomi soyasidan panoh topadigan, mamlakatlarning murshidi bo‘lgan buyuklar uning ummonlar kabi muazzam kamolotidan tasalli oladigan, holi va axloqi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hollari va axloqiga tobe’ bo‘lgan va shuhud maqomiga erishgan murshidi komilni topishimiz lozim bo‘ladi. Sizlar so‘ragan narsalarning hammasi tasavvufni noto‘g‘ri talqin qilishdir. Bu ilmni yaxshi bilmaganlarning gapidir.

26 Май 2022, 17:16 | Савол-жавоблар | 185 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar