Qasamni buzish va uning kafforoti haqida

Assalomu alaykum ustoz. Men Rossiyaga borsam falon bo‘lay deb qasam ichgandim. Endi borishimga to‘g‘ri kelyapdi, dadam olamdan o‘tganlar, Xudo rahmat qilsin. 3 ta ukam bor, 2 tasini  uylandi, 1 tasi qoldi. Qasamni buzish uchun 10 ta miskinga taom berishim kerak ekan, shuni pulini 1 miskinga bersam bo‘ladimi yoki 10 ta miskinga pulni bersam bo‘ladimi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Alloh taolo: «Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmaydi. Lekin qasd ila tukkan qasamlaringiz uchun tutadi. Bas, uning kafforati o‘z ahlingizni o‘rtacha taomlantirish miqdorida o‘nta miskinga taom berish yoki ularga kiyim berish yoxud bir qul ozod qilishdir. Kim topa olmasa, bas, uch kun ro‘za tutsin. Ana o‘sha, agar qasam ichgan bo‘lsangiz, qasamingizning kafforatidir. Qasamlaringizni muhofaza qiling. Alloh sizga shunday qilib o‘z oyatlarini bayon etadi. Shoyadki, shukr qilsangiz», degan (Moida, 89). Sharh: Ushbu oyati karimada Alloh taolo insonning gapiradigan gapini ham hisobini qilib turishi, ba’zi gaplar uchun aybga buyurish bor-u, ba’zilari uchun yo‘q ekanligi haqida so‘z ketmoqda. Demak, inson hayotining hamma jabhalari qatori, uning gap-so‘zlarida ham halol-haromi bor. O‘sha halol va haromni aniqlash, ularning hukmini chiqarish Alloh taoloning O‘ziga xosdir. Bu ishga aralashishga U zotdan boshqa hech kimning zarracha haqqi yo‘qdir. Insonni yo‘qdan bor qilgan Alloh, uning qandoq yashamog‘i lozimligini ko‘rsatib berishga ham faqat O‘zigina haqlidir. Insonga aql va til bergan Alloh o‘sha aqlni ishlatib, o‘sha til bilan qanday so‘zlarni aytganini tutadi-yu, qaysinisini tutmaydi–O‘zi biladi. Oyati karima: «Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmaydi» jumlasi ila boshlanmoqda. «Behuda qasam» deganda, til o‘rganib qolgan, beixtiyor gapga qo‘shilib ketadigan qasam iboralari nazarda tutiladi. Bu hol, ayniqsa, arablarda ko‘p uchraydi. Ularda «vallohi», «billahi» deyish qasamni bildiradi. Bu lafzlarning aytilishi ham oson. So‘z orasida ishlataverib, tillari ham o‘rganib qolgan. Demak, ana shunday hollarda beixtiyor qasam lafzi og‘izdan chiqsa, Alloh uning uchun tutmas ekan. Mazkur lafzni ayb hisoblab, uning uchun jazo chorasi belgilanmas ekan. Avval ham ta’kidlanganidek, Islomda umuman qasam ichishga targ‘ib qilinmaydi. Shariat izn bergan joylarda qasam ichilganda ham, faqatgina Alloh taoloning nomi bilangina qasam ichiladi. Alloh taoloning nomi bilan hadeb qasam ichaverish durust emas. Ammo ba’zi kishilar tili o‘rganib qolgani tufayli, beixtiyor qasam lafzini tiliga olgan bo‘lsa, ushbu oyat hukmiga binoan, unga jazo belgilanmaydi. Lekin behuda qasam ichgan kishi jamiyatda odobsiz, ishonchsiz va e’tiborsiz shaxsga aylanib qoladi. Shu bilan birga, shariatimizda ayb hisoblanadigan, jazo choralari belgilangan qasamlar ham bor. Alloh taolo biz o‘rganayotgan oyatning davomida: «Lekin qasd ila tukkan qasamlaringiz uchun tutadi», deydi. Bu jumlada qasamning mahkamligi hissiy ta’bir ila bayon qilinmoqda. Buning uchun «qasd ila» iborasining ma’nosiga «tukkan» iborasi ham qo‘shilmoqda. Bunda xuddi qasam bir hissiy nar-sa-yu, uni tugish mumkindek tasarruf qilinmoqda. Demak, qasamning buzilishi ayb hisoblanib, unga nisbatan jazo chorasi qo‘llanishi uchun qasd ila tugilgan–mustahkam niyat bilan ichilgan qasam bo‘lishi kerak ekan. Kim ana shundoq mustahkam qasamni ado eta olmay buzsa, unga nisbatan shar’iy jazo belgilanar ekan. Mazkur shar’iy jazo nimalardan iborat ekani oyatning davomida bayon qilinmoqda: «Bas, uning kafforati o‘z ahlingizni o‘rtacha taomlantirish miqdorida o‘nta miskinga taom berish yoki ularga kiyim berish yoxud bir qul ozod qilishdir». Arab tilida «kafforat» so‘zi bir narsani yaxshilab, hech ham ko‘rinmaydigan qilib to‘sib berkitishga aytiladi. Shariatda esa, sodir etilgan gunohni yuvish uchun ado etiladigan moliyaviy yoki badan ibodatiga «kafforat» deyiladi. Ushbu biz o‘rganayotgan oyati karimaga binoan, ichgan qasamini buzishga majbur bo‘lgan inson ado etishi vojib bo‘lgan kafforat quyidagicha: 1. O‘nta miskinning qornini to‘ydirish. Mazkur miskinlarni to‘ydirishdagi o‘lchov kafforat beruvchi o‘z ahliga beradigan o‘rtacha taom miqdoridir. Agar kafforat ado etishi lozim bo‘lgan shaxs o‘nta miskinga taom berishni xohlamasa, ikkinchi xil kafforatni ado etishi ham mumkin: 2. O‘nta miskinga bir sidra kiyim olib berish. Kiyim ham o‘sha vaqtning, joyning va qavmning o‘rtacha kiyimi bo‘ladi. Agar bu ham yoqmasa, uchinchi xil jazo ham bor: 3. Bir qul ozod qilish. Qasamini buzgan kishiga kafforat uchun belgilangan jazo choralaridan Islom dini beva-bechoralarga, kambag‘al-miskinlarga qanchalik e’tibor bilan qaragani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Shuningdek, bu mukammal va olamshumul dinning qulchilikka qarshi bo‘lgani va qullarni ozod qilishga qattiq uringani ham ko‘rinib turibdi. Islomda bu ishlar gunohlarni yuvadigan ibodat darajasiga ko‘tarilgani e’tiborga sazovordir. Og‘ziga kuchi etmaydigan, o‘ziga e’tibor qaratish va bir ishni, qilish yoki qilmasligini ta’kidlash maqsadida Alloh taoloning nomi ila qasam ichib, so‘ngra o‘z qasamiga sodiq qola bilmagan odam, aslida, Allohga nisbatan katta beodoblik qilgan bo‘ladi. Bu ishning jazosiga boshqacharoq chora ham belgilash mumkin edi. Ammo Alloh taolo aynan faqir-miskin va qullarga mehr ko‘rsatib, ularning foydasini ko‘zlovchi choralarni belgilagan. Qasamini buzadiganlarning hammasi ham o‘nta miskinni to‘yg‘izish yoki ularga bir sidra kiyim olib berish yoxud bir qul ozod qilish imkoniga ega bo‘lavermaydi. Ularning ichlarida kambag‘allari ham bo‘lishi turgan gap. Ana o‘shandoq imkoni yo‘q qasamxo‘rlarga o‘ziga xos jazo chorasi belgilangan: 4. «Kim topa olmasa, bas, uch kun ro‘za tutsin». Demak, qasamini buzgan odam kafforatni ado qilish uchun o‘nta miskinni taomlantirish yoki shuncha adaddagi miskinga kiyim-bosh olib berish yoxud bir qul ozod qilishga moliyaviy imkoni yo‘q bo‘lsa, uch kun ro‘za tutib, kafforatni ado etishi vojib bo‘ladi. Avvalgi uch jazo chorasining ichidan birini tanlash ixtiyoriy bo‘lishi bilan birga, to‘rtinchi jazo chorasini ado etishga faqatgina mazkur uch chorani ado etishga imkoni yo‘q kishilargina muyassar bo‘ladilar. Shariatimizda qasamini buzgan kishilar uchun kafforat ado etishni joriy qilishda avval zikr qilingan foydalardan tashqari, tarbiyaviy omil ham bor. Qasamini buzgan odamga kafforat ado etishni vojib qilishda uni o‘ziga keltirish va va’z-nasihat omili bor. Bir marta kafforat ado etishga majbur bo‘lgan inson keyin har bir gapini yaxshi o‘ylab gapiradigan va Alloh taoloning nomi ila qasam ichishdan oldin o‘ziga bir nazar soladigan bo‘ladi. Uning holini ko‘rgan boshqa kishilar ham ibrat olib, gaplarini o‘ylab gapiradigan bo‘lishadi. Oyati karimaning davomida yana quyidagilar aytiladi: «Ana o‘sha, agar qasam ichgan bo‘lsangiz, qasamingizning kafforatidir». Ya’ni, qasam ichgan bo‘lsangiz-u, lekin unga amal qila olmay qasamxo‘r bo‘lib qolsangiz, yuqorida zikr etilgan jazolarni o‘tash bilan qasamni buzish tufayli sodir etgan gunohlaringizning kafforatiga (berkitilishiga) erishasiz. Zotan, qasam ichgandan so‘ng unga amal qilgan odamga hech qanday jazo yo‘q. Shuning uchun agar qasam ichgan bo‘lsangiz: «Qasamlaringizni muhofaza qiling. Alloh sizga shunday qilib o‘z oyatlarini bayon etadi. Shoyadki, shukr qilsangiz». Albatta Alloh taologa qancha shukr qilinsa, shuncha oz. Sodir etilgan gunohning kafforatini ko‘rsatib berishning o‘zi har qancha shukrga arzigulik ne’matdir. https://savollar.islom.uz/smf/index.php/topic,34436.0.html

26 Май 2022, 18:12 | Савол-жавоблар | 559 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar