Namozda quloq qoqish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar. Men bir do‘stim bilan namoz o‘qidim. Namozdan so‘ng do‘stim quloq qoqishda xato qilganimni payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini bu qadar baland ko‘tarmaganliklarini aytdi. Men bosh barmog‘imni quloqning yomshoq joyiga tekkazganimni aytdim, do‘stim buni kelib chiqish sababini aytdi. Ya’ni imomi A’zam namoz boshlab quloq qoqqanlarida orqada turgan kar odamlar ovozlarini ya’ni “Allohu akbar” deganlarini eshitmagan ekan. Shu sababli qo‘llarini sal balandroq ko‘tarib, bosh barmoqni quloqni yumshoq joyiga tekkazib quloq qoqiladigan bo‘libdi. Do‘stim ayni payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilganlaridek qilgan ma’qul dedi.
1. Do‘stimni gapi va aytgan ma’lumotlari to‘g‘rimi?
2. Umuman qo‘lni qay balandlikda ko‘targan to‘g‘ri?
3. Bosh barmoqni quloqni yumshoq joyiga tekkazish bid’atmi?
Iltimoz imkon qadar to‘liqroq ma’lumot bersangiz. Alloh xammamizdan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu masalada bir qancha hadislar kelgan bo‘lib, avval ulardan ba’zilarini ko‘rib chiqaylik. Imom Muslim Voil ibn Hujrdan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari bilan bir safga keltirganlari aytilgan. Imom Ahmad, Ishoq ibn Rohavayh, Doraqutniy va Tahoviylar Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon namoz o‘qisalar, ikki qo‘llarining bosh barmoqlarini quloqlari barobariga ko‘tarar edilar», deyilgan. Imom Hokim va Doraqutniy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning takbir aytib, ikki bosh barmoqlarini quloqlariga ko‘targanlarini ko‘rdim», deyilgan. Bosh barmoqlarni quloqlarning yumshog‘iga tekkizishni aytgan ulamolar: «Qo‘lni quloqqa ko‘tarishdan maqsad uni quloqqa tekkizishdir. Chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi uning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir», deganlar. Misol uchun, «Al Bahrur-roiq sharhi kanzud-daqoiq» kitobida quyidagilar aytiladi: وَالْمُرَادُ بِالْمُحَاذَاةِ، أَنْ يَمَسَّ بِإِبْهَامَيْهِ شَحْمَتَيْ أُذُنَيْهِ، لِيَتَيَقَّنَ بِمُحَاذَاةِ يَدَيْهِ بِأُذُنَيْهِ، كَمَا ذَكَرَهُ فِي النِّقَايَةِ «Tenglashtirishdan murod ikki bosh barmoqlarni ikki quloqning yumshoq joyiga tekkizishdir. «Niqoya»da zikr qilinganidek, ikki qo‘lning ikki quloqqa tenglashganiga ishonch hosil qilish uchun». Bu haqda «Durrul Muxtor»da quyidagilar aytiladi: مَاسًا بِإِبْهَامَيْهِ شَحْمَتَيْ أُذُنَيْهِ، هُوَ الْمُرَادُ بِالْمُحَاذَاةِ، لِأَنَّهَا لَا تُتَيَقَّنُ إِلَّا بِذَلِكَ «Ikki bosh barmog‘ini ikki qulog‘ining yumshoq joyiga tekkizgan holida. Zotan, tenglashtirishdan murod shudir. Chunki busiz tenglashganiga ishonch hosil bo‘lmaydi». Bu gap hanafiylarning kitoblarida yo‘q, degan gap mutlaqo to‘g‘ri emas. Qo‘lning bosh barmoqlarini quloqlarning yumshoq joyiga tekkizish masalasi «Raddul Muhtor», «Al-Lubob fiy sharhil kitob», «Fatavoi Qozixon», Ali Qoriyning «Sharhul Viqoya», «Majma’ul anhur» va yana ba’zi kitoblarda bayon qilingan. Shunday ekan, «Hatto hanafiy ulamolarning fihqiy kitoblarida ham qo‘lni quloq yumshog‘iga tekkizish kerakligi haqida so‘z ketmagan» degan gap qaerdan olingan va nima uchun aytilgan? Bu haqdagi gap bemazhablar tomonidan havodan olingan. Hanafiy mazhabidagi kitoblarni bilamiz, deyish uchun olingan. Ammo hanafiy mazhabida nima gap bor-u, nima gap yo‘qligini biladigan ulardan boshqa kishilar ham borligini xayollariga keltirmaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisni amal qilishga va aniqlikka moyil qilib tushungan ulamolarning gapi xato bo‘ladimi? Undan keyin, takbiri tahrimada bosh barmoqlarini quloqlarning yumshoq joyiga tekkizganlarning namozi qabul bo‘lmay qoladimi? Agar shunday bo‘lsa, shu vaqtgacha shu tarzda namoz o‘qib kelganlarning holi nima bo‘ladi? Bu ixtilofni yuzaga keltirgan bemazhablarning asosiy «mazhabi» yuqoridagi kabi savollar qo‘zg‘ab, namozxonlar orasida ixtilof va janjallar chiqarishdir. Eng muhimi, ushbuni namozga oid xato deb jar solishdan kimga foyda bor? Qanday foyda bor? (“Ixtiloflar, sabablar echimlar” kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 20:14 | Савол-жавоблар | 313 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar