Qalbdagi hastalik

Assalomu alaykum. Hurmatli shayh hazratlari, Sizdan so‘raysigan narsam qalbdagi kasallik ya’ni kuyikishni davosi. Meni boshqalardan omadim kam emas, Allohga shukr, lekin ba’zida kimningdir omadi kelganini eshitsam biroz kuyikish hosil bo‘ladi. Iltimos menga yordam bersangiz, bundan qanday qutilish mumkinligini, uning davosini tushintirib bersangiz. Javobingiz uchun oldindan rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Siz kuyunish deb atayotgan dard hasaddir. Uning davosi quyidagicha; HASADNING DAVOSIMa’lumki, hasad eng og‘ir qalb xastaliklaridan biridir. Qalb xastaliklarini esa, faqat ilm va amal bilangina davolash mumkin. Hasadni ilm bilan davolash quyidagicha:Avvalo, har bir kishi hasad o‘zining diynu dunyo-siga zarar ekanini yaxshi anglab etmog‘i lozim. Shu bilan birga, u hasad qilingan odamning na diyniga va na dunyosiga zarar etkaza olmasligini ham tushunishi kerak. Balki, uning hasadidan dushmani foyda oladi.Agar oxiratga va undagi hisob-kitobga iymonni bir tarafga qo‘yib turib, aql yuzasidan ish tutganda ham, hasadga o‘rin yo‘q. Chunki, hasadchi o‘z hasadi tufayli ich-ichini eydi, qalbi dard-alamga to‘ladi. Ammo, biror foyda ko‘rmaydi.Ne’mat hasad qilingan odamdan sizning hasadingiz tufayli zavolga uchramaydi. Qanday qilib deysizmi?Unga ne’matni Alloh taolo bergan va Allohning O‘zi belgilagan muddatgacha davom etadi. Birovning hasadi tufayli ne’mat tugab qolmaydi. Oxiratda unga zarar etmasligi aniq. Chunki, ne’mat etgani yoki sizning hasadingiz unga gunoh bo‘lib yozilmaydi. Balki, hasadingiz sababli mazlum bo‘lgani uchun foyda olishi ham turgan gap. Bu dunyoda uning foyda olishi sizning jizg‘anak bo‘lishingizdandir. Chunki, odamlarning xursandchiligining sabablaridan biri dushmanning azoblanishidir.Yuqorida zikr qilingan narsalarning barchasi hasadchi o‘ziga o‘zi dushman va dushmaniga do‘st ekanini ko‘rsatadi. Bu xuddi dushmanini qatl qilish uchun tosh otayotgan odamga o‘xshaydi. Birinchi toshni otganda dushmaniga tegmay o‘ziga qaytadi va o‘ng ko‘zini ko‘r qiladi. Uning achchig‘i yana ham alanga olib, ikkinchi toshni otadi. Ikkinchi toshi ham mo‘ljalga tegmay o‘ziga qaytadi va chap ko‘zini ham ko‘r qiladi. U g‘azab otiga minib uchinchi toshni otadi. Tosh qaytib kelib, o‘zining boshini yoradi. Dushmani esa, soppa-sog‘, kulib, uni tomosha qilib turadi.Ushbularni tafakkur qilgan odamning qalbida hasad olovi so‘nishi turgan gap.Hasadni amal bilan davolash quyidagicha:Bunda hasad dardiga mubtalo bo‘lgan shaxs hasadi unga qaysi amalni buyuradigan bo‘lsa, o‘shaning aksini qilishi lozim bo‘ladi. Misol uchun, unga dushmanini yomonlashni amr qilmoqda, u uni maqtashga o‘tsin. Hasadi unga mutakabbirlik qilishni tavsiya qilmoqda, u unga tavozu’ ko‘rsatsin.Salafi solihlardan ko‘plari o‘zini g‘iybat qilgan shaxs haqida xabar eshitsa, unga hadyalar yuborar edilar.

27 Май 2022, 05:35 | Савол-жавоблар | 173 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar