Ahli kitoblar bilan ovqatlanish

Assalomu Alaykum Ustoz Shayx janoblari.Kasbim Shifokor-neyroxirurgman. Xizmat taqozosi bilan boshqa davlatlarda (asosan asosiy aholisi xristianlar bo‘lgan) shaharlarda malaka oshirish va ilmiy-amaliy anjumanlarda bo‘laman. Albatta kasbdoshlarimiz bilan shifoxonalarda va ularning uylarida mehmondorchiliklarda bo‘lamiz. Ular tayyorlagan taomlardan tanovul kilishimiz to‘g‘risida so‘ramokchiman.Albatta ular men va hamyurtlarimiz musulmonligini hisobga olib, hurmat yuzasidan bizlarga mos taomlar tayyorlashga harakat kilishadi. Savolim quyidagicha:1. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning axli kitoblar taomlaridan eyishga ruxsat bergan hadislarini kengrok yoritib bersangiz. 2. Ayrim do‘stlarimiz "Ularni idishlarida avval dinimizda harom kilingan ovkatlar tayyorlangan, shuning uchun ularni halol ovkatlari ham iste’molga yaroqsiz" - degan gaplari ko‘nglimizga shubxa solmokda.3. Halol hayvon go‘shtlari solib tayyorlangan ovkatlari (shar’iy koidalar asosida so‘yib tayyorlanganligini bilmagan holda) iste’moli haqida.Javobingiz uchun oldindan rahmat.Sizning dinimiz rivojiga qo‘shayotgan xizmatlaringizdan Yaratganning O‘zi rozi bo‘lsin.Andijondan muxlisingiz Madaminjon Komiljonovich Tursunov
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
1. Alloh taolo Qur’oni Karimda:“Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir», degan.Islom musulmonlarga nomusulmonlar bilan birga tinch-omon yashashga ruxsat bergan. Lekin shuning o‘zi etarli emas. Modomiki, musulmonlar jamiyatda boshqa din vakillari bilan birgalikda yashar ekanlar, tabiiyki, o‘rtada turli shaklda yaqin aloqalar bo‘lishi, o‘zaro bordi-keldi qilishlari mumkin. Shundan kelib chiqib, musulmonlarga ahli kitoblarning so‘ygan so‘yishlari halol qilingan. Bu oyatda «taom» so‘zi qo‘llangan, ammo undan ahli kitoblarning barcha taomlari, jumladan, cho‘chqa yoki boshqa harom hayvonlarning go‘shti, aroqqa o‘xshash ichimliklari ham halol ekan-da, deb tushunilmasligi kerak. Bu narsalarning haromligi o‘z-o‘zidan hammaga ma’lum. Asli o‘zi halol bo‘lgan boshqa narsalar haqida ham avval aytib o‘tildi. Demak, bu erda gap go‘shti asli halol bo‘lgan hayvonlar ahli kitoblarning dinlari asosida so‘yilgan bo‘lsa, halol bo‘lishligi haqida ketmoqda.Ba’zi kishilar: «Sizning taomingiz ular uchun haloldir», de-yishlik nima uchun kerak bo‘ldi ekan? Ular Qur’on hukmiga amal qilishmaydi-ku? Halol-haromning farqiga ham borishmaydi-ku, deyishlari mumkin. Ulamolarimiz bunga javoban: «Mazkur xitob mo‘minlarga qaratilgan, sizlar ham ularga o‘z taomingizdan bersangiz bo‘laveradi, deganidir», – deydilar.2. "Ularni idishlarida avval dinimizda xarom kilingan ovkatlar tayyorlangan, shuning uchun ularni xalol ovkatlari xam iste’molga yaroksiz" - degan gapga kelsak, bizning shariatimizda yuvish bilan barcha narsa poklanadi. Falon narsa tekkan idishni qatron qilish kerak kabi gaplar ortiqcha gaplar.3. Xalol xayvon gushtlari solib tayyorlangan ovkatlarni shar’iy koidalar asosida suyib tayyorlanganligini bilmagan xoldagi iste’moli xakidagi gapga kelsak, unday narsalarni so‘rab-surishtiriladi.

27 Май 2022, 05:47 | Савол-жавоблар | 167 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar