Zakotda yanglishmaslik uchun
Fazilatli Shayx Hazratlari Assalomu Alaykum! Sizga va barcha yaqinlaringizga Alloh taoloning Rahmat va barokotlari bo‘lsin! Haqq taolo qiblagohingiz xamda volidai muhtarama onajoningizni mag‘firat aylab, joylarini jannatdan qilsin. Omiyn! Shayxim Sizni barcha kitoblaringiz qatori Zakot masalasiga bag‘ishlab yozgan risolalaringizni ham o‘qib o‘rganib xayotga tadbiq etmoqdamiz. Ammo, ming afsuslar bo‘lsinkim ba’zi masalalarga kelganda aql farosatimiz va ilmimiz juda sayozlik qilmoqda. Alloh taolo farz qilgan Zakotni ado etishda esa, kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yishdan juda qo‘rqaman. Shu sababdan bu borada Sizning yordamingizga muhtojman. Xozrda tijoratning juda ko‘p yo‘nalishlari rivojlanib bormoqda. Shulardan aksariyati oldi-sotdi bo‘lsa, yanada rivojlanib borayotgan turlaridan biri bino va ishnoatlar qurib, ularni ijaraga berib foyda olishdir. Biz ham savdo do‘koni qurib, daromad olish maqsadida ijaraga berdik.Hazratim, agar odobsizlik qilayotgan bo‘lsak bizni kechirsinlar! Lekin, ba’zi muloxazalarimiz borki, bu borada Siz Fazilatli Shayx janoblarining fikrlari biz uchun juda qadrlidir. «Hadis va Hayot» ning «Zakot kitobi» 121-betida «Foydaga kelgan mollar-oylik maoshi, xunar qilib topilgan pullar, ijaraga qo‘yilgan imoratlar, mehmonhona, zavod yoki fabrika va mashinalardan tushgan foydalar asl molga–sarmoyaga qo‘shib turib, zakot chiqariladi», deyilgan. Bu iqtibosdagi «...foydalar asl molga – sarmoyaga qo‘shib turib, zakot chiqariladi», degan jumladan, bino va imoratlarni qurish uchun sarflangan pullardan, ya’ni asl mol–sarmoyadan ham har yili zakot berish kerak ekan-da, degan fikrga kelgan edik. Ammo, «Zakot kitobi» ning 144-145 betlarida esa, «Mol-mulklar ichida o‘zidan zakot olinmaydigan, lekin egasiga daromad keltirib turadiganlari bor», deyilgan. Zakotni esa, imorat, markab, zavod va boshqa daromad keltiradigan narsalarning foydasidan, ya’ni sof daromadidan ajratish lozimligi ta’kidlangan. Afsuski, bu borada ham ulamolarimiz ikki hil firk aytishgan ekan. Bundan tashqari tijorat mollari «foyda ko‘rish maqsadida oldi- sotdi uchun uchun tayorlab qo‘yilgan narsa», deb ta’riflagan. Agar, binolarni qurish uchun sarflangan mablag‘ni «foyda ko‘rish maqsadida... tayorlab qo‘yilgan narsa», deyilgan ta’rif orqali muloxaza qiladigan bo‘lsak, tijorat maqsadida ijaraga berilayotgan binolarning barchasi foyda olish maqsadida quriladi-ku. Va, qurilish uchun millionlab pul sarflanadi. Ana shu muloxazalar asnosida ikkilanib qolganligimiz bois Sizdan ba’zi narsalarni so‘rab bilmoqchi edik. -Har yili Zakot berishda imoratni qurish uchun sarflangan ja’mi mablag‘ga ijaradan kelayotgan daromadlarni qo‘shib hisoblab turib zakot berish kerakmi ? -Yoki bo‘lmasa faqatgina ijaraga berishdan kelayotgan sof daromaddan zakot berishning o‘zi kifoya qiladimi ? Fazilatli Shayx hazratlari, bu iqtiboslarni keltirishdan maqsadimiz ba’zi bir toifalarga o‘xshab ixtilof chiqarish emas. Balki, aql farosatimiz etmagan narsalarni Janobimizdan so‘rab o‘rganishdir. Shayxim! Mana bir necha yildirki shu muammoni echimini topa olmay qiynalaman. Sizdan biz uchun aniq va tushunarli bo‘lgan, shariatimiz taqozo etgan javobni olish umididaman. Alloh taolo Sizga dinimiz yo‘lidagi mehnatlaringiz samarasini bu dunyo va ohiratda ko‘paytirib bersin! Qodir Robbimiz Sizga ato etgani kabi bizlarga ham Imli Laduniy ato etishini iltijo bilan so‘raymiz! Omiyn!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Sarf bo‘lib ketgan pullar hisobga olinsin deb hech kim aytgani yo‘q. Qo‘shib hisoblansin degani zakot chiqarilayotgan paytdagi narsalarni pul, savdoga qo‘yilgan mollar va shunga o‘xshash narsalar deganidir. O‘zini sotishga qo‘yilmagan narsalardan keladigan foydalar zakot moliga qo‘yshiladi. Siz o‘zingiz kitob o‘qib tushuna olmaysiz ekan. Biror biladigan odamning oldida o‘qib, tushunib oling. Hozirgacha menga hech kim sizga o‘xshab savol bergan emas edi.
27 Май 2022, 05:47 | Савол-жавоблар | 171 | Zakot
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Sarf bo‘lib ketgan pullar hisobga olinsin deb hech kim aytgani yo‘q. Qo‘shib hisoblansin degani zakot chiqarilayotgan paytdagi narsalarni pul, savdoga qo‘yilgan mollar va shunga o‘xshash narsalar deganidir. O‘zini sotishga qo‘yilmagan narsalardan keladigan foydalar zakot moliga qo‘yshiladi. Siz o‘zingiz kitob o‘qib tushuna olmaysiz ekan. Biror biladigan odamning oldida o‘qib, tushunib oling. Hozirgacha menga hech kim sizga o‘xshab savol bergan emas edi.
27 Май 2022, 05:47 | Савол-жавоблар | 171 | Zakot