Ibodatlarim qabulmi?

Assalomu alaykum! Men bir hadisni eshitib qoldim unda xarom luqma ibodatlarning qabul bo‘lishini to‘sar ekan. Dadam bozorda sotuvchilik bilan shug‘ullanadilar. Ba’zida savdoda yolg‘on aralashtirmoqchi bo‘lsalar bunaqa qilmaylik deb qaytaraman. O‘zi men talabaman hozir o‘qiyapman lekin dadam aroq ichadilar ko‘p urundik lekin qaytarolmadik uydagilar bilan. Onamga meni uylashganidan keyin ichishni to‘xtatishini aytishibdi. Men hozir o‘qishdaman lekin dadam savdoda yolg‘on aralashtirmasinlarda deb tashvishga tushaman. Alhamdulillah 3-4 yildan beri namoz o‘qiman. Yaqinda Qur’onga bo‘lgan muhabbatim oshib ketib o‘zim mustaqil Hasanxon Yaxyo Abdulmajid ustozni online darslarni ko‘rib, Qur’on o‘qishni ham o‘rgandim, Shayximizni kitoblarini ham o‘qishga tushgandim 2 ta kitobini ham tugatdim. Ko‘p maruza ham eshitaman. Bilganlarimga iloji boricha amal qilish harakat qilib amal qilaman ham ko‘nglim ancha taskin topadi lekin ozgina vaqt o‘tib o‘zimdan o‘zim siqila boshlayman, bilmadim nima bo‘lar ekan hayronman. Keyin oxirgi paytlarda siqilib qolaverganimdan imonim susayib bilganlarimga amal qilolmay ham qolyapman bazilariga. Keyin amal qilolmaganimdan yanada siqilib asabiy bolib qolyapman. Buning sababi shu eyotgan luqmamda harom aralashmaganmikan deb o‘ylanyapman. Endi nima bo‘ladi shuncha o‘qigan namozlarim qabul emasmi agar luqmamga harom aralashayotgan bo‘lsa. Qazo namozlarim ham bor ularni o‘qiman desam shu o‘y qiynaydi agar qabul bo‘lmasa nima qilasan o‘qib, o‘zing halol pul topganingda keyin o‘qiyverasan degan hayollar o‘tib qiynaydi. Keyin o‘qigan Qur’onimni savoblari nima bo‘ladi. Kitob o‘qishni ham to‘xtatib qo‘ydim siqilib qolganimdan. Nima qilay ustozlar, iltimos yordam bering.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo bandalariga hargiz toqatidan ortig‘ini yuklamaydi. Vaziyatni o‘nglash o‘z qo‘lingizda. Hayot tarzingizni sinchiklab tekshirib ko‘ring. Farzlarni qoldirmay ado qilyapsizmi, o‘zgalarning haqlariga xiyonat qilmayapsizmi, gunohlarning katta-yu kichigidan saqlanyapsizmi, luqmangizni pok tutyapsizmi, sunnatlarga amal qilyapsizmi, barchasini tahlil qilib chiqing. Qaerda kamchilik ko‘rsangiz tuzating. Otangizning kasbidan tashvishlansangiz u kishiga so‘zi o‘tadigan kishilardan yordam so‘rab u kishini haromdan saqlanishga chaqiring. Hech qachon tushkunlikka tushmang. Taqvo qilishni istasangiz Alloh taolo har qanday holatda echim beradi. وَمَن يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَل لَّهُ مَخْرَجًا۝ وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ«Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur». (Taloq surasi, 2-3-oyatlar). Vallohu a’lam!

5 Июл 2022, 01:49 | Савол-жавоблар | 309 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar