Bilganiga amal qilmaydigan qizlar xaqida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozla, hozirda ba’zi qizlar 5 vaqt namozini o‘qishadi, Qur’on o‘qiydigani ham bor, ro‘zayam tutishadi, ba’zi hadislarni judayam yaxshi bilishadi, nima gunoh va nima gunohmasligini ham juda yaxshi bilishadi. Xullas islomda bilimli qizlar, lekin ularni ko‘pchiligini sevgan yigiti bo‘lib, ular bilan vadalashishadi va gaplashib yurishadi va oxiri boshqasiga erga tegishadi. Bu qizlardan bu mavzuda so‘rasangiz “Biz tavba qilamiz va hadislarda “kimidir yaxshi ko‘rsang o‘ziga aytib qo‘ygin deyilgan” deyishadi. Mani o‘ylantirgan narsa ularning ba’zilari muslimalardek kiyinishib olishadi, qilgan ishlari bunga zid. Engi achinarlisi ular “begona insonni sevish mumkun, gunoh bo‘lsayam tavba qilsak kechiriladi” deb o‘ylashayotganidir. Nima ularni tavbalari aniq qabul bo‘lishiga yoki tavba qilishga ulgurishiga hujjati bormi bilmadim. Shu qizlarni deyarli barchasi telegramdagi “Zikr ahlidan so‘rang” kanaliga a’zo bo‘lishgan. Iltimos shunday fikrlaydigan qizlar uchun bu ishning gunohligini va ular aytayotgan hadisni asl ma’nosini tushuntirishda yordam beringlar, zora bunday muslimalarni kiyimini kiyib olib noshar’iy ishlarni qilayotganlar boshqalarga namuna bo‘lib qolmasin va boshqa muslima qizlarni sha’nlariga ta’sir qilmasin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Namoz o‘qiganiga, Allohni tanishga harakat qiliganlariga rahmat. Lekin ular o‘zlariga hujjat qilayotgan hadis boshqa ma’nodadir. Bu namohram ayolning nomahram erkakka muhabbat izhor qilishi haqida emas. Al-Miqdom ibn Ma’diykarab roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon sizlardan biringiz birodariga muhabbat qo‘ygan bo‘lsa, unga muhabbat qo‘ganini bildirib qo‘ysin», dedilar». Sharh: Musulmon kishi birodariga bo‘lgan muhabbatini «Birodar, men sizni yaxshi ko‘raman, sizga muhabbat qo‘yganman» deb bildirib qo‘yishi kerak ekan. Bu ish o‘sha ikkinchi odamni ham e’tiborsiz yurmay, ular o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning yaxshilanishiga sabab bo‘lar ekan. Natijada butun jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat aloqalari mustahkamlanib, keng tarqaladi. Indamay yursa, muomala ham shunga yarasha bo‘ladi. Hatto asta-sekin muhabbat qo‘ygan odamning o‘zi ham birodaridan ko‘ngli sovib qolishi mumkin ekan. Ammo ko‘nglidagi mehrini izhor qilsa, bu munosabatlar ikki tomonlama mustahkamlanib, aloqalari rivojlanib ketadi. Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: «Qachon bir kishi boshqa kishini o‘ziga birodar deb bilsa, uning ismini, otasining ismini va qaysi qavmdan ekanini so‘rasin. Bu muhabbatni etishtiradi», deyilgan. Mujohiddan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biri meni uchratib qoldi. Orqamdan kelib, ikki elkamdan tutdi va: «Ammo men seni yaxshi ko‘raman», dedi. «Sen meni nima uchun yaxshi ko‘rsang, men ham seni o‘sha uchun yaxshi ko‘raman», dedim. «Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bir kishi boshqa bir kishini yaxshi ko‘rsa, uni yaxshi ko‘rishi xabarini berib qo‘ysin» demaganlarida men bu gapni senga aytmas edim», dedi. Keyin menga sovchilik qila boshladi. Bizning bir joriyamiz bor. Xulqi uncha yaxshimas...». Sharh: Ushbu hadisning mazkur bobga taalluqli joyi kishining birodariga bo‘lgan muhabbatini izhor qilib qo‘yishidir. Shuningdek, hadisda ahli solih kishilar topilsa, o‘z ixtiyoridagi ayollarga uylanishni taklif qilish ham yaxshi ish ekanligi aytilmoqda. Ayni paytda bu hadisdan kelinlikka nomzodlarning yuqoridagi kabi biror jihatlari bor bo‘lsa, buni ham aytib, bildirib qo‘yish lozimligini ham bilib olamiz. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ikki kishi bir-biriga muhabbat qo‘ygan bo‘lsa, ulardan afzali sherigini ko‘proq yaxshi ko‘rganidir», dedilar». Sharh: Ikki musulmon bir-birini yaxshi ko‘radi. Ulardan qaysi biri birodarini ko‘proq yaxshi ko‘rsa, muhabbati kuchliroq bo‘lsa, o‘sha kishi ularning afzali bo‘lar ekan. Bu bilan jamiyat a’zolari o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik ruhini keng tarqatish, mustahkamlash, bu borada musobaqa qilish, o‘zaro muhabbatni kuchaytirishga targ‘ib qilinmoqda. Albatta, bunday targ‘ibot amal qilib turgan jamiyatda insonlar bir-birlarini yaxshi ko‘radilar, adovat qilmaydilar, tinch-totuv hayot kechiradilar. Qolaversa musulmon kishi dinini o‘rganib unga to‘laligicha amal qilish lozim. Nafsiga to‘g‘ri kelmaydigan joyiga kelganida yuqoridagi noto‘g‘ri gaplarni o‘ziga hujjat qilib olmasligi kerak. Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ ادْخُلُواْ فِي السِّلْمِ كَآفَّةً وَلاَ تَتَّبِعُواْ خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُّبِينٌ۝ 208. Ey iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq-oydin dushmandir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 06:19 | Савол-жавоблар | 180 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar