Jannatda Rasulullohni ko‘rish uchun nima qilamiz

Assalomu alaykum! Jannatning darajalari bor bo‘lsa, eng quyi darajadagi inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘ra oladimi? O‘zi umuman jannatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lishlik uchun nimalar qilish kerak? Qanday amallar qilish kerak? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Quyidagi hadisga amal qiling. عَنْ رَبِيعَةَ بْنِ كَعْبٍ الْأَسْلَمِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنْتُ أَبِيتُ مَعَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَأَتَيْتُهُ بِوَضُوئِهِ وَحَاجَتِهِ، فَقَالَ لِي: سَلْ، فَقُلْتُ: أَسْأَلُكَ مُرَافَقَتَكَ فِي الْجَنَّةِ، قَالَ: أَوْ غَيْرَ ذَلِكَ؟ قُلْتُ: هُوَ ذَاكَ، قَالَ: فَأَعِنِّي عَلَى نَفْسِكَ بِكَثْرَةِ السُّجُودِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Robiy’a ibn Ka’b al-Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga tunagan edim. U zotga tahorat suvlari va boshqa hojatlari tushadigan narsalarini keltirdim. U zot:
«So‘ra», dedilar.
«Jannatda sizga rafiq bo‘lishni so‘rayman», dedim.
«Bundan boshqani emasmi?» dedilar.
«Shuning o‘zini», dedim.
U kishi sollallohu alayhi vasallam:
«Unday bo‘lsa, menga o‘zing uchun ko‘p sajda ila yordam ber», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Avvalo ushbu hadisning roviyci Robiy’a ibn Ka’b roziyallohu anhu bilan tanishib olaylik.
To‘liq ismlari Robiy’a ibn Ka’b ibn Molik ibn Ya’mur al-As¬lamiy, kunyalari – Abu Firos. Bu kishi Hijoz ahlidan bo‘lib, ulug‘ sahobalardan hisoblanar edilar.
Robiy’a ibn Ka’b roziyallohu anhu suffa ahlidan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir necha hadislar rivoyat qildilar. Bu kishidan Abu Salama ibn Abdurrahmon, Xanzala ibn Amr, Abu Imron al-Ju’fiylar rivoyat qilganlar.
Robiy’a ibn Ka’b al-Aslamiy roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan safarda kechasi birga qolgan edilar. O‘shanda u zotning xizmatlarini ixlos bilan qilib, tahorat suvi, misvok yoki joynamozga o‘xshash hojat tushadigan narsalarni keltirganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishidan rozi bo‘lib, «Xohlagan narsangni so‘ra», debdilar. Ana o‘shanda Robiy’a ibn Ka’b al-Aslamiy:
«Jannatda sizga rafiq bo‘lishni so‘rayman», dedi.
U kishi juda katta narsani, umuman, hayotning asosiy muddaosini so‘ragan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining niyatlari jiddiyligini bilish uchun:
«Bundan boshqani emasmi?» dedilar».
Lekin Robiy’a jiddiy ohangda:
«Shuning o‘zini», dedilar.
«Unday bo‘lsa, menga o‘zing uchun ko‘p sajda ila yordam ber», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
Bu Payg‘ambarimizning «Men sening jannatda rafiqim bo‘lishing uchun qo‘limdan kelgan harakatni qilaman, ammo o‘zing ham bu ishda menga yordam ber. Menga yordam berishing sajdani ko‘p qilish bilan bo‘lsin», deganlaridir.
Bundan jannatga kirishning eng asosiy omillari namoz va undagi sajdalar ekanligi bilinadi.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Ahli fazl kishilarning xizmatida bo‘lish fazilatli ish ekanligi.
2. Ulug‘ kishilarga tahorat suvi va shunga o‘xshash hojatlari tushib turadigan narsalarni muhayyo qilib turish kichiklarning vazifasi ekanligi.
3. Ahli fazl kishilar o‘zlarini rozi qilgan atbo’lariga muruvvat etib turishlari.
4. So‘raganda oxirat saodatini so‘rash kerakligi.
5. Bir narsani so‘ragan kishidan: «Bundan bosh¬qani emasmi?» deb so‘rash joizligi.
6. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham amal qilmagan odamning jannatga kirishiga bevosita sabab bo‘lmasliklari.
7. Namozning fazilati katta bo‘lib, uning jannatga kirish uchun zarur amal ekanligi.
8. Robiy’a ibn Ka’b roziyallohu anhuning fazilatlari.
Demak, iloji boricha ko‘p namoz o‘qib, sajdani ko‘paytirishimiz lozim. Ana shunda jannatdan va undagi oliy martabalardan umidvor bo‘lsak yarashadi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

3 May 2022, 19:40 | Savol-javoblar | 180 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar