Ehson qiluvchiga baraka so‘roydigan farishta haqida hadis

Assalomu alaykum! Abu Hurayra r.a dan rivoyat qilingan. Rosululloh sallolohu alayhi vasallam har kuni tongda ikki farishta er yuziga tushadi. Ularni biri Allohim bugun hayr ehson qilgan bandangni ehsononi o‘rnini o‘zing to‘ldirgin deya duoyi hayr qiladi. Ikkinchi farishta bugun bahillik qilgan bandanga talofat ber deb duoyibat qiladi. Shu ma’nodagi hadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bor. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ صَلَّى عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا مِنْ يَوْمٍ يُصْبِحُ الْعِبَادُ فِيهِ إِلَّا مَلَكَانِ يَنْزِلَانِ، فَيَقُولُ أَحَدُهُمَا: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُنْفِقًا خَلَفًا، وَيَقُولُ الْآخَرُ: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُمْسِكًا تَلَفًا. رَوَاهُمَا الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bandalar tong ottirgan har bir kunda albatta, ikki farishta nozil bo‘ladi. Ulardan biri:
«Allohim! Infoq qiluvchiga evaz bergin», deydi.
Ikkinchisi esa:
«Allohim! Ziqnaga yo‘qotish bergin», deydi», dedilar».
Ikkisini ikki Shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Har kuni ertalab er yuziga ikkita farishta ma’lum vazifa bilan tushar ekan. Ulardan birining vazifasi molu dunyosini infoq qiluvchi kishiga o‘sha moli o‘rniga undan ko‘ra yaxshiroq evaz so‘rab, nido (duo) qilish ekan. Ikkinchi farishtaning vazifasi esa ziqna,  xasisning moli talofatga uchrashini tilab, duo qilib turish ekan.
Albatta, farishtalarning duosi maqbuldir. Shuning uchun hech qachon mumsik bo‘lmaslik kerak. Doimo molni Alloh ko‘rsatgan joylarga infoq qilishga, shu jumladan, zakotni ham o‘z o‘rniga ado etishga harakat qilish lozim. Uni Allohning yo‘lida etkazish payidan bo‘lish kerak. Zero, Allohning yo‘lida sarflangan mol hech qachon zoe ketmaydi. Aksincha, infoq qilingan, zakoti chiqarilgan molga baraka kiradi. Farishtalarning duosi ila ketgan molning o‘rniga undan ko‘proq va yaxshirog‘i keladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

4 May 2022, 08:38 | Savol-javoblar | 240 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar