Foyz evaziga bemor jo‘natish joizmi?

Assalomu alaykum! Sinfdoshim poliklinikada shifokor. Har xil xususiy klinikalardan vakil kelib ularga tekshirish uchun bemor yuborishni va buning evaziga bemor to‘lagan puldan foiz ajratishni taklif qilishayotgan ekan. Hatto ba’zilari biz narxni oshirmaymiz, o‘z foydamizdan bo‘lishamiz deyishibdi. “Menimcha bu variant to‘g‘ri kelsa kerak” desam, “u erdagi uskunalar eskirgan, shifokori uncha tajribali emas” dedi. Oyligi uncha ko‘p bo‘lmagani uchun aksariyat shifokorlar kim ko‘proq to‘lasa o‘shanga jo‘natishmoqda. Bechora sodda bemorlar navbatda odam ko‘pligini ko‘rib “yaxshi joyga yuboribsiz rosa odami ko‘p” deb xursand ham bo‘lishyapti, lekin vijdonim qiynaladi, Qanday yo‘l tutay deydi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim bizga makr qilsa bizdan emas” deganlar. Iymonini pulga sotmasinlar. Haqli bo‘lmagan arzoni turib qimmatiga, foydaligi turib foydasiz tekshiruvlarga jo‘natmasinlar. Bemorning ularga bo‘lgan ishonchi omonat hisoblanadi. Ular bu omonatga yarasha ish tutmasalar xoin hisoblanishadi. عن أبي سعيد عن النبي - صلى الله عليه وسلم - قال : لكل غادر لواء عند استه يوم القيامة . وفي رواية : لكل غادر لواء يوم القيامة يرفع له بقدر غدره ألا ولا غادر أعظم غدرا من أمير عامة . رواه مسلم  Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  
Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “Har bir xiyonatchining qiyomat kuni orqa tomonida bayrog‘i bo‘ladi. Bir rivoyatda “Xiyonatchining xiyonatiga qarab unga bayroq ko‘tariladi. Ommaga boshliq bo‘lganning xiyonatidan ulkanroq xiyonatchi yo‘qdir” dedilar”. Muslim rivoyati. 
Barcha o‘sha bayroqdan uning qanchalar xoin bo‘lganini bilib oladilar. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 10:57 | Savol-javoblar | 145 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar