Masjidining kirishida mushkianbar

Assalomu alaykum! Masjidga kiraverishda odamlarga mushkianbar surishni niyat qildik. Shu ishimiz joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidlarni toza tutishga va xushbo‘ylantirishga buyurganlar. Bunday amalni qilish sunnat. Shuningdek masjidga keluvchilarni ham poklanib, xushbo‘yliklar sepib kelishga ham buyurganlar. Bu ham sunnat. Sizlar o‘sha sunnatga amal qilishga yordam berayotgan hisoblanasizlar. Albatta uni ostida o‘zingizlarni nafsiy bir niyatingiz, ya’ni molingizni o‘tkazib olish bo‘lmasa bo‘ldi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: أَمَرَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِبِنَاءِ الْمَسَاجِدِ فِي الدُّورِ وَأَنْ تُنَظَّفَ وَتُطَيَّبَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hovlilarda masjidlar qurishga, ularning tozalanishiga va xushbo‘y qilinishiga amr qildilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu ma’noni mahalla masjidlari ma’nosida tushunish mumkin. Musulmonlarning namozga            jamlanishlari oson bo‘lishi uchun yashash joylariga, hovlilariga yaqin joylarga masjid qurishlari matlubdir.
Bu amrga musulmonlar qadimdan ahamiyat berib kelganlar. Qaerda musulmonlar to‘plansalar, o‘sha erga masjid qurilavergan. Musulmonlar o‘z hayotlarini, mahallalarini, qishloq yoki shaharlarini masjidsiz tasavvur qila olmaganlar. Hatto boshqa dindagilar ham bu narsaga ko‘nikkanlar, uni oddiy haqiqat, deb qabul qilganlar.
Ushbu hadisda zikr qilingan narsalardan             ikkinchisi masjidlarni ozoda tutishdir. Bunga ham musulmonlar doimo amal qilib kelganlar va kelmoqdalar. Endi shu holatni yana ham yaxshilab, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amrlarini mahkam ushlashimiz zarur.
Bu hadisi sharifda kelgan uchinchi amr masjidlarni xushbo‘y holda saqlashdir.
Bunga amal qilish bir joyda ko‘ngildagidek bo‘lsa, boshqa joylarda unchalik emasligi hammamizga ma’lum. Aslida hamma joyda ham o‘z sharoitidan kelib chiqib, masjidlarni xushbo‘y qilib qo‘yishga, kirgan kishining bahri dili ochiladigan, chiqqisi kelmaydigan holda tutishga harakat qilinishi lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

4 May 2022, 11:41 | Savol-javoblar | 162 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar