To‘y tashkilotchilarining haqqi

Assalomu alaykum! Ustozlar, hozirda ko‘pchilik to‘y qilmoqchi bo‘lsa, to‘y-hashamlarni uyushtirib beruvchi "tashkilot" firmalarga murojaat qilishmoqda. Ular: "To‘yimga video kamera, san’atkorlar va hokazolarni gaplashib bergin" degan iltimoslar bilan ushbu firmaga murojaat qilishadi. Tashkilotchilar mijoz rozi bo‘ladigan darajada hamma narsani tashkillashtirishadi, va tabiiyki, o‘zlarining haqlarini ham qo‘yib narx belgilashadi. Misol uchun, bitta video kamerachilarni gaplashib bersa, 400$ mijozdan oladi-da, videochilarga 300-350 AQSh dollari beradi. Xuddi shunga o‘xshash yana bir nechta xizmatlarni gaplashib berishadi. Lekin mijoz topib berayotgani uchun oldindan san’atkorlar, kamerachilar bilan kelishib oladi, senga 350 beraman, xizmat haqqimga 50 olaman, ya’ni mijozga 400 ga sotaman deydi. Lekin mijozga aytmaydi, asli ozi bularni narxi 350 lekin men sizlarga o‘z xizmat haqqimni ham qo‘shib 400 ga sotyapman deb aytmaydi. Menimcha, ko‘p joyda tizim shunday. Eng muhimi, 3 tomon ham rozi bo‘ladi, mijoz ham ortiqcha tashvishdan qutuladi, san’atkor ham xursand, uni rozi qiladigan narxda mijoz topib berdi, va tashkilotchi ham tirikchilik qiladi. Bu ish albatta, faqat bor-yo‘g‘i telefonda gaplashib berish bilan bitmaydi. Uning mas’uliyati bor, o‘sha to‘yda boshdan oxirigacha bosh-qosh bo‘lib turadi. Bir narsadan mijoz qoniqmasa o‘sha tashkilotchi mas’ul bo‘ladi. Bu savolni berishimdan maqsad, o‘zim ham san’at sohasida bo‘lganim uchun ko‘pchilik mendan uni gaplashib ber, buni gaplashib ber deb iltimos qiladi. Bunga albatta mening qaysidir ma’noda vaqtim, mehnatim ketadi. Ayting-chi ustoz, o‘sha qolgan foyda men uchun halolmi? Savolim uzun bo‘lgani uchun oldindan uzr so‘rayman. Alloh barchamizni hidoyatga boshlasin va harom luqmadan o‘zi asrasin. Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Agar gaplashib berayotgan odamlaringiz shariat harom qilgan amallarga aralashishsa siz ham o‘sha gunohga yordam bergan bo‘lib, o‘shalar bilan barobar gunohkor bo‘lasiz. Noshar’iy amallar bilan topilgan pul ham shar’an halol bo‘lmaydi. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 15:19 | Savol-javoblar | 150 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar