Taqinchoqlarga ishonish

Assalomu alaykum. Bir tanishimiz qandaydir ip-taqinchoq taqib, u baxt, omad, muhabbat olib keladi degan fikrda ekan. Biz bu noto‘g‘ri, Allohga ishonish kerak desak, manbaa so‘rashdi. Qaysi kitobdan javob topsak bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Allohdan boshqasi berolmaydigan narsani bandadan so‘rash shirk hisoblanadi. masalan farzand berish faqat Alloh taoloning O‘zigagina xos. Buni bandasidan so‘rash shirk hisoblanadi. Albatta bandani qo‘lidan keladigan narsalarni bandadan so‘rash shirk emas. Masalan suv sotuvchidan suv so‘rash shirk emas. Qo‘lidan hech narsa kelmaydigan, qaysidir usta tomonidan yasalgan narsadan biror hojatni so‘rash yoki umid qilish qaysi ahmoqning ishi ekanligini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Beruvchi Alloh bo‘lganidan keyin rahmatini yog‘ilishiga sabab bo‘ladigan ishlarni qilib Allohning rahmatini umid qilish mumkin. Masalan Allohning maxluqotlariga rahm qilib Allohning rahmatini umid qilish. Sadaqa ehsionlarni qilib balo ofatlarni daf qilishini umid qilish mumkin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rahm qilganlarga Alloh rahm qilishi haqida, sadaqalar balolarni daf qilishi haqida ko‘plab hadislar aytganlar. Do‘koniga qurbaqa haykalini qo‘yib, ko‘zning shakli tushirilgan narsani osib qo‘yib, isiriq kabi narsalarni osib qo‘yib shular menga baxt keltirib balolarni daf qiladi deyish, qo‘li bilan but yasab unga sig‘inishdan nima farqi bor?! Vallohu a’lam!

4 May 2022, 20:36 | Savol-javoblar | 153 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar