Makiyaj haqida

Assalomu alaykum! Inshaaloh hijobga kirmoqchiman. Lekin makiyajsiz ko‘chaga chiqsam o‘zimni kasaldek his qilaman, ko‘rinishim o‘zimni qoniqtirmaydi. Bir muddat ro‘mol o‘rab, bo‘yanmay yurdim, natijada qattiq tushkunlikka tushib qoldim. Iltimos, dinimiz ruxsat bergan bo‘yanish vositalari haqida aytsangiz. Savol-javoblar orasida qoshi kam ayolga qalam bilan bo‘yalsa bo‘ladi deyilganini o‘qidim, shuningdek surma ishlatsa ham bo‘ladi deb eshitganman. Yana qanday vositalarga ruxsat bor?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Nomahramlarga ko‘rsatib ularni fitnaga soladigan har bir ish shar’an harom. Siz tushkunlikka tushaman demasdan islomga to‘lig‘icha amal qiling. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ ادْخُلُواْ فِي السِّلْمِ كَآفَّةً وَلاَ تَتَّبِعُواْ خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُّبِينٌ۝ 208. Ey iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq-oydin dushmandir.
Ma’lumki, «Islom» so‘zi «Allohga bo‘ysunish» ma’nosini bildiradi. Bu holatda oyatning umumiy ma’nosi «Allohga butun borlig‘ingiz ila bo‘ysuning», degani bo‘ladi. Ya’ni Allohga bo‘ysunish to‘laligicha bo‘lsin. Tili bilan bo‘ysunib, dili bilan bo‘ysunmasdan yoki badani bilan bo‘ysunmasdan qolish kerak emas. Xullasi kalom, bo‘ysunish to‘laligicha, hamma tomondan bo‘lishi kerak. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

5 May 2022, 00:34 | Savol-javoblar | 174 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar