Namozni qoim qilish

Assalomu alaykum! Bir savol javobingizda namozda ovoz chiqarib qiroat qilmasa namoz ado bo‘lmaydi debsizlar. Ayollar ham o‘zi eshitadigan darajada ovoz chiqarib qiroat qilishi kerakmi? Biz Muhammad Kamolning "Musulmon bolaning din kitobi" kitobchasiga ayollarni qiroati ovoz chiqarmay bo‘ladi deb o‘qigan edik. Shu paytgacha ovoz chiqarmay o‘qib kelyapmiz(ovoz chiqarmay aytsak ham labimiz, tilimiz ichimizda qimirlatib aytamiz). Endi shu paytgacha o‘qilgan namozlarni qazosi o‘qiladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ovoz chiqarmasdan o‘qiydi deb noto‘g‘ri tarjima qilingan ekan. Chunki barcha fiqhiy kitoblarda maxfiy qilib o‘qiydi deyilgan. Maxfiyni esa o‘zi eshitadigan darajada deb aytiladi. "Kifoya" kitobida quyidagicha keladi: Farzning ikki rak’atining har birida hamda vitr va naflning har bir rak’atida bir oyat qiroat qilish.
Ovoz chiqarib qiroat qilishning eng pasti o‘zidan boshqaga eshittirishdir.
O‘zidan boshqa eshitmaydigan darajadagi qiroatni «ovoz chiqarib qiroat qilish» deb bo‘lmaydi. Demak, ovoz chiqarish lozim bo‘lgan qiroatda aqalli o‘ziga eng yaqin turgan kishi eshitadigan darajada ovoz chiqishi lozim ekan.
Ovoz chiqarmay qiroat qilishning eng pasti o‘zi eshitadigan bo‘lishidir. Mana shu to‘g‘ridir.
O‘zi eshitadigan darajada bo‘lmagan narsa qiroat bo‘lmaydi. O‘zidan boshqa eshitadigan bo‘lsa, oshkora qiroat bo‘lib qoladi. Og‘zini yumib, xayolida qiroat qilish umuman qiroat emas. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 23:18 | Savol-javoblar | 190 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar