Shahrimizdagi ziyoratgohlar haqida

Assalomu alaykum! Biz yashab turgan Toshkent shahridayam ziyoratgohlar juda ko‘p. U erlarda odamlar borib namoz o‘qiydigan xonalarga kirib namoz o‘qishadi, atagan hayr ehsonlarini qilishadi. Yaqinda man Zangi buva ziyoratgohiga bordim, o‘shattagila aytishdiki bir ayol yoshi kotta xotin 1oy davomida ertalab bomdod namoziga chiqadi. Shu bilan kech xufton namozini o‘qib chiqib ketadi. Kun bo‘yi haligi ayol masjidda namoz o‘qib Qur’on o‘qib zikrda bo‘lib ibodat qilibdi. U ayol shu erda namoz o‘qisam ibodat qisam mazza qilib qilaman debdi. O‘zi boshqa odamlardan ham nega bu erga kelishini so‘radim.  Ularni hammasi bitta gapni ziyorat qilib duo olishlarini aytishdi. Agar noto‘g‘ri savol berayotkan bo‘lsam mani kechiring, lekin bunaqa holatni manam qanaqadir engil bo‘lib keldim. Bunda biror hikmat bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz aytgan ayol nima maqsadda borishini bilmadik. Kimdir pul topish uchun boradi. Shariatimiz ko‘rsatmalariga zid shaklda ziyorat qilganning oxiratdagi ahvoli xunuk bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabrlarni nima maqsadda ziyorat qilishni ta’limini berib, quyidagi hadisni marhamat qilganlar. عَنْ سُلَيْمَانَ بْنِ بُرَيْدَةَ، عَنْ أَبِيهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: قَدْ كُنْتُ نَهَيْتُكُمْ عَنْ زِيَارَةِ الْقُبُورِ فَقَدْ أُذِنَ لِمُحَمَّدٍ فِي زِيَارَةِ قَبْرِ أُمِّهِ فَزُورُوهَا، فَإِنَّهَا تُذَكِّرُ الْآخِرَةَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ وَاللَّفْظُ لِلتِّرْمِذِيِّ Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sizni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Batahqiq, Muhammadga onasini ziyorat qilishga izn bo‘ldi. Bas, u 
(qabr)larni ziyorat qiling. Chunki ular oxiratni eslatadi», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Lafz Termiziyniki.
Banda Allohga qaysi holatda eng yaqin bo‘lishini va qachon duo mustajob bo‘lishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَقْرَبُ مَا يَكُونُ الْعَبْدُ مِنْ رَبِّهِ وَهُوَ سَاجِدٌ، فَأَكْثِرُوا الدُّعَاءَ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bandaning Robbisiga eng yaqin payti u sajda qilganidadir. Bas, duoni ko‘paytiringlar», dedilar».
Sharh: 
Namoz bandaning o‘z Robbisi bilan yakkama-yakka munojotidir.
Namoz mo‘minning me’rojidir, u bandaning Allohning huzurida o‘zini eng xor va eng past tutgan holidir.
Sajda esa namozning bandalik eng ravshan namoyon bo‘lib, xorlik va zorlik zohir bo‘ladigan joyidir. Bandaning zorligi qanchalar oshsa, Allohga shunchalar yaqinlashadi. Shuning uchun ham banda sajdada Robbisiga eng yaqin holda bo‘ladi. Robbisiga yaqin turganda so‘ragani qabul bo‘lishi shundan. Shuning uchun ham sajdada ko‘proq duo qilish kerak.
Imom Muslim va Ahmadlar rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Ogoh bo‘lingkim, men ruku’da va sajdada turgan holimda Qur’on qiroat qilishdan nahyi qilindim. Ammo ruku’da Allohni ulug‘langlar, sajdada esa duo qilishga ijtihod qilinglar. Ijobat bo‘lishi aniqdir», deganlar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

5 May 2022, 23:18 | Savol-javoblar | 191 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar