Oyatdagi tafsir va taloq

Assalomu alaykum! 1. “Tafsiri Irfon” kitobining “Baqara” surasi 228 – oyatiga berilgan tafsirda Payg‘ambarimizdan xadis keltirilgan ( Qaysi Saxobiydan rivoyat bo‘lgani yozilmagan) Payg‘ambarimiz sallohu alayxi vassalama “ Qaysi bir ayol uzrli sababsiz eridan talog‘ini so‘rasa, unga Jannat xidi ham xarom bo‘ladi” – deb marxamt qilgan ekanlar. Shu ayolni eridan talog‘ini so‘rashga arzigulik uzurli sabablar nima bo‘lishi mumkun? 2. Yana shu oyatga berilgan tafsirda Rajiy taloqda agar ayolning iddasi chiqmasdan er fikrini o‘zgartirib, ayoliga “Seni nikoximda ushlab qoldim” desayu, ayol qaytishga rozilik bildirmasa va iddasi chiqib poklanguncha qarshilik qilib tursa unda qanday yo‘l tutiladi? Raj’iy taloq kichik bo‘yin taloqqa o‘tib qoladimi? 3. “Baqara” surasi 229 – oyatiga berilgan tafsirda (Imom Buxoriy rivoyat qilgan) – Tovus aytadi: “Er va xotin Alloh xar biriga farz kilgan xukmlarni bundan buyongi xayotida bajara olmaslikdan cho‘chisayu, lekin er xotiniga axmaqona gap qilmayotgan bo‘lsa, to xotin eriga: Men seni deb naxsdan g‘usl qilib o‘tirmayman” demagunicha xulu’ xalol bo‘lmaydi”. Bu rivoyatdagi “er xotiniga axmakona gap” va “naxsdan g‘usl qilib” jumlalarini tushuntirib bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Masalan shariat harom qilgan ishlarga buyurishi, nafaqasini bermasligi, er xotinlik ehtiyojlarini qondirmasligi, zulm qilishi va ayolning ibodatlariga qarshilik qilishlari kabilar erdan  taloqni so‘rashga sabab bo‘la oladi. 2). Idda chiqib ketishi bilan raj’iy boinga aylanadi. Avvalo raj’iy yoki boin tushganini aniqlash kerak. Buni hozirgi kunda ko‘pchilik ajrata olmaydi. Agar haqiqatan raj’iy taloq tushganini bilsa, iddasi chiqmagan bo‘lsa, majburan er o‘ziga qaytarib olishi ham mumkin. Ayolning qarshiligi e’tiborga olinmaydi. Buning uchun er o‘z ayoliga qiladigan ishlardan ushlash, o‘pish, quchog‘iga olish kabilar kifoya qiladi. 3). Shariatimizda xulu’ degan hukm bor. Ya’ni ayol eriga eri bergan mahrni yoki ma’lum bir mablag‘ni taklif qilib talog‘ini berishni so‘rashligiga aytiladi. Shu kabi holat qachon joiz bo‘ladi deyilsa, er o‘sha evazni olishi xotin eriga itoat qilmay “seni deb junublikdan g‘usl qilmayman” degan holatga kelganda joiz bo‘ladi. Ya’ni xotin shu ishlarni qilishdan bosh tortgan holatga kelganida. Er shariatga zid ishlarga buyurib, ahmaqona gaplarni gapirmagunicha xotinga ham taloq so‘rashi halol bo‘lmaydi. Shu holtga kelishsa ikkisi ham bir birlarining haqqida Allohning hududi, ya’ni buyurgan buyruqlarini qoyim qilolmayotgan holatga kelgan bo‘lishadi. Vallohu a’lam!

6 May 2022, 08:56 | Savol-javoblar | 153 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar