Ro‘zani tuz yoki suv bilan ochish shartmi?

Assalomu alaykum! Ko‘p odam ro‘za paytida og‘zini ochishga tuz, suv bilan ochish kerak deydi. Shu gap bormi yo ayollarning irim-sirimimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ سَلْمَانَ بْنِ عَامِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَفْطَرَ أَحَدُكُمْ فَلْيُفْطِرْ عَلَى تَمْرٍ فَإِنَّهُ بَرَكَةٌ، فَمَنْ لَمْ يَجِدْ فَلْيُفْطِرْ عَلَى مَاءٍ فَإِنَّهُ طَهُورٌ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ Salmon ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qachonki birortangiz iftor qilsa, og‘zini xurmo bilan ochsin. Chunki u barakadir. Kim topmasa, suv bilan ochsin. Chunki u poklovchidir», dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.
Sharh: Kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan insonning jismida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Shuning uchun iftor vaqti bo‘lganida og‘izni nima bilan ochish o‘ta ahamiyatlidir. Chunki ma’lum muddat davom etgan ochlikdan so‘ng birinchi tanovul qilinadigan narsaning organizmga ta’siri juda ham kattadir. Ana shu jihatdan xurmo yoki suv o‘ta muvofiq narsalar ekan.
Buni hozirgi zamon ilmi ham qattiq ta’kidlamoqda. Bu borada ilmiy tajribalar o‘tkazgan olimlarning ko‘pchiligi musulmon bo‘lmaganlari, xurmo daraxti o‘sadigan mintaqadan emasliklari uchun asosan suv bilan og‘iz ochish yaxshi ekanligini ta’kidlamoqdalar.
Biz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan holda og‘izni xurmo yoki suv bilan ochishga odatlanmog‘imiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:53 | Savol-javoblar | 161 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar